Iqtisodiyot | 12:30 / 16.04.2018
127439
16 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston gilosi eksporti xavf ostida(mi)?

Foto: All.Biz

Gilos O‘zbekiston meva rastalarining bezagi, dehqonchilikning sara hosili hisoblanadi. Gilos vitaminlarga boyligi bilan ham mevalar orasida ajralib turadi. Inson tanasida kechuvchi moddalar almashinuvi jarayonida muhim ahamiyatga ega bo‘lgan kalsiy, temir, magniy, fosfor, kaliy, natriy minerallariga ham boy, umuman olganda salomatlik uchun zarur bo‘lgan ne'mat. Gilos xaqida ko‘p ma'lumotlarni yozishimiz, aytishimiz mumkin. Biroq bugun boshqa gap bor. (Istisno tariqasida katta harflar bilan yozamiz) Bu EKSPORT masalasi!

O‘zbekiston gilos mevasini eksport qilish hajmi bo‘yicha jahonda 5-o‘rinda turadi. Ushbu ko‘rsatkich bir qarashda yuqori ko‘rinsa-da, azaldan iqlimi bog‘dorchilik uchun mos serquyosh o‘lka O‘zbekiston uchun kam. Mamlakatimiz dunyoda gilos eksporti yetakchisiga aylanish qudratiga ega. Ta'kidlash kerakki, Prezident Shavkat Mirziyoyevning bugungi kunda eksport borasida olib borayotgan amaliy ishlaridagi katta maqsadlaridan biri ham shu. O‘zbekiston o‘z imkoniyatlari va salohiyatidan kelib chiqqan holda yetakchilikni qo‘lga kiritishi lozim. Bu borada kerakli topshiriqlar va vazifalar berilgan. Shunga ko‘ra, bu yilgi natijalardan umid katta. Marralar olis, biroq maqsad aniq. Bu yil nasib bo‘lsa, 140 ming tonnadan ziyod hosil kutilmoqda. Tabiiy savol tug‘iladi. O‘zbekistonning gilos eksporti bo‘yicha bu yilgi pozitsiyasi qanday?

Kuni kecha «O‘zbekoziqovqatxolding» kompaniyasi tarkibidagi «O‘zagroeksport» AJ 2018 yil hosili uchun fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari tomonidan yetishtirilgan gilos mevasini O‘zbekistondan FCA sharti (eksport bojini to‘lagan holda sotib oluvchi o‘z transportida tovarni O‘zbekistondan olib chiqadi) bilan narxlarni e'lon qildi.

Unga ko‘ra, 11 aprel kuni «O‘zagroeksport» AJning rasmiy veb saytida gilos mevasining 18+, 24+, 26+ kalibrli toifalari 6 dollardan 12 dollargacha qilib belgilangan. Eshitgan quloq, ko‘rgan ko‘z uchun dilni yayratadigan narx. «Dehqon boboning cho‘ntagi qappayarkan, ortidan davlatning ham», - deb pichirlab qo‘yadigan narx. Biroq qo‘yilgan narx bizni taajjubga soldi. Nega desangiz, marketing qoida va talablari nomutanosibdek ko‘rindi. Keling, mazkur narxlarni tahlil qilib ko‘ramiz va eksport masalasida ko‘ndalang turgan muammolarga nazar tashlaymiz.

Narxlar «Otning kallasi»

Jahon meva-sabzavot savdosi yangiliklari va tadqiqotlarga mo‘ljallangan Freshplaza.com resursidagi ma'lumotlarga qaraganda, 2018 yil mavsumini ochib beruvchi va yanvar – mart oylarida qizg‘in pallaga kirgan Xitoy va Koreya savdo bozorlaridagi narxlar 4 dollardan 8 dollargacha qayd etildi. Chin yurtiga asosan Chili, Argentina, Avstraliya va Amerika Qo‘shma Shtatlari gilos eksport qiladi. Bu yilgi eng sifatli, ya'ni 26+ kalibrli gilos mevasi narxlari barcha bojlar va transport xarajatlarini qo‘shganda, Shanxay va Guangjou ulgurji bozorlarida 6 dollardan - 8 dollargacha qayd etildi. Mahalliy gilos navlari esa 4 dollargacha bo‘lgan narxda sotildi. To‘g‘ri, bu biznes ichida yurmagan inson Xitoy yoki Koreya supermarketlaridagi 12-15 dollarlik narxlarni ko‘rib, shu narx to‘g‘ri bo‘lsa kerak, deb o‘ylashi ham mumkin. Ammo, odatda ulgurji bozordagi narxlarga chakana savdo supermarketlarida kamida 50-60 foiz qo‘shib narx belgilanadi. Ma'lumot uchun, dunyoda gilos importi bo‘yicha birinchi o‘rinda turuvchi Xitoy bozoriga o‘zbek gilosini eksport qilish uchun, transport xarajatlaridan tashqari, u yerdagi importer mijoz firma tovarni bojxonada rasmiylashtirish uchun 70 foiz (!) miqdorida boj to‘lashi lozim (O‘zbekiston Jahon Savdo Tashkilotiga a'zo bo‘lmagani sababli, 70 foiz miqdorida boj to‘lanishi lozim). Agar «O‘zagroeksport» narxlariga tayanadigan bo‘lsak, bizning gilosimiz Xitoy bozoriga eng kami 13,6 dollardan 27,2 dollargacha bo‘lgan narxlar oralig‘ida kirib boradi. 8 dollardan sotilgan Chili yoki Avstraliya gilosi bilan narxdagi farq 340 foizni tashkil qilmoqda.

O‘zbekiston gilosi may oyida pishib, hosilga kiradi va asosan Rossiyaga eksport qilinadi. Boz ustiga, Rossiya yiliga 68 ming tonnagacha gilosni Turkiya, Serbiya, Ozarboyjon va O‘zbekistondan import qiladi hamda dunyoda gilos importi bo‘yicha uchinchi o‘rinni egallaydi. 2017 yil gilos mavsumi may-iyun oylarida Rossiya bozorlaridagi narxlar katta hajmdagi mahsulot uchun 300 rubldan (5,5 dollar) boshlandi va mavsum qizg‘in payti 140 rublgacha (2,5 dollar) tushdi.

Ko‘rinib turibdiki, «O‘zagroeksport» tomonidan belgilangan narxlar bu yilgi va o‘tgan yilgi biz uchun asosiy eksport bozorlarida qayd etilgan narxlardan keskin baland. Qolaversa, gilosni eksport qilish uchun qo‘shimcha ishlov berish, ya'ni bir sutka davomida muzlatish, qadoqlash va bojxona to‘lovi xarajatlari bilan, Rossiya bozoriga o‘zbek gilosi 7,67 dollardan 14,75 dollargacha narxlarda kirib boradi. Eksport qiluvchilar gilosni Rossiya bozoriga olib borib, sotish uchun bitta yevrofura (ichiga 18 tonna meva sig‘diradigan yuk mashinasi) uchun jami 127 ming AQSh dollari ya'ni, milliy valyutada qariyib 1 milliard 32 million so‘m mablag‘ni sarmoya qilishi kerak bo‘ladi. Endi aytingchi, kim mana shunday tavakkalga tayyor?

Xo‘sh, o‘tgan yili «O‘zagroeksport» narxlari qanday edi? 2017 yilgi mavsum aprel va may oylarida narx 3 dollardan 3,8 dollar diapazonida belgilangan edi. Shu boisdan bu yilgi narxlar bo‘yicha xaridorlar «Qaysi omillar hisobiga narx 200 foiz miqdorida ko‘tarildi?» degan dolzarb savolni berishlari aniq. Ayni paytda rossiyalik importyorlarimiz bu narxlarda O‘zbekistondan katta miqdorda gilos sotib olishga shartnomalar tuzishga o‘z roziligini bermayotgani haqida ma'lumotlar bor. Rasman bu ma'lumot tasdiqlanmagan bo‘lsa-da, biroq xabar asosli va mantiqli bo‘lgani uchun unga ishonib taxmin qilsa bo‘ladi. Mabodo «O‘zagroeksport» aksionerlik jamiyati gilos mevasini narx tufayli katta miqdorda Rossiya bozoriga olib kirish uddasidan chiqa olmasa, boshqa davlatlarning bozoriga kirishni reja qilishi mumkin. Masalan, Koreya yoki Xitoy bozoriga. Ishonchli manbalarning ma'lumot berishicha, «O‘zagroeksport» bu yilgi mavsumda Koreya va Xitoy bozorlariga 10 ming tonnadan ortiq gilos eksport qilishni rejalashtirmoqda. Biroq, koreyalik yoki xitoylik tadbirkorlar ham transport xarajatlarini qӯshmaganda (aviatransport narxi 1kg.ga o‘rtacha hisobda 2 dollar) 6 dollardan 12 dollargacha bo‘lgan narxlarni baland deb hisoblashlari mumkinligini yuqorida asoslab berdik. O‘zingiz xulosa qilishingiz mumkin.

Demak, asosiy eksport bozorimiz bo‘lgan Rossiyadan boshqa davlatlarda ham O‘zbekiston gilosiga joriy yildagi narxlarimiz bilan kirish juda qiyin bo‘lishi mumkin. Yana boshqa variantlarni ko‘rib chiqamiz. Gilos sotilmadi deylik. Uni qayta ishlash mumkin. Biroq konservalash korxonalarining eksport uchun mo‘ljallangan gilosdan hech bo‘lmaganda yarmini ham qayta ishlashga kuchi yetadimi? Boz ustiga, gilos konservantiga bo‘lgan talab yangi uzilgan gilosnikiga qaraganda ancha kam. Atigi 6 hafta davom etadigan gilos mevasi mavsumida tezkorlik qilinmasa, 140 tonnalik kutilayotgan hosildan eksport uchun mo‘ljallangan 30 ming tonnasi nobud bo‘lishi mumkin.

Qozon bitta ammo…

Ma'lumki, Prezident Shavkat Mirziyoyev barcha viloyat hokimlari hamda mutasaddi rahbarlarga eksport hajmini oshirish talabini qo‘ymoqda. Talab to‘g‘ri – 100 foizga to‘g‘ri. Va haqli. Ammo ijro masalasida raqamlar ketidan quvish va qog‘ozlarga kasal bo‘lib qolyapmiz. Natijada, eksportyorlar turli byurokratik to‘siqlarga duchor bo‘lishmoqda.

Faraz qilaylik, men tadbirkor sifatida Toshkent shahridan firma ochganman va bevosita faoliyatim Toshkent shahrida. Gilos mavsumida men hosilni butun respublika bo‘ylab sotib olaman va uni sovutaman, saralayman va maxsus idishlarga qadoqlayman. Shundan so‘ng, xorijga eksport qilaman. Muammo shundaki, agar men Farg‘ona viloyatidan gilos sotib olsam, eksportni faqat Farg‘ona viloyatidan ro‘yxatdan o‘tgan firma orqaligina eksport qilishga majburman.

O‘tgan yili eksportyor tadbirkor do‘stim mavsumda 18 tonna gilosi nobud bo‘lganini aytganida katta taajjubda qolgan edim. Bu yili ham o‘sha o‘sha. Eski hammom, eski tos! Tasavvur qiling, eksportchi tadbirkor har bir viloyatga muzlatgich qurishi, o‘sha viloyatdan firma ochishi, hisob raqam ochishi - bularning bari keraksiz xarajatlar-ku? Qolaversa, xorijdagi hamkorlarga har bir viloyat bo‘yicha 12ta shartnoma berish kulgili emasmi? Shu yo‘sinda ishlash bo‘lsa, shu kunlarda har bir tuman hokimligi ham bu mantiqsiz talabni qo‘ysa ajablanmaymiz.

O‘zingniki o‘zagingga uradi...

Aksar hollarda bozor degan maydonda shartni sotuvchi emas xaridor qo‘yadi. «Mijoz har doim haq» degan purma'no gap bejiz chiqmagan. Mamlakatimiz eksport tizimida Vazirlar Mahkamasining «Yangi uzilgan, quritilgan va qayta ishlangan meva-sabzavot mahsulotlarini eksport qilish tartibi to‘g‘risida»gi nizomining 2-bobida qayd etilishicha, 100 foizlik oldindan to‘lovlarni amalga oshirish sharti mavjud.

Aytish kerakki, bunday shart meva yetishtiradigan asosiy davlatlar ichida faqatgina O‘zbekistonda mavjud. Xo‘sh, bu nechog‘lik to‘g‘ri? O‘zbekiston mevalari shirin, vitaminga boy, iste'molboplikda ancha-munchasi yeta olmaydi. Ammo yo‘lga dosh berishda chidamsiz. Aynan shu nuqtai nazardan ham aksar xaridorlar 100 foizlik to‘lovni oldindan amalga oshirishni xohlamaydi. Chunki, yo‘lga bardosh bera olmagan mevalar qay holatda yetib borishini yaxshi bilishadi. Mana necha yildirki, eksport bilan shug‘ullanuvchi tadbirkorlarimiz katta kompaniyalar bilan hamkorlik qilishi mushkul bo‘lib kelmoqda. Har yili ular katta tavakkalchilik bilan dunyo bozoriga chiqishadi. Hadik bilan savdo qilishadi. Bunday talabni qo‘yish turli firibgarliklardan himoya qilishini tushunamiz, lekin bir masala yechimi ortida ikkinchi muammo kelib chiqmasligi kerak.

Dehqonning qo‘ynida puch yong‘oq!

«O‘zbekoziqovqatxolding» kompaniyasi o‘zbek gilosi eksportida kompaniya tarkibidagi «O‘zagroeksport» aksionerlik jamiyati 2018 yil hosili uchun fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari tomonidan yetishtirilgan gilosni fyuchers shartnomalari, ya'ni, oldindan pul to‘lash orqali xarid qilib olish bo‘yicha e'lon berdi va narxlar belgilandi. Unga ko‘ra, gilos mevasi quyidagi narxlarda xarid qilinadi:

I toifa: 26 000 ming so‘m/kg;
II toifa: 18 000 ming so‘m/kg;
III toifa: 10 000 ming so‘m/kg;

O‘tgan yili gilos mavsumida dehqonlarimiz asosiy hajmni 12 ming so‘mdan 15 ming so‘mgacha sotgan. Anglaganingizdek, dehqonlarimiz gilosdan o‘tgan yilga nisbatan ikki barobar ko‘proq daromad olishni reja qilib bo‘lgan. Biroq, real bozor bu narxni ko‘taradimi? Chunki, gilosning tannarxi yangi narx bo‘yicha 5 dollarni tashkil etmoqda. Yuqorida aytilganidek, saralash, sovutish, maxsus idishlarga joylash va barcha to‘lovlar bilan yana 2 dollar qo‘shilmoqda. Endi eksportchi tadbirkorning ahvolini tasavvur qilib ko‘ring. Shuningdek, ichki bozorga ham bu narx o‘z ta'sirini o‘tkazmay qo‘ymaydi.

Aslida gilosning tannarxi 1 kilogramiga 6-8 ming so‘mni tashkil etadi. Biroq «16 ming so‘mdan 26 ming so‘mgacha» deb dehqonlarimizda noto‘g‘ri ma'lumotni shakllantirish, ularning qo‘ynini puch yong‘oqqa to‘ldirish, atigi 40 kun davom etadigan gilos mavsumida tushunarsiz vaziyatni yuzaga keltiradi. Haqiqiy narxni esa bozor belgilaydi. Agar tushunarsiz vaziyat sabab narxlar birdaniga tushib ketsa, buni o‘nglash juda qiyin bo‘ladi va unga yetarli vaqt ham yo‘q.

Bojxonachining bosh og‘rig‘i

Ayni kunda bojxona xodimlari oldida meva eksporti boji uchun belgilangan Tn VED kodlari bo‘yicha haqiqiy bosh og‘rig‘i bor. Boisi, mevalarning ko‘plarida toifasi boshqa, narxi boshqa ammo bojxona to‘lovi, Tn VED kodlari bir xil. Masalan, ayni mavzuga oid gilosni olaylik. «O‘zagroeksport» aksionerlik jamiyati chiqargan narxlarda gilos 3 xil toifaga bo‘lingan. Ya'ni, 18, 24,26 kalibrli toifalariga 0809 29 000 0 TnVED kodi berilgan. Ayting-chi, bojxonachi 3 xil toifadagi, 3 xil narxdagi gilos mevasini bir xil kod bilan rasmiylashtiradimi? Qanday qilib har bir yashikdagi giloslar kalibrovkasi amalga oshiriladi? Xullas, bojxonada yana bosh og‘riq.

Gilosning boshida piyozning kuni!

Yuqorida aytib o‘tilgan muammolarning yechimi ham bor. Buning uchun raqamlar ketidan quvmasdan masala mohiyatiga kirib borsak bo‘lgani. Darvoqe, Vazirlar Mahkamasining «Yangi uzilgan, quritilgan va qayta ishlangan meva-sabzavot mahsulotlarini eksport qilish tartibi to‘g‘risida»gi NIZOMning 3-bobida «Eksport kontraktlari Xalqaro meva-sabzavot yarmarkasining, muntazam faoliyat ko‘rsatadigan meva-sabzavot maydoni yarmarka savdolari yakunlari bo‘yicha yuzaga keladigan o‘rtacha narxlar hisobga olingan holda hamda jahon bozorlaridagi narxlar kon'yunkturasidan kelib chiqib, talab va takliflar asosida shakllanadigan bozor narxlari bo‘yicha tuziladi» deb qayd etilgan.

Biroq «O‘zagroeksport» aksiyadorlik jamiyatining 2018 yil uchun e'lon qilgan narxlari qaysi yarmarkaning qaysi talab va takliflari asosida belgilaganikin,degan savol javobsiz qolmoqda. Bir so‘z bilan aytganda gilosning boshiga piyozning kuni kelmoqda. Ishqilib oxiri baxayr bo‘lsin. Zero isrofning uvoli tutadi.

Bu savollar bilan «O‘zoziqovqatxolding» AJ rahbari Tohir Jalilovga ham yuzlanib, javob olishni rejalashtirganmiz.

Xurshid Daliyev

Mavzuga oid