Jahon | 22:48 / 09.05.2018
4084
4 daqiqa o‘qiladi

Pompeo yetakchilar sammitini muhokama qilib, KXDRdan amerikalik tutqunlar bilan qaytmoqda

Foto: AP

AQSh davlat kotibi Mayk Pompeo ayni damda o‘tkazilishiga hozirlik ko‘rilayotgan AQSh-KXDR sammiti bir kun davom etishini bildirib, uning aniq o‘tkazilish sanasiga yaqin orada aniqlik kiritilishini aytib o‘tdi, deb yozishmoqda Amerika ommaviy axborot vositalari.

KXDR poytaxti Pyongyangga qilgan tashrifidan so‘ng AQShga qaytayotgan Pompeo AQSh prezidenti Donald Tramp va Shimoliy Koreya yetakchisi Kim Chen Inning uchrashuv sanasi «bir necha kun ichida» e'lon qilinishini aytib o‘tdi. Uning ta'kidlashicha, uchrashuv bir kunda bo‘lib o‘tadi.

Davlat kotibi o‘z Tvitterida Kim Chen In bilan uchrashuvi sermahsul bo‘lganini ta'kidlab o‘tgan.

«Biz Kim Chen In bilan sermahsul uchrashuvlar o‘tkazdik va muloqotlarda taraqqiyotga erishdik», — deb yozgan Pompeo.

AQSh Koreya yarimorolida tinchlik hukmron bo‘lishi uchun Pyongyang bilan hamkorlik qilishga tayyor. Reuters agentligiga ko‘ra, bu haqda bugun AQSh davlat kotibi Maykl Pompeo Koreya mehnat partiyasi (KMP) ning yagona front bo‘limi mudiri Kim Yong Chyol bilan uchrashuvi davomida aytib o‘tgan. Eslatib o‘tamiz, u KXDR poytaxtiga KXDR va AQSh yetakchilarining sammitini o‘tkazish masalalarini muhokama etish uchun kelgan edi.

«O‘nlab yillar mobaynida bizlar dushman edik. Ayni paytda mavjud chigal vaziyatni yechish, jahon uchun tahdidni yo‘qqa chiqarish va davlatingizga uning xalqi munosib bo‘lgan imkoniyatlarni taqdim etish uchun birgalikda ishlashimiz mumkinligidan umid qilmoqdamiz», — deya davlat kotibi so‘zlarini keltirmoqda agentlik.

Uchrashuv mobaynida tomonlar o‘rtasida «hozircha to‘siqlar ko‘pligi»ni aytib o‘tib, ikki yetakchilarning sammiti muvaffaqiyatli yakunlanishidan umid qilayotganini bildirdi.

Kim Yong Chyol o‘z navbatida «AQShning Koreya yarimorolida tinchlik o‘rnatilishida katta rol o‘ynashi»dan umid qilayotganini aytib o‘tdi. Bunga javoban Pompeo Vashington Pyongyang bilan hamkorlik qilishda «aynan shu narsaga» erishishga harakat qilishini bildirdi.

The Washington Post gazetasining yozishicha, KMPning yagona front bo‘limi mudiri KXDR shu ondan boshlab «iqtisodiy rivojlanishga o‘z e'tiborini qaratishni boshlaydi». Kim Yong Chyol so‘nggi paytlarda muloqot uchun paydo bo‘lgan qulay sharoit KXDRga nisbatan «qo‘llanilgan tashqi sanksiyalar oqibati emasligi»ni qo‘shimcha qildi.

AQSh Davlat kotibi Maykl Pompeo KXDRdagi tutqunlikdan ozod qilingan uch vatandoshi bilan AQShga qaytmoqda. Bu haqda AQSh prezidenti Donald Tramp o‘z Tvitterida yozgan.

«Davlat Kotibi maykl Pompeo Shimoliy Koreyadan barcha uchrashishni intizorlik bilan kutayotgan uch jyentlmen bilan qaytib, uyi tomon parvoz qilmoqda, ularning ko‘rinishi yaxshi», — deb yozganTramp.U samolyotni Merilend shtatidagi Vashingtonga yaqin Endryus aviabazasida kutib olishini qo‘shimcha qilgan.

«Men ularni kutib olish uchun u yerga chiqaman. Juda ham hayajonlanayapman», — degan AQSh prezidenti.

Yonhap News agentligining yozishicha, KXDRda qamoqqa olingan, josuslik va dushmanona harakatlarda ayblangan AQSh fuqarolari aprel oyida qamoq lageridan Pyongyang yaqinidagi mehmonxonalardan biriga o‘tkazilgan edi. Ularni ozod etish borasidagi muzokaralar KXDRda AQSh manfaatlarini ifoda etuvchi Shvetsiya vositachiligida o‘tkazilgan.

Mavzuga oid