O‘zbekiston | 14:57 / 01.05.2018
32885
5 daqiqa o‘qiladi

Onamday erkalab shivirlar, Samarqand, Samarqand, Samarqand...

Samarqand - Temuriylar davlatining poytaxti bo‘lgan go‘zal, qadimiy va latif shahar. Dunyoga mashhur tarixiy shahar nomi bahslarga ega. “Samarqand” so‘zining kelib chiqishi to‘g‘risida bir qancha taxmin va gipotezalar mavjud. Sharq mualliflari “Samarqand” so‘zining birinchi qismi, ya'ni “Samar” so‘zi shu shaharga asos solgan yoki shaharni bosib olgan kishining nomi sharafiga atalgan, deb hisoblab kelishdi. Biroq tarixda bunday ismli kishi to‘g‘risida ma'lumotlar aniqlanmagan. So‘zning ikkinchi qismi “kent” (kand) — qishloq, shahar degan ma'noni bildiradi. Ba'zi yevropalik olimlar bu nom qadimdan qolgan sanskritcha “Samarya”ga yaqin, ya'ni “yig‘ilish, yig‘in” so‘zidan kelib chiqqan, deb izohlaydilar. Antik mualliflarning asarlarida shahar Marokanda deb atalgan. Bu haqiqatga ancha yaqin bo‘lib, Marokanda — Samarqand atamasining yunoncha aytilishidir. 11-asr olimlaridan Abu Rayhon Beruniy va Mahmud Koshg‘ariy shahar nomining kelib chiqishini “Semizkent”, ya'ni “semiz qishloq” so‘zining buzib talaffuz qilinishi, deb tushuntiradilar.

Samarqand qadimiy tarixi va me'moriy yodgorliklari tufayli butun dunyo tan olgan haqiqiy muzey shaharga aylandi. Shu bois hukumat qarori bilan 1982 yilda Samarqandning Afrosiyob shahristoni, o‘rta asrlarda bunyod etilgan me'moriy yodgorliklar va 19—20-asrlarda qurilgan “Yangi shahar”dagi binolar, tarix va o‘lkashunoslik muzeylari asosida “Samarqand davlat birlashgan tarixiy-me'moriy muzey qo‘riqxonasi” tuzildi. O‘sha yilda shaharning tarixiy qismini muhofazalash chegaralari belgilandi.

Samarqandning me'moriy-tarixiy yodgorliklari 2001 yilda YuNESKOning Finlyandiyada o‘tkazilgan 25-sessiyasida Jahon merosi ro‘yxatiga kiritildi.

Samarqandda 73ta yirik tarixiy me'moriy yodgorlik: Registon ansambli, Shohi Zinda ansambli, Amir Temur maqbarasi, Ulug‘bek rasadxonasi, Bibixonim jome masjidi, Ruhobod maqbarasi, Abdidarun majmuasi, Xoja Ahror masjidi, Hazrati Xizr masjidi va boshqalar saqlangan. O‘zbekiston Respublikasi prezidenti I.A.Karimov tashabbusi bilan Samarqandda Abu Mansur al-Moturidiy as-Samarqandiy dafn etilgan Chokardiza qabristoni hududida Moturidiy yodgorlik majmui mozoriga maqbara qurildi, qabriston obod etildi, Burhoniddin Marg‘inoniy vafotining 800 yilligi (1997), tavalludining 910 yilligi (hijriy sana bo‘yicha) (2000) keng nishonlandi (Samarqand shahridagi Chokardiza qabristonida dafn etilgan). Samarqandning markaziy maydoniga Amir Temur haykali o‘rnatildi. Shahardagi tarixiy obidalar Xitoy, Hindiston, Yunoniston (Afina), Italiya (Rim) yodgorliklari kabi o‘zining go‘zalligi bilan inson e'tiborini o‘ziga tortadi. Samarqandga har yili dunyoning turli mamlakatlaridan minglab sayyohlar kelib ketadi.

Hozirgi kunda ham davlat tomonidan ichki va tashqi turizmni rivojlantirish muhim masalalardan biri hisoblanadi. Shaharga butun dunyodan sayyohlar tashrif buyuradi. Shu bilan birga, mamlakatimizning turli chekkalaridan mahalliy aholi vakillari kelib tarixiy obidalarni tomosha qilib, maqbaralarni ziyorat qilib ketishmoqda.

Shu o‘rinda xalq suygan shoir Xurshid Davronning ko‘hna va hamisha navqiron shaharga atab bitilgan she'ri yodga tushdi. 

SAMARQAND

Bir shivir misoli Samarqand
Bismilloh kabi lojuvard

Yulduzlar ostida dunyoning
Eng go‘zal ayoli misoli
Sog‘inchim timsoli
Sochlari shamolda yoyilgan
Navbahor toshirgan Yoyiqday
Simobiy libosga o‘rangan
Temur erkalashlariga o‘rgangan
Ulug‘bek qoniday sochilgan
Qizg‘aldoqlarday ochilgan
Yulduzlar ostida dunyoning
Eng go‘zal ayoli misoli
Dunyoning eng go‘zal she'rini
Bolalik chog‘imdan quchoqlab
Onamday erkalab shivirlar
Samarqand Samarqand Samarqand

Bir shivir misoli mungli dard
Bismilloh misoli lojuvard

Zafarbek Solijonov

Mavzuga oid