O‘zbekiston | 17:54 / 12.04.2018
9886
3 daqiqa o‘qiladi

Ayrim faoliyat turlarini litsenziyalash Vazirlar Mahkamasidan davlat organlariga o‘tkazildi

Foto: KUN.UZ

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev «Tadbirkorlik faoliyati sohasidagi litsenziyalash va ruxsat berish tartib-taomillarini yanada qisqartirish va soddalashtirish, shuningdek biznes yuritish sharoitlarini yaxshilash chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi farmonni imzoladi.

Farmonning 4-ilovasida 2018 yil 1 iyunidan litsenziyalashtirilishi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasidan tegishli davlat organlariga o‘tkaziladigan faoliyatining ayrim litsenziyalashtiriladigan turlari keltirilgan.

Jumladan:

  • neft, gaz va gaz kondensatini qazib olishni litsenziyalashtirish — «O‘zdavneftgaznazorat» Davlat inspeksiyasiga;
  • pirotexnika mahsulotlarini (harbiy maqsadlardagi mahsulotlardan tashqari) yaratish, ishlab chiqarish, bir joydan ikkinchi joyga ko‘chirish, saqlash, realizatsiya qilish, foydalanish, yo‘q qilish va utillashtirish — Ichki ishlar vazirligiga;
  • neft mahsulotlari (avtobenzin, aviabenzin, ekstrabenzin, dizel yoqilg‘isi, aviakerosin, mazut, pech yoqilg‘isi, neftebitum, shuningdek, texnik yog‘lar va moylash materiallari) zavod qadog‘iga solinganlaridan istisno etilganda (neft avtomobillarga yoqilg‘i quyish shoxobchalari va moy almashtirish punktlarida realizatsiya qilinadigan neft mahsulotlardan tashqari) ni realizatsiya qilish — «O‘zdavneftgaznazorat» Davlat inspeksiyasiga;
  • magistral gaz o‘tkazish quvurlari, neft o‘tkazish quvurlari va neft mahsulotlari o‘tkazish quvurlarini loyihalashtirish, qurish, ekspluatatsiya qilish va ta'mirlash — «O‘zdavneftgaznazorat» Davlat inspeksiyasiga;
  • geodezik va kartografik faoliyat — Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri bo‘yicha davlat qo‘mitasiga;
  • noshirlik faoliyati — O‘zbekiston matbuot va axborot agentligiga;
  • portlovchi va zaharli moddalar va ular ishtirok etgan materiallar, shuningdek, portlatish vositalarini yaratish, ishlab chiqarish, bir joydan ikkinchi joyga ko‘chirish, saqlash, realizatsiya qilish — «Sanoatgeokontexnazorat» davlat inspeksiyasiga;
  • ionlashtiruvchi nurlanish manbalarini aylantirish sohasidagi faoliyat — «Sanoatgeokontexnazorat» davlat inspeksiyasiga;
  • qimmatbaho va nodir metallar, qimmatbaho toshlarni qazib olish — «Sanoatgeokontexnazorat» davlat inspeksiyasiga beriladi.

Mavzuga oid