G‘arb va SSSR o‘rtasidagi josuslik o‘yinlari 1970-1980 yillarda avjiga chiqadi. O‘zaro raqobatda shohona hayot va katta pullar va’da qilgan Amerika xavfsizlik xizmati ko‘proq yutib chiqadi.

Natijada, ular KGB hamda tashqi razvedka xizmati va elchixona xodimlarini, yuqori unvonli harbiylarni, turli sohalarda faoliyat ko‘rsatgan olimlarni o‘z tomonlariga og‘dirishga muvaffaq bo‘ladi.

O‘sha paytlarda juda katta vakolatga ega bo‘lgan, raisi Yuriy Andropov mamlakat rahbari Brejnevga ham ta’sir ko‘rsata olgan KGB ham qarab turmagan. Imkoniyati bo‘lishi bilanoq amerikalik yoki yevropaliklarni o‘z tomoniga og‘dirishga muvaffaq bo‘lgan.

FQB agenti Richard Miller va 1970-yillarda SSSRdan Amerikaga ko‘chib ketgan er-xotin Ogorodnikovlar KGB o‘z tomoniga og‘dirib, hamkorlik qilgan shaxslardan bo‘lgan.

Ogorodnikov kim bo‘lgan?

Nikolay Ogorodnikov tug‘ilganida familiyasi boshqa bo‘lgan. Uning otasi qizil armiya zobiti bo‘lib, Stalin qatag‘onlari boshlanganda ilk jazolanganlardan edi.

Urush boshlanganda 11 yoshli Nikolay Volfson Kiyevdagi uyidan frontga qochib ketadi va jangovar bo‘linmaga borib qo‘shiladi. Bolaga jangchilarning mehri tushib qoladi. Shu sababli uni front ortiga jo‘natishmaydi va o‘zlari bilan olib qolib, «Polk o‘g‘li» deb nom beradi.

Janglarning birida nemislar Nikolay xizmat qilayotgan polkni qurshovga oladi. Millati yahudiy bo‘lgan bolani asirlik, nemislar konslageri va balki o‘lim kutayotgandi.

Biroq baxtli tasodif tufayli nemislar Nikolayning yahudiyligini sezishmaydi. Boshqalar ham uni sotmaydi va bola omon qoladi. Keyinchalik Nikolay o‘zini xatna qildirmagan otasidan minnatdor bo‘lganini aytadi. Chunki uni shu narsa muqarrar o‘limdan asrab qolgandi.

1945 yilda u uyga qaytadi. Urush paytida Nikolayning eng yaqin qarindoshlari vafot etgandi. Harbiy komissariat asirga tushishdan oldin u medal bilan taqdirlanganini aytadi va bolaga Suvorov maktabida o‘qishni davom ettirishni taklif qiladi.

Ammo Nikolay otasining izidan borib harbiy bo‘la olmaydi. U hatto maktabning yuqori sinflarida ham o‘qimaydi va umrining oxirigacha to‘rtinchi sinf ma’lumoti bilan qoladi.

Ko‘p o‘tmay Nikolay o‘g‘rilar to‘dasiga qo‘shiladi va tez orada qo‘lga tushib qamalib ketadi. Qamoqdan chiqqach yana o‘g‘irlikni davom ettiradi va qo‘lga tushib, ikkinchi marta qamaladi.

Umuman olganda, Nikolay Volfson jami 14 yilni o‘g‘irlik va talonchilik uchun qamoqxona lagerida o‘tkazadi. Oxirgi marta qamalganda u ideal o‘g‘ri bo‘lishdan voz kechadi va qamoqxona ma’muriyati bilan hamkorlik qila boshladi.