Qozog‘iston nashrida O‘zbekistonga sayohat qilishga doir tavsiyalar berildi
Bahorgi ta'tildan keyin "Kaznet" Toshkent, Samarqand va Buxoro shaharlarining suratlari bilan to‘lib ketdi – bu go‘yoki qozog‘istonliklar ommaviy ravishda qo‘shni davlat tomon harakat qilayotgandek tasavvur uyg‘otadi. Qozog‘istonning Comode nashri O‘zbekistonga sayohat qilishga qaror qilgan qozog‘istonliklar nimalarni bilishlari kerakligiga doir tavsiyalari bilan bo‘lishdi.
1. Barcha qadimiy shaharlar: Buxoro, Samarqand va Xivani batafsil o‘rganib chiqish uchun kerakli muddat 10 kunni tashkil qiladi. Dasturni biroz ixchamlashtirib, bir haftalik sayohatga chiqish mumkin. Bundan kami kam, chunki parvoz va yo‘l ham ancha vaqt oladi. Muqobil variant – shaharlarning biridan voz kechish va uni kelgusi sayohatga qoldirish yoki hamma joyni yugurib, ko‘zdan kechirib chiqish.
2. Sayohatni bir-ikki oy oldin rejalashtirgan ma'qul. O‘zbekistonga butun dunyodan sayyohlar oqimi keladi, shu bois sayohatingizni qancha erta rejalashtirsangiz, shuncha yaxshi. Shunda yashash joyi, ekskursiyalar, gidlar va harakatlanish bo‘yicha tanlov kattaroq bo‘ladi. O‘zbekistonda eng sayohatbop mavsumlar - aprel-may va sentabr-oktabr. Qolgan oylarda - nisbatan kamroq, lekin baribir har qadamda sayyohlarni ko‘rishingiz mumkin.
3. Toshkent shahrigacha poyezd yoki samolyotda yetib olish mumkin. Deyarli har kuni Olmaotadan Toshkentga AirAstana va "O‘zbekiston havo yo‘llari" samolyotlari parvoz qiladi. Chipta bahosi taxminan bir maromda - ekonom-toifa 70 000 tengedan boshlanadi, parvoz 1,5 soat davom etadi, chiptalarni internet orqali yoki aviakompaniyalar kassalarida sotib olish mumkin. Poyezd narxi - 9 ming tenge va undan yuqori. Poyezdda harakatlanish vaqti - 17 soat, chiptalarni sayyohlik agentliklari saytlarida xarid qilish mumkin. Sizning tanlovingiz harakatlanishning qaysi usuli sizga ko‘proq to‘g‘ri kelishiga bog‘liq.
4. O‘zbekiston chegaralari (ham havo, ham quruqlikda) to‘liq tartibga keltirildi. Xizmatlar tezroq ishlamoqda, avvalgidek uzoq ushlanib qolish holatlari yo‘q. Formadagi xodimlar sayyohlar bilan xushmuomala.
5. O‘zbekistonda eng befoyda narsa - hamyon. Sizning mamlakatga olib kirgan bir necha yuz dollaringiz milliy valyutaga almashtirilganidan keyin hamyonga sig‘masligi aniq, poyabzal qutisi esa - ayni muddao. Shuning uchun borishingiz bilan bor pulingizni to‘liq almashtirishga shoshilmang, hamma joyda kurs deyarli bir xil. Aksariyat joylarda to‘lovlarni karta orqali amalga oshirish mumkin, lekin ko‘proq naqd pul maqsadga muvofiq. O‘zbekistonga deklaratsiyasiz (kishi boshiga) 2000 dollargacha olib kirish mumkin. Bundan ortig‘ini deklaratsiyaga kiritish kerak bo‘ladi.
6. Toshkent shahrining asosiy diqqatga sazovor joylarini tezda tomosha qilish uchun bir kun yetadi. Agar vaqtingiz bemalol bo‘lsa, ikki kunni mo‘ljallash mumkin. O‘zbekiston poytaxti bilan tanishish usullaridan biri - CityBus'ga o‘tirib, shaharni aylanish (bir kishi uchun 10 dollar). U bir necha soat ichida shaharning barcha turistik nuqtalarini aylanib chiqadi, har bir obekt oldida 15-20 daqiqaga to‘xtaladi. Hazrati Imom, Minor masjidi, teleminora (94 metrdan shaharni tomosha qilish imkoni), "Shahidlar xotirasi" memoriy majmuasi, "Chorsu" bozori va boshqa obektlar shular jumlasidandir. Alisher Navoiy milliy bog‘i, Amir Temur xiyoboni, Uspenskiy ibodatxonasi, Knyaz Romanov saroyi kabilar - yana bir alohida dastur. Bu Toshkentga ikki kun ajratishga qaror qilganlar uchun.
7. Toshkentda Yevropaning barcha talablariga javob beruvchi qimmatbaho mehmonxonalarida (ikki kishilik nomerlar 80 dollardan boshlanadi) ham, sayyohlar uchun maxsus mo‘ljallangan gestxauslarga (bu yerda narxlar 10 dollardan boshlanadi) ham joylashish mumkin. O‘zbekistonda arzon narsa deyarli hech qachon sifatsiz ekanini bildirmaydi. Ha, gestxauslarda fitnes-klub va shveysar bo‘lmaydi, biroq xushmuomala xodimlar, toza choyshab, internet va uzumli ishkomga ega qulaygina hovlida o‘tirib, shveysariyalik yoki fransiyalik sayyohlarni uchratishingiz mumkin.
8. "Chorsu" yoki boshqa bir o‘zbek bozoridan biror nima sotib olayotganingizda albatta savdolashing. Sotuvchi aytgan narxda indamay olsangiz, u sizga ajablanib qarab qo‘yishi mumkin. Bu savdogarlarning pul ishlash istagi yo‘qligidan emas, shunchaki - bu bozor haqidagi tasavvurning muhim bir qismi va siz bunda qatnashishingiz kerak.
9. Toshkentda (va umuman O‘zbekistonning barcha shaharlarida) shunchaki yoki bemaza tushlik qilib bo‘lmaydi. Biroq tushlik yoki kechki ovqat sizning talablaringizga to‘liq javob beradigan joylardan - "Karavan-grupp" yoki "SalSal" restoranlari, arzonroq joylardan - "Milliy taomlar" yoki "Bek" kafelari tarmoqlari. Agar bunday ro‘yxatingiz bo‘lmasa, istagan taksi haydovchisi bilan maslahatlashishingiz mumkin. U sizni o‘zi tushlik qiladigan choyxonaga olib boradi va siz bundan hech ham afsuslanmaysiz!
10. Sayohatimizning ikkinchi nuqtasi - Samarqand. Toshkentdan Samarqandga tezyurar "Afrosiyob" poyezdida yo‘l olasiz. Ularga oldindan buyurtma berish kerak, internet-sotuvlar esa yo‘q. Masalan, agar siz O‘zbekistonga yanvar oyi oxirida yoki iyul-avgustda borayotgan bo‘lsangiz, chiptalarni vokzal kassalarida xarid qilishingiz mumkin. Shunday bo‘lsa-da, baribir chiptasiz qolish xavfi yuqori: sayohatingiz sanasi qandaydir bayram yoki ilmiy anjumanga to‘g‘ri kelishi mumkin, bunday vaziyatlarda ham chipta topish muammo bo‘ladi. Xotirjam sayohat qilay desangiz, chiptalar xaridini turfirmaga yoki toshkentlik do‘stlaringizga topshiring.
11. O‘zbekistondagi turfirmalar o‘z xizmatlari uchun 5 foizdan 15 foizgacha olishadi. O‘zingiz qaror qiling - sizga uchrashuvlar, valyuta ayirboshlash joylari tanloviga doir maslahatlar, to‘g‘ri ishlangan marshrut, poyezd va samolyotlarga oldindan xarid qilingan chiptalar, u yoki bu yo‘nalishlar bo‘yicha gid xizmatlari kerak bo‘lsa, turfirmalarga murojaat qilgan ma'qul.
12. Ko‘rishni mo‘ljallayotgan obektingiz haqidagi ma'lumotlarni internetdan olishingiz mumkin. Biroq shunday shaharlar borki, ularda gidsiz sayohat qilib bo‘lmaydi. O‘zbekistondagi gidlar - old school, ya'ni eski maktab odamlari. Ular qadimiy toshlar va devorlar, odamlar haqida shunday qiziq va hurmat bilan so‘zlab berishadiki, naqadar berilib tinglayotganingizni o‘zingiz sezmay qolasiz. Biroq vokzalning o‘zidanoq gid topishga umid qilmang. Agar siz gid bilan sayohat qilishni ma'qul ko‘rsangiz, ekskursiyaga turfirma orqali buyurtma berganingiz yaxshi.
13. Samarqandga qaytamiz. Toshkentdan Samarqandga olib boruvchi poyezd ikki yarim soat harakatlanadi. Kuni bo‘yi shaharni tomosha qilib, kechqurun Toshkentga qaytish yoki Buxoroga yo‘l olish mumkin. Biroq Samarqand tunab qolishga arzigulik shahar: tungi Registon - juda chiroyli manzara kasb etadi! Samarqandda gid bilan harakatlanish kerak, chunki bu yerda tarixiy maskanlar juda ko‘p. Shu bilan birga, u yerda eng yangi tarix bilan bog‘liq joylar ham talaygina.
14. Samarqandga uch kun ajratib, uning tarixiga chuqurroq kirib borsangiz, hech ham afsuslanmaysiz. Masalan, siz "Meros" qog‘oz fabrikasida bo‘lishingiz mumkin. Butun Buyuk Ipak yo‘lida mashhur Samarqand yozuv qog‘ozi bu yerda qadimiy davr texnologiyasida ishlab chiqariladi, siz uni tayyorlashga doir mahorat darsida ishtirok etishingiz mumkin. Samarqandda shuningdek palov tayyorlash bo‘yicha mahorat darslari ham mavjud. Yodingizda bo‘lsin: samarqandcha palov toshkentchasidan butunlay farq qiladi.
15. Samarqandda lo‘lilarni uchratishingiz mumkin - o‘zbeklar sadaqa so‘rab yuruvchilarni shunday atashadi. Ular xavfli emas, biroq juda "xira". Ulardan qochib qolish yo‘li haqida o‘zingiz o‘ylang, lekin ular sayyohlarga yoqmasliklarini bilishadi va qanday muomala qilsangiz ham xafa bo‘lishmaydi. Toshkentda lo‘lilar ko‘rinmaydi, Samarqand va Buxoroda esa hali ham ularni uchratishingiz mumkin.
16. Samarqanddan Buxoroga poyezd ikki soat harakatlanadi. Buxoroda kamida ikki kun o‘tkazish kerak. Bir kun - shahar bo‘ylab ekskursiya: minoralar, masjidlar, madrasalar, maqbaralar, Ark qal'asi va Chor-Minor. Bularning baridan boshingiz aylanib ketadi. Ikkinchi kun - shahardan tashqaridagi obektlar: Buxoro amirining "Sitorai Mohi-Xosa" yozgi qarorgohi, Chor-Bakr, qadimiy shaharlar. Va albatta, Sharq bozori - usiz iloj yo‘q. Xivadan Toshkentga qaytish kerak. Imkon bo‘lsa, samolyotda.
17. Xivadan Buxoroga samolyotda yetib olgan ma'qul, haftasiga ikki marta Urganchga reys qatnaydi. Chipta narxi 50 dollar atrofida, Urganch aeroportidan Xivagacha taksida 20 daqiqada yetib olish mumkin. Aviachiptani O‘zbekistondagi turfirmalarga buyurtma qilish kerak. Mehmonxonani Xivaning o‘zidan band qilgan ma'qul - Ichan qal'a yoki uning yonida, chunki u yerda yashab ko‘rish juda ajoyib, o‘zingizni xuddi ertakdagidek his qilasiz.
18. Xivada suv bilan bog‘liq muammolar bo‘ladi, biroq ba'zi mehmonxonalar sayyohlar qulayligini qat'iy nazorat qiladi va u yerda nosozliklar bo‘lmaydi. Mehmonxonani band qilayotganingizda shu jihatlarini e'tiborga oling. Ichan-qal'aga kirish chiptasi darvoza oldida sotiladi, u ushbu obida ichidagi barcha muzey obektlarini ko‘zdan kechirish imkonini beradi. Gid bo‘lishi maqsadga muvofiq, chunki bir zamonlar bu Xorazm xonligi bo‘lgan.
19. O‘zbekistonda, asosiy turistik yo‘nalishlardan tashqari, maxsus marshrutlar ham bor. Masalan, Buxoroda Aydarko‘l va Qizilqumga sayohat qilib, o‘tovda tunashingiz mumkin. Jayronpark bor, O‘zbekistonga ov qilish yoki baliq tutishga alohida kelish mumkin. Gastronomik tur maxsus bir yo‘nalish. Bu yerga ko‘pchilik "qorin bayrami" uchun ham tashrif buyuradi - qozon kabob, manti, somsa, moshxo‘rda, sho‘rva, sumalak va albatta, palov. O‘zbeklarda maqol bor: "Kuningdan bir kun qolgan bo‘lsa ham, palov ye". Bunga qo‘shilmaslik qiyin.
20. To‘rt kishidan iborat oila uchun sayohat o‘rtacha taxminan 2000-2500 dollarga tushadi. Xarajatlarni ikki karra kamaytirish va oshirish mumkin - barchasi sizning ishtahangizga bog‘liq. Qanday bo‘lmasin (arzonmi yo qimmat), siz O‘zbekiston bo‘ylab sayohatdan juda mamnun bo‘lasiz.
Mavzuga oid
14:42 / 11.11.2024
Amerikaning kruiz kompaniyasi Tramp siyosatidan qochishni istaganlar uchun dunyo bo‘ylab 4 yillik sayohat taklif qilmoqda
19:32 / 07.11.2024
Tramp O‘zbekiston bilan munosabatlarni qanday olib boradi?
17:48 / 06.11.2024
«O‘zbekiston qit’alarimiz chorrahasida joylashgan va global aloqalarimiz markazida bo‘lishi lozim» - Ursula fon der Lyayyen
21:49 / 04.11.2024