O‘zbekiston | 22:56 / 22.05.2018
23200
2 daqiqa o‘qiladi

Seldan ziyon ko‘rgan Jom aholisiga Samarqand shahri yordamga oshiqdi

O‘tgan hafta qattiq yomg‘ir yog‘ishi natijasida Samarqand viloyati Nurobod tumanidagi Jom qishlog‘idagi bir nechta xonadon hovlilariga sel oqib kirgan, fuqarolarga moddiy zarar yetkazilgani, jumladan, ayrim uy-joylar loyqa suv ostida qolib, devorlari nuragani haqida xabar berilgan edi.

Sel oqibatlari FVV qutqaruvchilari tomonidan bartaraf etilib, ziyon ko‘rgan oilalarga mahalliy hokimlik organlari, turli korxona va tashkilotlar moddiy yordam ko‘rsatishga kirishishdi.

Jom qishlog‘ining ikkita mahallasida keyingi ikki oy davomida «Obod qishloq» dasturi doirasida qurilish va obodonlashtirish ishlari amalga oshirib kelinayotgani haqida ham xabar berilgan edi. Afsuski, tabiiy ofat yangini ham, eskini ham ayab o‘tirmadi.

Jomdagi sel haqida xabar kelishi bilan Samarqand shahar hokimligida maxsus shtab tashkil etildi va zarar ko‘rgan oilalarga yordam ko‘rsatish uchun zarur choralar ko‘rila boshlandi. Oziq-ovqat mahsulotlari, kiyim-kechak, poyafzal, ko‘rpa-to‘shak va ro‘zg‘or uchun kerakli buyumlar tayyorlanib, Jomga olib borildi va uyma-uy tarqatildi.

Hammasi bo‘lib aholiga hozircha 27 qop makaron, 10 qop un, shuningdek, guruch, mosh, sariyog‘, tuxum, kartoshka, piyoz va boshqa mahsulotlar, 50 juft oyoq kiyim, 25 ta ko‘rpa, shuncha yostiq hamda choynak, piyola, kosa va boshqalar tarqatib chiqilgan.  

Shahar hokimligining KUN.UZ’ga taqdim etgan ma'lumotlariga qaraganda, jomliklarga ko‘rsatiladigan yordam ko‘lami yanada kengaytiriladi, viloyat markazidagi korxona va tashkilotlar ham ularga qo‘ldan kelguncha yordam ko‘rsatishga tayyorligini ma'lum qilishgan.

O‘z muxbirimiz.

Mavzuga oid