O‘zbekiston | 21:04 / 28.04.2018
11272
4 daqiqa o‘qiladi

Samarqandda majburiy mehnatni batamom cheklash borasida uchrashuvlar bo‘lib o‘tmoqda

Kattaqo‘rg‘on tumanining 42-maktabi o‘qituvchisi, majburiy mehnatga jalb etilgan Diana Yenikeyevaning fojiali o‘limi katta shov-shuvni keltirib chiqargach, bu voqeani Sirdaryo viloyati faollari bilan uchrashuvda davlatimiz rahbari ham shaxsan tilga olgach, respublikamizda ta'lim va tibbiyot sohasi, umuman, ijtimoiy soha xodimlarini majburiy mehnatga jalb qilishni cheklash yuzasidan chora-tadbirlarni kuchaytirish bo‘yicha ishlar jonlandi.

Jumladan, Samarqand viloyati xalq deputatlari viloyat kengashining «Hududlarda dala va tozalash, obodonlashtirish ishlariga ijtimoiy soha vakillarini jalb qilishni taqiqlash va ushbu holatga yo‘l qo‘ygan hokimlar hamda rahbarlarning shaxsiy mas'uliyati va javobgarligini oshirishga qaratilgan choralar to‘g‘risida»gi qarori qabul qilindi.

Qarorda viloyatda ayni damda ijtimoiy soha tashkilotlarida jami 148 mingdan ortiq, jumladan, xalq ta'limida — 67 ming, o‘rta-maxsus va kasb-hunar ta'limi sohasida — 16 ming, oliy ta'lim muassasalarida — 5 ming, sog‘liqni saqlash tizimida 44 ming nafar xodim faoliyat ko‘rsatib kelayotgani ta'kidlangan.

Ta'lim muassasalarida 28 ming talaba va 735 ming 682 nafar maktab o‘quvchisi o‘qiyotganligi qayd etilgan.

Xalq deputatlari viloyat kengashining qarori bilan viloyat hokimi o‘rinbosari R.Qobilov, viloyat xalq ta'limi boshqarmasi boshlig‘i R.Yo‘ldoshev, viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘i A.Jo‘rayev, oliy va o‘rta maxsus ta'lim dargohlari, shaharlar va tumanlar hokimlariga hududlarda dala va tozalash, obodonlashtirish ishlariga tibbiyot va ta'lim muassasalari xodimlari, talabalar va ijtimoiy soha vakillarini jalb qilishni taqiqlash choralarini ko‘rish vazifasi topshirildi.

Shuningdek, hududlarda majburiy mehnatga yo‘l qo‘ymaslik, ayniqsa, byudjyet tashkilotlari xodimlarini qishloq xo‘jaligi, kommunal xo‘jalik, qurilish va obodonlashtirish, ikkilamchi xomashyo yig‘ish ishlariga majbur etilmasligi ustidan jamoatchilik nazoratini tashkil etish maqsadida Oliy Majlis senati a'zolari va xalq deputatlari viloyat kengashi deputatlari hududlarga biriktirildi.

Qaror ijrosini nazorat qilish Xalq deputatlari viloyat kengashining Qonuniylik, huquq tartibot va fuqarolar xavfsizligini ta'minlash bo‘yicha doimiy komissiyasi rahbari O.Axtamov va viloyat hokimining o‘rinbosari R.Qobilov zimmalariga yuklatilgan.

KUN.UZ muxbiri O.Axtamov bilan birgalikda Samarqand davlat arxitektura-qurilish instituti, Samarqand tumanidagi maktabgacha ta'lim muassasasi, tuman tibbiyot birlashmasi, shuningdek, shu tumanda joylashgan 10-maktab jamoasi bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvlarida hamrohlik qildi.

Uchrashuvlarda Prezidentimizning Sirdaryo viloyat faollari bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvda o‘qituvchilar, tibbiyot sohasi xodimlari va talabalarga ijtimoiy soha vakillarining huquqlarini himoya qilish, Bosh vazir boshchiligida o‘tkazilgan selektor yig‘ilishi va Xalq deputatlari viloyat kengashi qarori mazmun mohiyati tushuntirilib, majburiy mehnatga majburlangan holatlarda qanday yo‘l tutishlari haqida ko‘rsatmalar berildi.

Qizg‘in munozara va erkin muloqot shaklida o‘tgan uchrashuvlarda, tibbiyot xodimlari, tarbiyachilar va o‘qituvchilarni qiziqtirgan savollarga javob berildi, ularning tavsiya va takliflari ham tinglandi.

Shuhrat Shokirjonov,
Kun.uz muxbiri

Mavzuga oid