Jamiyat | 10:47 / 12.05.2018
11413
2 daqiqa o‘qiladi

Mas'uliyatsizlik otalik huquqidan mahrum qilinishiga olib keldi

Joriy yilning 12 may sanasida fuqarolik ishlari bo‘yicha Mirzo Ulug‘bek tumanlararo sudi ochiq sayyor sud tashkil qildi. Uchrashuvda Katta Qorasuv MFY faollari qatnashdi.

Sudya I.M.Abduvaxobov raisligida bo‘lib o‘tgan fuqarolik ishida taraflar E.A.Kashina va V.Vadimovich ishtirok etdi. Kun.uz muxbirining xabar berishicha, javobgar V.Vadimovich voyaga yetmagan farzandi Artem Vecheslavichga nisbatan otalik vazifasini bajarmagan. Muntazam spirtli ichimliklar iste'mol qilgan. Aliment to‘lovlarini to‘liq ravishda to‘lamay kelgan.

O‘zbekiston Respublikasining Oila kodeksi 79-moddasiga asosan sud ota-onani (ulardan biri) quyidagi hollarda ota-onalik huquqidan mahrum qilishi mumkin:

ota-onalik majburiyatlarini bajarishdan bosh tortsa, shu jumladan aliment to‘lashdan bo‘yin tovlasa;
uzrsiz sabablarga ko‘ra o‘z bolasini tug‘ruqxona yoki boshqa davolash muassasasidan, tarbiya, aholini ijtimoiy himoyalash muassasasi va shunga o‘xshash boshqa muassasalardan olishdan bosh tortsa;
ota-onalik huquqini suiiste'mol qilsa, bolalarga nisbatan shafqatsiz muomalada bo‘lsa, jumladan jismoniy kuch ishlatsa yoki ruhiy ta'sir ko‘rsatsa;
muttasil ichkilikbozlik yoki giyohvandlikka mubtalo bo‘lgan bo‘lsa;
o‘z bolalarining hayoti yoki sog‘lig‘iga yoxud eri (xotini)ning hayoti yoki sog‘lig‘iga qarshi qasddan jinoyat sodir qilgan bo‘lsa. 

Sud tomonidan barcha ma'lumotlar to‘liq o‘rganildi. Sud V.Vadimovichni qonun doirasida otalikdan huquqidan mahrum qildi. Taraflarga tegishli muddatlarda qaror yuzasidan apellyatsiya va kassatsiya tartibida shikoyat qilishlari mumkinligi tushuntirildi.