Sport | 15:40 / 30.03.2018
13219
10 daqiqa o‘qiladi

Mundialni kutib. Tanishtiruv: Islandiya

«Tribuna.Uz» sayti 2018 yilgi jahon chempionati ishtirokchilarini tanishtirishda davom etadi. Bugun e'tiboringizni Islandiyaga qaratamiz.

ISLANDIYa:
Mustaqilligi: 1 dekabr 1918 yil
Rasmiy tili: island tili
Poytaxti: Reykyavik
Boshqaruv tizimi: Parlament respublikasi
Aholisi: 322 ming (dunyoda 172-o‘rin)
Valyuta: island kronasi

TeRMA JAMOA:

Foto: XSPORT.ua

Laqabi: «Bizning yigitlar»
Konfederatsiya: UYeFA
Bosh murabbiy: Xaymir Xadlgrimsson
Jamoa sardori: Aron Gunnarson
Eng ko‘p o‘yin o‘tkazgan: Runar Kristinson (104)
Eng ko‘p gol urgan: Eydur Gudyonsen (26)
FIFA reytingidagi o‘rni: 18 (15 mart holatiga)
Eng yirik g‘alabasi: Malta - 5:0 (2000)
Eng yirik mag‘lubiyati: Daniya - 2:14 (1967)
Yevropa chempionati: Chorak final (2016)
Jahon chempionati: Ilk marta qatnashadi

So‘nggi ikki yilda Islandiya haqida gapirmagan odam qolmagan bo‘lsa kerak. Futboldagi muvaffaqiyatlarni mamlakat salohiyati, aholisi va boshqa ustunliklari bilan bog‘laydigan tahlilchilarning tillari kishanlandi, aholi soni bo‘yicha O‘zbekistonning o‘rtacha tumaniga yaqin bo‘lgan Islandiya Yevropaning eng kuchli sakkiz jamoasidan biriga aylandi, dunyo terma jamoalar reytingizda 18-o‘ringa ko‘tarildi. Bunday natijalarga qanday erishilgani haqida quyida o‘qiysiz.

TARIXI
Islandiya 2016 yilgi Yevropa chempionatigacha hech qachon biror yirik turnirning final bosqichiga chiqa olmagandi. Nisbatan olganda ular uchun eng muvaffaqiyatli saralash bosqichi Yevro-2004 da sodir bo‘lgandi. O‘shanda Asgeyr Sigurvinsson shogirdlari so‘nggi turda hatto guruh g‘olibligi uchun imkoniyatni saqlab turishgandi. Ammo buning uchun Islandiya nemislarni yutishi lozim va o‘z navbatida Shotlandiya terma jamoasi g‘alaba qozona olmasligi shart edi. Germaniya qahramonlarimiz ustidan 3:0 hisobida g‘alaba qozonib, guruh g‘olibi bo‘ldi, parallel o‘yinda esa, Shotlandiyaning Litva ustidan g‘alabasi Islandiyani guruhda uchinchi o‘ringa tushirib yubordi. O‘sha siklda JCh finalchisi Germaniya bilan Reykyavikdagi 0:0 hisobi butun Islandiya uchun haqiqiy bayram bo‘lib ketgandi.

Ammo Islandiya tarixida bundan ham qadrliroq 0:0 bor. To‘g‘ri, raqib Qozog‘iston edi, lekin 2015 yilning 6 sentabridagi bu durang Islandiyani saralash guruhi g‘olibiga aylantirgan va tarixida ilk bor Yevropa chempionatida qatnashish huquqini bergandi.

Bunday katta muvaffaqiyatning sababini turnirdagi ishtirokchilar sonini oshishi bilan bog‘lagan ko‘pchilik o‘tgan mana shu ikki yil ichida ikki marta tillarini tishlashdi. Birinchisi, islandlar Fransiya maydonlarida ham yurishni davom ettirib, hatto Angliya ustidan g‘alaba qozonganlarida sodir bo‘lgandi, ikkinchisi esa, xuddi shu islandlarning endi bu safar Jahon chempionati saralash bahslarini ham muvaffaqiyatli bosib o‘tganlarida ro‘y berdi - Xorvatiya, Ukraina, Turkiya kabi kuchli terma jamoalardan iborat guruhda Islandiya 10 uchrashuvning 7tasida g‘alaba qozondi va yana guruh g‘olibi bo‘ldi.   

Aslida, to‘rt yil oldin ham Islandiya yo‘llanmaga yaqin kelgandi. Esingizda bo‘lsa, o‘shanda Lars Lagerbek qo‘l ostida harakat qilgan jamoa saralashning pley-off bosqichigacha borgan va u yerda xorvatlardan ikki o‘yin natijasiga ko‘ra mag‘lub bo‘lishgandi.

SPORTDAGI MUVAFFAQIYaTNING GAROVI - SOG‘LOM TURMUSh TARZI. YoKI TeSKARISI

Foto: worldcup2018.me

Yigirma yil oldin Islandiyada futbolni rivojlantirish loyihasi ishga tushirildi. Bu loyiha professional klublarga pul tikish yoki turli balandparvoz xaridlar bilan emas, bolalar futboliga bo‘lgan munosabatni tubdan o‘zgartirish orqali yo‘lga tushishni ko‘zda tutardi (Islandiya ligasidagi ahvol o‘sha-o‘sha o‘zgarmagan, kamtarona, masalan, terma jamoa murabbiyi Xadlrimson yarim stavka stomatolog bo‘lish ishlaydi).

Bir qaraganda bu dasturda hayratlanarli hech narsa yo‘q:

1) Turli futbol manejlari va sun'iy qoplamali ochiq va yopiq maydonlar qurish. Endilikda kichkinagina Islandiyada 10dan ortiq o‘ziga xos «Futbol uylari» mavjud bo‘lib, turli mavsumlarda ham o‘ynash mumkin bo‘lgan 30ta yopiq maydonlar va 150ta sun'iy qoplamali stadionlar bor. Son jihatdan majmualar soni besh barobardan ko‘proq miqdorda oshgan. 

2) Murabbiylarni tayyorlash uchun investitsiyalar. 2000-yillar boshida futbolchilarni asosan otalari shug‘ullantirar edi, endi esa, 10 yoshli bolaga murabbiylik qilish uchun A va V litsenziyalari talab qilinadi. Hozirda mamlakatda 848 nafar mana shunday malakadagi murabbiylar bor. Ya'ni har 389 nafar islandiyalikka bir nafar yuqori toifali futbol murabbiyi to‘g‘ri keladi. Taqqoslash uchun, Angliyada har 5 ming kishiga bir nafar UYeFA litsenziyasidagi murabbiy to‘g‘ri keladi.

Shu davrda mamlakatning umumiy ijtimoiy holati ham, sportga bo‘lgan munosabati ham keskin o‘zgargan. Oddiy misol, 2016 yilda Islandiyadagi spirtli ichimlik ichuvchi o‘smirlar nisbati 42 foizdan 5 foizga, chekuvchilar 23 foizdan 3 foizga tushgan. Haftada kamida to‘rt mahal sport bilan muntazam shug‘ullanadigan yoshlar soni 24 foizdan 42 foizgacha ko‘tarildi. Bu raqamlar mamlakatda sport sohasidagi muvaffaqiyatlar sog‘lom turmush tarzining o‘sishiga qay darajada ta'sir eta olishini ham isbotlaydi.

BUGUNGI ISLANDIYa

Foto: Getty Images 

Terma jamoa murabbiyi Xaymir Xadlgrimsson hisoblanadi. U 2011 yildan buyon jamoa bilan birga. Sherik bilan ishlashni yoqtiradigan Lars Lagerbekning yordamchisi bo‘lib ishlagan Xaymirning Yevro-2016 dagi muvaffaqiyatlarda ham hissasi katta. O‘tgan yilning boshlarida Lagerbekka Norvegiya terma jamoasidan taklif tushdi va shvetsiyalik mutaxassis Islandiyani tark etdi. Boshqaruvni o‘z qo‘liga olgan Xadlgrimsson esa, belgilangan yo‘ldan og‘ishmay, terma jamoaning saralash guruhidagi muvaffaqiyatini davom ettirdi.

Islandiyaning kichik mamlakat ekani va yana turli statistik raqamlar internetda ko‘p aylanib yuradi, ammo terma jamoa futbolchilarini Andorra yoki Lyuksemburg kabi yarim professionallardan iborat deb tushunmaslik kerak, albatta. Terma jamoaning 5 futbolchisi Fransiya, Niderlandiya, Rossiya kabi o‘ziga yarasha kuchli chempionatlarda, yana to‘rt vakili esa, Chempionshipda to‘p suradi.

Gulfi Sigurdsson / The Independent

Albatta, bu o‘rinda hatto APL darajasida ham taniqli yulduz bo‘lgan Gulfi Sigurdssonni eslash lozim, afsuski, uning chempionatda qatnashishi so‘roq ostida qolgan. Sigurdsson tizza mushaklaridan og‘ir jarohat oldi va hatto suyak singan bo‘lishi taxminlari ham bor. Yarim himoyachi mavsumning so‘nggi qismida maydonga tusha olmaydi va katta ehtimol bilan mundialga ham tayyor bo‘la olmasligi mumkin. Shunday bo‘lsada, butun Islandiya yetakchi futbolchining tiklanishiga, yuksak sport formasida bo‘lmasa-da. ruhan jamoa bilan birga bo‘lishiga umid bildirmoqda.

E'TIBOR BeRISh KeRAK: KOLBeYN SIGTORSSON

Foto: Nant

Sigurdsson yo‘qligida terma jamoaning asosiy goleador hujumchisi bo‘lgan Kolbeyn Sigtorssonning zimmasiga kattaroq mas'uliyat tushadi. O‘z vaqtida «Real» va «Arsenal» kabi top klublarning nazariga tushgan 28 yoshli futbolchi hozirda Fransiyaning «Nant» klubi hujumchisi hisoblanadi. Terma jamoa safida 2010 yildan beri o‘ynab kelmoqda va u Eydur Gudyonsendan so‘ng, Islandiya terma jamoasi safida 20dan ortiq gol ura olgan ikkinchi futbolchi hisoblanadi.

Aynan Kolbeyn Yevropa chempionatida Angliya terma jamoasi darvozasiga hal qiluvchi ikkinchi golni urgandi va islandiyaliklar o‘sha gol hujumchining so‘nggi muhim goli bo‘lib qolmasligiga ishonadi.

Shuningdek, Alfered Finnbogason, Yevropa futbolini yaqindan kuzatadigan muxlislar uchun yaqinroq tanish, ammo u so‘nggi yilda o‘z formasini yo‘qotib qo‘ydi va terma jamoaga kam jalb etilmoqda. Aytish mumkinki, Islandiya jahon chempionatiga o‘z darajasida yaxshi, sifatli hujumchilar bilan tashrif buyuradi.

JCh-2018

© RIA Novosti

Islandiya musobaqada anchagina kuchli guruhga tushib qoldi. Argentina, Nigeriyadan tashqari, Xorvatiya ham bor. To‘g‘ri, saralash guruhida islandlar aynan xorvatlarni ortda qoldirishdi, ammo bunday turnirlar uchun bolqonliklarda tajriba kattaroq ekani shubhasiz.

Islandiya ilk o‘yinini 16 iyun kuni Messi jamoadoshlariga qarshi o‘tkazadi. Uchrashuv Moskvada bo‘ladi. Ikkinchi o‘yin Volgogradda Nigeriya bilan 22 iyun kuni, to‘rt kun o‘tib esa, Rostovda ikki Yevropa vakili pley-off yo‘llanmasi taqdirini hal qiladi. Qizig‘i, so‘nggi tur o‘yini bo‘lib o‘tadigan Rostov shahri jamoasida islandiyalik uch futbolchi - Ragnar Sigurdson, Ingi Ingason va Begman Sigurdarson to‘p suradi. Demak, hal qiluvchi o‘yinda stadion aynan qaysi jamoaga yon bosishini taxmin qilish oson.

Q.Aslanov tayyorladi

Mavzuga oid