Jahon | 12:55 / 28.09.2024
4694
3 daqiqa o‘qiladi

AQSh razvedkasi Ukrainaning Rossiya ichkarisiga zarba yo‘llashiga ruxsat berilishiga qarshi

Amerika razvedkasining fikricha, agar G‘arb Kiyevga Rossiya Federatsiyasiga uzoq masofali qurollardan o‘t ochishga ruxsat bersa, Moskva jiddiy javob qaytaradi. Bundan tashqari, AQSh razvedkachilari bu Ukrainaga Rossiya bilan kurashishda yordam bermaydi, deb hisoblaydi, deb yozadi NYT.

Foto: DW

AQSh razvedkasi Ukrainaga Rossiya hududidagi nishonlarga uzoq masofali qurollardan o‘t ochishga ruxsat berishga qarshi. Razvedka rasmiylarining fikricha, Moskva Qo‘shma Shtatlar va uning ittifoqchilariga qarshi jiddiy javob choralarini ko‘rishi mumkin, halokatli hujumlar ham bundan mustasno emas, deb yozadi The New York Times (NYT) 26 sentabr, payshanba kuni manbalarga tayanib.

Rossiyaning ehtimoliy javoblari orasiga Yevropada o‘t qo‘yish, Yevropa va Amerika harbiy bazalariga hujumlar kabi diversion harakatlarni kuchaytirish kiradi. AQSh razvedkasi birinchi variantni ehtimoli yuqoriroq deb hisoblaydi.

Razvedka: Rossiyaga chuqur zarbalar yo‘llash Ukrainaga yordam bermaydi

Bundan tashqari, AQSh razvedkasining fikricha, Ukraina uchun shunday huquq berishning ahamiyati unchalik katta emas, chunki unda bunday turdagi qurollar juda cheklangan va u yangi partiyani olishi yoki olmasligi, noma’lum.

Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy bir necha bor G‘arbdan Rossiya hududiga zarba yo‘llash uchun uzoq masofaga uchuvchi qurollardan foydalanishga ruxsat berishni va Kiyevga bunday raketalarni ko‘proq taqdim etishni so‘ragan. Kiyev allaqachon Amerikaning ATACMS, Britaniyaning Storm Shadow va Fransiyaning Scalp'i bilan ta’minlangan.

G‘arbda konsensusning yo‘qligi

Ukraina uchun bu masalada G‘arbdagi turli mamlakatlar va siyosiy tuzilmalarning pozitsiyalari har xil. Masalan, NATO bosh kotibi Yyens Stoltenberg bunday cheklovlarni bekor qilish qizil chiziqdan o‘tishni anglatmasligini aytdi. Yevroparlament Yevropa Ittifoqi davlatlarini Kiyevning Rossiyaga qarshi G‘arb uzoq masofali qurollarini qo‘llashiga qo‘yilgan barcha cheklovlarni zudlik bilan bekor qilishga chaqiruvchi rezolyutsiyani ma’qulladi.

Zelenskiy AQShga tashrifi chog‘ida prezident Jo Bayden bilan uchrashgan, biroq uzoq masofali qurollar haqida hech qanday bayonot berilmagan. Oq uy matbuot kotibi Karin Jan-Perning aytishicha, ikki yetakchi o‘rtasidagi uchrashuvda Ukrainaga G‘arb qurollarini Rossiya ichkarisini o‘qqa tutishda qo‘llash uchun ruxsat berish borasida «yangi ma’lumot» kutilmayapti.

Rossiya Federatsiyasi tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Sergey Vershinin Vashington Kiyevga G‘arb qurollari bilan Rossiya hududiga chuqur zarba berishga rozilik bermaslik uchun «yetarli razvedka ma’lumotlariga ega ekaniga» umid bildirdi. U buning oqibatlarini «ochiq-oydin» deb atadi.

Mavzuga oid