Jahon | 21:10 / 01.04.2018
11918
2 daqiqa o‘qiladi

Netanyahu Turkiyani Isroilga «axloqdan dars bermaslik»ka chaqirdi

Foto: © RIA Novosti

Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu Turkiya tomonining G‘azoda falastinlik namoyishchilarga kuch qo‘llanishi bo‘yicha aybloviga munosabat bildirdi. Uning aytishicha, Anqaradagilar «dunyodagi eng axloqli armiya»ga odobdan dars berishga haqli emas.

Turkiya isroillik harbiylarni juma kuni G‘azo sektoridagi tartibsizliklar vaqtida namoyishchilarshga o‘t ochishda ayblagandi. G‘azo sektori va Isroil chegarasida falastinlik namoyishchilar va Isroil armiyasi hamda politsiyachilar o‘rtasida yuzaga kelgan to‘qnashuvlar oqibatida 16 kishi halok bo‘lib, 1,5 mingdan ortiq kishi yaralangandi.

«Dunyodagi eng odobli armiyaga ko‘p yillar davomida tinch aholini bombardimon qilib kelayotganlar axloqdan dars o‘tishga haqli emas», deyilgan Netanyahuning bayonotida.

«Ko‘rinishidan, Anqara 1 aprel kuni hazil qilmoqda», deya qo‘shimcha qilgan u.

Turkiya Tashqi ishlar vazirligi juma kuni «tinch namoyishchilarga qarshi qurol qo‘llangani»ni iddao etib, Isroildan zudlik bilan bunga barham berishni so‘ragandi. Keyinroq Turkiya prezidenti bu holatni isroilliklarning «noinsoniy hujumi» deb atadi.

Isroil harbiylari minglab kishilardan iborat namoyishni to‘xtatish uchun o‘tochar qurollar qo‘llanganini tan oldi, buni ular davlat chegaralarini qo‘riqlash zarurati bilan izohlashdi va qon to‘kilishi uchun anklav rahbariyatini aybladi.

Isroil armiyasidagilarning ma'lum qilishicha, juma kungi namoyishlarda 30 mingdan ortiq kishi ishtirok etdi. Isroillik harbiylar namoyishchilar 18-30 yoshlar oralig‘ida bo‘lgani va ularning aksar qismi mahalliy jangari guruhlar vakillari bo‘lganiga e'tibor qaratishdi.

Mavzuga oid