Jamiyat | 20:30 / 20.04.2018
7931
3 daqiqa o‘qiladi

Korrupsiyaga qarshi kurash bo‘yicha kelishuv imzolandi

19 aprel kuni Adliya vazirligi va BMT Taraqqiyot dasturi o‘rtasida «O‘zbekistondagi samarali, hisob beruvchi va shaffof boshqaruv institutlari orqali korrupsiyaga qarshi kurash» loyihasini amalga oshirish bo‘yicha kelishuv imzolash marosimi bo‘lib o‘tdi.

Loyiha korrupsiyaga qarshi kurash bo‘yicha yirik kompleks chora-tadbir hisoblanib, deyarli barcha sohalarni qamrab olgan. U uch yilga mo‘ljallanib, 8 mln AQSh dollarlik byudjyetga ega.

Loyiha Adliya vazirligi, Bosh prokuratura tomonidan mamlakatimiz vazirlik va idoralari hamda BMTTD bilan hamkorlikda ishlab chiqilgan. U hamkorlikning quyidagi yo‘nalishlarini o‘z ichiga olgan:

— korrupsiyaga qarshi kurash bo‘yicha milliy qonunchilikni har tomonlama tahlil qilish, uni takomillashtirish va xalqaro ekspertlar ishtirokida korrupsiyaga qarshi kurash sohasidagi xalqaro shartnomalar doirasida xalqaro standartlar, davlat majburiyatlariga moslashtirish;

— korrupsiyaga qarshi kurash sohasidagi bilim va ko‘nikmalarni yanada takomillashtirishga qaratilgan davlat xizmatchilarini tayyorlashning innovatsion metodikalarini ishlab chiqish va joriy qilish, xorijiy mamlakatlarning ushbu sohadagi ilg‘or tajribasini o‘rganish va orttirilgan bilimlarni yurtimiz tashkilotlari faoliyatiga joriy qilish;

— eng so‘nggi uskunalar, dasturiy ta'minot bilan ta'minlash orqali korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha tadbirlarni o‘tkazish maqsadida O‘zbekiston tashkilotlariga texnik ko‘mak ko‘rsatish, bu esa o‘z navbatida davlat organi va fuqaro o‘rtasida interaktiv muloqotni yo‘lga qo‘yish, aholiga davlat xizmatlari ko‘rsatish tartibini soddalashtirish, davlat organlariga murojaat chog‘ida byurokratiya to‘siqlarini bartaraf qilish, samarali hujjat aylanishi hamda korrupsiyaning oldini olish uchun davlat xizmatlari shaffofligini ta'minlashga xizmat qiladi.

— korrupsiyaga qarshi kurash yo‘lidagi sa'y-harakatlarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida yangi texnologiyalardan foydalangan holda bilim va ko‘nikmalarni tarqatish va targ‘ib qilish orqali jamiyatda korrupsiyaga toqat qila olmaslik madaniyatini rivojlantirish. Hukumat, fuqarolik jamiyati va xususiy sektor o‘rtasida faol hamkorlikni rivojlantirish, jamiyatda korrupsiyaga toqat qila olmaslikni rivojlantirishga qaratilgan yagona media-strategiya va axborot kampaniyalarini ishlab chiqish va amalga oshirish.

— O‘zbekistonning korrupsiyaga qarshi kurash bo‘yicha xalqaro institutlar bilan hamkorligini rivojlantirish, ularning faoliyatida faol ishtirok etish, bu esa o‘z navbatida korrupsiyaga qarshi kurash bo‘yicha davlatimiz oldida turgan muammoli masalalarni hal etishga xizmat qiladi.

Mavzuga oid