Jahon | 22:34 / 24.03.2026
1868
7 daqiqa o‘qiladi

G‘azoda 18 oylik bolaning oyog‘iga sigaret bosib qiynashdi

Bugun sizlarga shu kunlarda G‘azoda sodir bo‘lgan dahshatli urush jinoyati haqida aytib bermoqchiman. Bu ma’lumotni sizga yetkazishdan avval haqqoniyligini imkoni bo‘lgan barcha manbalardan tekshirib ko‘rdim.

G‘azolik Osama Abu Nosir transport harakati deyarli imkonsiz bo‘lib qolgan G‘azoda ot bilan kirakashlik qilib, oila boqardi. Oti o‘lib qolgach, tushkunlikka tushib qolgan Osama bir kuni bir yarim yoshli o‘g‘lini ko‘tarib do‘konga chiqqanda unga qarata o‘q uzishadi. Qochoqlar lageri yaqinida Abu Nosir va o‘g‘li isroillik harbiylar tomonidan qo‘lga olinadi.

Harbiylar yigitdan bolasini yerga qo‘yib, eng yaqin blokpostga borishni talab qiladi. U yerda yigitni yechintirib, so‘roq qilishadi. Biroq Osama isroillik harbiylar istagan ko‘rsatmani berishdan bosh tortadi. Shunda uning oldiga bir yarim yoshli o‘g‘lini olib kelib qiynashadi. Bir yarim yashar bolaning oyog‘iga sigaret bosib, mix tiqishadi. Shu tariqa ko‘z o‘ngida bolasi chirqirab yig‘layotgan yigitdan iqror ko‘rsatmasi olishadi...

Bolani 10 soat davomida ushlab turgach, xalqaro tashkilotlar orqali oilasiga qaytarib, otasini qamoqqa olishadi. Hozir uning holati haqida hech qanday ma’lumot yo‘q.

Bolaning onasi falastinlik jurnalistlarga uning oyoqlaridagi jarohat izlarini ko‘rsatgan. Videoda bolaning ikki oyog‘iga sigareta bosilgani izlari yaqqol ko‘ringan. Shuningdek, mix tiqilgan joyida ham ko‘karish inkor qilib bo‘lmas darajada ko‘ringan. Bola onasi jarohatlarini ko‘rsatayotganda chirillab yig‘lab qolgan.

Xalqaro huquq faollari bu holatni befarq qoldirib bo‘lmaydi deb aytmoqda. Bolaning onasi eri qaytishidan umidvor, chunki u ham davolanayotgan bo‘lgan. Holat videosi hali ko‘p nashrlarda tarqamadi, lekin ijtimoiy tarmoqlarda videoni ko‘rganlar hayratini, ko‘plar g‘azabini yashira olmagan. Al Jazeera bu bola haqida bugun reportaj e’lon qilganiga qaraganda, holat shu kunlarda sodir bo‘lgan. Jarohat izlari yangiligi ham buni tasdiqlaydi. Darvoqe, bolaning oyog‘iga sigareta bosilgani va mix tiqilgani tibbiy xulosalarda tasdiqlangan.

Bolalarga qarshi kuch ishlatish, ularni qiynash, bu yordamida bolaning ota-onasidan ko‘rsatma olish... eng qonli urushda ham bunaqa qilish mumkin emas. Urush boshlashning o‘zi jinoyat, qabihlik, lekin o‘sha mash’um urushda ham qoida bor. Dunyo aqli noqis jinoyatchilar boshlaydigan urushda imkon qadar kamroq tinch aholi o‘lishi uchun urush qoidalari ishlab chiqqan. Urushda bolalarni qiynashning nomi urush jinoyati deyiladi. Ruhiy kasal odamlargina bolaning oyog‘iga sigareta bosishi mumkin.

Jasad izlab odam o‘ldirishdi

Endi sal avvalroq Livanda sodir bo‘lgan yana bir voqeani esga olamiz. Urush boshlangach, yaqinda «qo‘lidagi barmog‘i hamon beshta ekanini aytib chiqqan» Binyamin Netanyahu do‘sti Tramp Eronni bombalayotganidan foydalanib yana Livanga bostirib kirdi. Biz bir necha oy avval Netanyahu endi qamalmaslik uchun qo‘shni davlatlarga urush ochaveradi degandik, shunday bo‘lyapti.

Esingizda bo‘lsa, «qo‘lidagi stakanni ko‘ndalang ushlasa ham qahvasi to‘kilib ketmaydigan» tovarish Netanyahu o‘tgan yil «Hizbulloh» yakson qilinganini aytib, g‘alaba e’lon qilgandi. Lekin Epshteyn fayllarida nomi eng ko‘p tilga olingan do‘sti Tramp Eronga hujum qila boshlagach, yana Livanga bostirib kirdi. Shunday bosqinlardan birida Isroil bosqinchi armiyasi Nabi-Shit shahrida 40 yil avval bedarak yo‘qolgan isroillik harbiy uchuvchi Rod Aradning jasadini qidirib, reyd o‘tkazdi.

Reyd davomida isroilliklar shaharga bostirib kirgani yetmagandek, 40 ta aviazarba yo‘llagan, xuddi uchuvchisi yo‘qolgan har yil uchun bittadan raketa otganday. Mahalliy aholi va «Hizbulloh» zobitlari isroilliklarga jiddiy qarshilik ko‘rsatadi. Reyd davomida shahardagi qabristonda bir chuqur paydo bo‘ladi, shunda mahalliy aholi bu 40 yil avval g‘oyib bo‘lgan uchuvchining jasad qoldiqlarini izlash reydi bo‘lganini tushunib yetadi.

Lekin isroillik harbiylar maqsadiga yetmaydi. Eng dahshati isroilliklar 40 yil oldin bedarak yo‘qolgan uchuvchi jasad qoldiqlarini qidirish paytida o‘nlab uylarni vayron qilib, kamida 41 kishini o‘ldiradi. Hatto uchuvchining bevasi ham bunaqa qilib erining jasadini topishlari kerak emasligini aytib chiqdi. Kimningdir jasad qoldiqlarini qidirib tiriklarni o‘ldirish – hali bu uchuvchi asir tushganda tug‘ilmagan odamlarni o‘ldirishning nomi ham urush jinoyati deyiladi.

Endi bu ikki hodisa misolida xulosa qilsak. Yahudiylarning o‘liklarga munosabati sir emas, ular o‘z millatidagi jasadlarni ham qadrlashadi, «hammadan a’lo» deb bilishadi. Xo‘p, siz absurd iddaoga ko‘ra o‘zingizni boshqalardan yaxshiroq deb hisoblarkansiz, lekin sizning jasadlaringiz ham tiriklardan ustunmi?

O‘zidan boshqa millatdagilarni bepisand qilish, ulardan gap olish uchun bolalari oyog‘iga olov bosish, jasad izlab tiriklarni ayovsiz o‘ldirish... Buning nomini millatchilik, haddan oshish deyishadi. Buni ham sizga Xudo va’da qilganmi? Axir siz har jinoyatingizni oqlash uchun «Bu yerlarni bizga Xudo va’da qilgan» deyishni yaxshi ko‘rasiz-ku. Yo‘q, hazrati Muso alayhissalomga bunday buyruq tushmagan. Anig‘i shuki, bunaqa haddan oshish yaxshilik bilan tugamaydi. Bunga tarix guvoh. Dunyoga gapini o‘tkazishga uringan manmanlarning bugun gul qo‘yadigan qabri ham yo‘q!

Ўткир Жалолхонов
Muallif Ўткир Жалолхонов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid