19:40 / 30.03.2018
5477

Qozog‘istonda kriptovalyutalar bilan bog‘liq faoliyat taqiqlanmoqchi

Foto: RIA Novosti / Yuliya Kislitsyna

Qozog‘iston milliy banki kriptovalyutalarni tartibga solish masalasiga konservativ munosabatda bo‘lib, ularning qozoq tangasiga sotib olinishi-sotilishini, birjalarning bu segmentda faoliyatini hamda mayningning har qanday turini taqiqlab qo‘ymoqchi. Bu haqda milliy bank rahbari Doniyor Akishev ma'lum qilgan.

Akishevning aytishicha, kriptovalyutalar ko‘plab muammolar keltirib chiqaradi, ulardan eng asosiysi ushbu xizmatlar iste'molchilari huquqlarining himoyasi hisoblanadi. “Biz milliy bozor bilan bog‘liq xatarlarni minimallashtiramiz, birorta markaziy bankda bu bozorni transchegaraviy bozorda boshqarish uchun to‘liq funksional bo‘lmasa kerak. Shu sababli, eng kamida, biz bu xatarni milliy valyuta orqali qisqartirishimiz lozim”, deb aytgan Akishev.  

Uning ta'kidlashicha, yana bitta katta xatar – kriptovalyutalarni noqonuniy harakatlarni amalga oshirish uchun qo‘llash imkoni. “Kriptovalyutalar pul yuvish va soliqdan qochish uchun ideal vositadir”, deb tushuntirdi Akishev.

Akishevning qo‘shimcha qilishicha, markaziy bankning kriptovalyutalar borasidagi qat'iy pozitsiyasi Qozog‘istonning aksariyat davlat idoralari tomonidan qo‘llab-quvvatlanmoqda. 

Mavzuga oid
Top