O‘zbekiston | 00:43 / 19.05.2018
7983
8 daqiqa o‘qiladi

Daromad solig‘i: turistik sayohatlar bo‘yicha qanday imtiyozlar mavjud?

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining tegishli qaroriga muvofiq, ichki turizmni rivojlantirish maqsadida bir qator imtiyozlar nazarda tutilgan. Xodimlarning sayohati bilan bog‘liq daromadlarga solinadigan jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i bo‘yicha imtiyozni qanday qo‘llash mumkin?

Masalan, xodim dam olish kunida Samarqand shahriga bormoqchi bo‘lsa, buxgalter chipta bilan bog‘liq xarajatlarga ustama xarajatlarni qo‘shishi, xodim esa sayohatdan qaytganidan so‘ng cheklar va vaucherlar orqali hisobot berishi kerakmi? Yoki xodim Samarqandga o‘z hisobidan borib kelib, ushbu holat yuzasidan tegishli tasdiqlovchi hujjatlarni taqdim etsa, joriy yoki keyingi oyda uning sayohat uchun sarflagan mablag‘idan jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i ushlab qolinmaydimi?

Ushbu holat buxgalteriya yozuvlarida qanday tartibda aks ettiriladi?

Ushbu savolga O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi quyidagicha javob beradi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 7 fevraldagi «​Ichki turizmni jadal rivojlantirishni ta'minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida»​gi PQ-3514-sonli qarori 8-bandiga muvofiq, 2018 yilning 10 fevralidan boshlab 3 yil muddatga quyidagi tartib joriy etildi, unga ko‘ra:

• ish beruvchining turizm sohasida faoliyat ko‘rsatish bo‘yicha litsenziyaga ega bo‘lgan sub'yektlardan xodimlar va ularning oila a'zolari uchun respublika bo‘ylab turistik yo‘llanmalarni sotib olish xarajatlari xodimning daromadi sifatida ko‘rib chiqilmaydi hamda yuridik shaxsdan olinadigan foyda solig‘ini hisoblab chiqishda chegirib qolinishi lozim;

• jismoniy shaxslarning soliqqa tortiladigan daromadlari O‘zbekiston Respublikasi bo‘ylab turistik yo‘llanmalarni turizm sohasida faoliyat ko‘rsatish bo‘yicha litsenziyaga ega bo‘lgan sub'yektlardan sotib olishga yo‘naltirilgan xarajatlar summasiga kamaytiriladi.

Bunda turistik yo‘llanma (ayirboshlanadigan vaucher), avia va temir yo‘l chiptalari, avtotransport tashkilotlarining hisob-fakturalari (chiptalari) va joylashtirish vositalari cheklari tasdiqlovchi hujjatlar hisoblanadi.

Shundan kelib chiqqan holda, respublika hududida turistik sayohatni amalga oshirishning ikkita varianti mavjud.

Birinchi holatda korxona tomonidan xodim va uning oila a'zolarining turistik sayohati bilan bog‘liq xarajatlar to‘lab beriladi. Bunda ushbu xarajatlar ish beruvchining xarajatlari bo‘lib, foyda solig‘i to‘lovchilari uchun chegiriladigan xarajatlar hisoblanadi.

Ushbu summaga jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i, yagona ijtimoiy to‘lov va fuqarolarning sug‘urta badallari solinmaydi. Buxgalteriya hisobida ushbu summa 6710 buxgalteriya hisobotida emas, balki xarajatlar (9400) hisobotida aks ettiriladi.

Ikkinchi variantda xodim o‘zining va oila a'zolarining turistik sayohati bilan bog‘liq xarajatlarini o‘zi to‘laydi.

Mazkur holatda jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i bo‘yicha imtiyoz korxonada xodim tegishli tasdiqlovchi hujjatlarni taqdim etganidan so‘ng qo‘llaniladi.

Yuqoridagi qarorda mazkur holat uchun fuqarolarning sug‘urta badallari va yagona ijtimoiy to‘lov bo‘yicha imtiyoz nazarda tutilmagan.

Masalan, xodim mart oyida Samarqand shahriga oilaviy (xodim, uning xotini va ikki nafar farzandi) borish uchun yo‘llanma xarid qilib, aprel oyida tasdiqlovchi hujjatlarni (yo‘llanma, temir yo‘l chiptalari) taqdim etdi. Jami xarajatlar 1,1 million so‘mga teng bo‘ldi. Xodimning aprel oyidagi ish haqi 1 million 500 ming so‘mni tashkil etdi.

Jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i bo‘yicha soliq solinadigan baza 400 ming so‘mga teng. Soliq ushbu summadan umumiy tartibda, shkala bo‘yicha hisoblanadi, shu jumladan, nol darajali stavka ham qo‘llaniladi. Bunda jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i bo‘yicha imtiyozga ega ish haqi summasiga (1,1 million so‘m) fuqarolarning sug‘urta badallari solinishi hamda undan korxona yagona ijtimoiy to‘lovni to‘lashi lozim.

Buxgalteriya yozuvlarida imtiyoz summasi aks ettirilmaydi. Jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i bo‘yicha soliq hisobotida esa ushbu summani imtiyoz sifatida aks ettirasiz. Bunday holatda quyidagi savol yuzaga kelishi tabiiy: agar korxonada tegishli imtiyoz qo‘llanilmagan bo‘lsa, yashash joyi bo‘yicha davlat soliq inspeksiyasi ushbu imtiyozni qo‘llashi mumkinmi?
Yo‘q, bunday variant O‘zbekiston Respublikasi Soliq kodeksida nazarda tutilmagan. Shuningdek, Soliq kodeksining 185-moddasi to‘rtinchi qismiga muvofiq, jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘ining to‘g‘ri ushlab qolinishi va o‘z vaqtida byudjyetga o‘tkazilishi uchun javobgarlik daromad to‘layotgan soliq agentining zimmasida bo‘ladi.

Ta'kidlash kerakki, tegishli imtiyozlarni qo‘llashga diqqat bilan qarash kerak. Xususan, Respublika Prezidentining «​Ichki turizmni jadal rivojlantirishni ta'minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida»​gi qarorida quyidagilar qayd etilgan:

• «​turizm sohasida faoliyat ko‘rsatish bo‘yicha litsenziyaga ega bo‘lgan sub'yektlardan turistik yo‘llanmalarni sotib olish»​. Ya'ni, belgilangan imtiyozlarni har qanday sayohat bo‘yicha emas, balki faqat litsenziyaga ega bo‘lgan sub'yektlarning turistik yo‘llanmasi (ayirboshlanadigan vaucheri) bo‘lgandagina qo‘llash mumkin;

• «respublika bo‘ylab», ya'ni, xorijga turistik sayohatlar belgilangan imtiyozlarga ega emas;

• «​turistik yo‘llanmalarni sotib olish»​, ya'ni, davolanishga yoki bolalar sog‘lomlashtirish oromgohiga olingan yo‘llanmalarga yuqoridagi qarorda nazarda tutilgan imtiyozlar tatbiq etilmaydi. Ushbu maqsadlarga Soliq kodeksining 179-moddasi 2- va 3-bandlarida belgilangan imtiyozlar nazarda tutilgan.

Shuni ham eslatib o‘tamizki, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining yuqoridagi qarori 6-bandiga muvofiq, davlat organlari va boshqa tashkilotlar rahbarlariga:

• jamoaviy shartnomalarga rag‘batlantirish chorasi sifatida davlat organlari va boshqa tashkilotlarning byudjyetdan tashqari mablag‘lari hisobiga o‘z xodimlarining kamida 10 foizini oila a'zolari bilan birgalikda har yili dam olishga (ichki turizmga) yuborishni nazarda tutadigan xodimlarning jamoaviy va oilaviy dam olishini tashkil qilish normasini kiritish;

• xodimlarga mehnat qonunchiligiga muvofiq, ular uchun qulay bo‘lgan vaqtda sayohat qilish va dam olish uchun ta'tilning foydalanilmay qolgan qismi hisobidan dam olish kunlari (otgul) berish;

• Dastur tadbirlarini amalga oshirish doirasida har yili 30 dekabrgacha davlat organlari va boshqa tashkilotlar xodimlari uchun turistik-sayohat turlarini tashkil qilish jadvallarini tasdiqlash tavsiya etilgan.

Алишер Рузиохунов
Tayyorlagan Алишер Рузиохунов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid