Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Namoz va ro‘zaning savobi yaxshilik qilishda yashirin
Yaxshilik – kishi xulqining ziynatidir. Bundan tashqari, yaxshilik qilish orqali inson o‘z hayotini ham saodatga to‘ldiradi, chunki yaxshi inson har yerda ulug‘ martabalarga erishib kelgan.
Jarir ibn Abdullohdan (r.a) rivoyat qilinadi:
Payg‘ambarimiz (s.a.v): “Kim boshqalarga rahm-shafqatli bo‘lmasa, unga ham rahm-shafqat qilinmaydi (ya'ni, Alloh u odamga rahm qilmaydi)” dedilar.
Sharh: “Qaytar dunyo”, degan hikmat bor-ki, bundan inson bolasi qochib qutula olmaydi. Yuqoridagi hadis mazmuni ham ana shundan darak berib turibdi. Kim rahm-shafqatli bo‘lsa, unga ham rahm-shafqat qaytadi.
Safvon ibn Salim roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
Payg‘ambarimiz (s.a.v): “Kimki beva qolgan va nochor odamga yordam bersa (moddiy ko‘mak ko‘rsatsa) u ... kunduz kunlari ro‘za tutib, kechalari namoz o‘qiydigan odamdek (savobga ega bo‘ladi)” dedilar.
Sharh: Nochor odamlarga yordam qilishlikning savobi ulug‘ligi, uning ajri kunduz kunlari ro‘za tutib, kechalari namoz o‘qiydigan kishiniki singari bo‘lishligini Payg‘ambarimiz (s.a.v) aytib o‘tmoqdalar.
Oysha roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi:
Payg‘ambarimiz (s.a.v) dedilar: “Jabroil (alayhissalom) menga qo‘shnilarga yaxshi munosabatda va xushmuomalada bo‘lishlikni shunchalik ko‘p buyurdilarki, men hatto ularni menga merosxo‘r qilishlikni buyursalar kerak, deb o‘yladim”
Sharh: Shu o‘rinda qo‘shnilarga ham yaxshilik qilish buyurilmoqda. Qo‘shnilar haqi shu qadar yuqoriki, yuqoridagi hadisdagi voqea ham bunga yaqqol misol bo‘la oladi. Bundan kelib chiqadiki, kimki qo‘shnilarini norozi qilsa, ularning ko‘nglini og‘ritsa gunohkor bo‘lib qoladi.
Oysha roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi:
Men dedim: “Yo Allohning Rasuli! Mening ikki qo‘shnim bor. Men qaysi biriga sovg‘amni hadya qilsam?”. Payg‘ambarimiz (s.a.v): “Sizga eshigi yaqin bo‘lgan qo‘shningizga”, deb javob berdilar.
Sharh: Qo‘shnilarga yaxshilik qilishda ham eng yaqin (yon) qo‘shnilardan boshlash bizning muqaddas dinimizda tavsiya qilingan. O‘zbek xalqining “yon qo‘shning, jon qo‘shning”, degan maqoli ham bejiz aytilmagani ma'lum bo‘ladi.
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
Payg‘ambarimiz (s.a.v) dedilar: “Bir odam yo‘lda ketayotib, juda chanqab ketibdi. U odamning yo‘lidan quduq chiqibdi va u quduqqa tushib, undan suv ichibdi. Quduqdan qaytib chiqib qarasa, bir kuchuk qattiq chanqoqlikdan holidan ketay deb loyni yalayotgan ekan (chanqog‘ini bosish uchun). Haligi odam o‘ziga o‘zi: “Bu kuchuk ham men tushgan chanqoqlik holiga tushib, azob chekayapti”, debdi va yana quduqqa tushib, o‘z oyoq kiyimiga suv to‘ldirib, uni og‘zida tishlab olib chiqib, haligi kuchukka beribdi. Shu qilgan ishi uchun, Alloh unga rahmat aytibdi va uni gunohlarini kechib yuboribdi”. Buni eshitayotgan odamlar so‘rashdi: “Yo Rasululloh! Hayvonlarga e'tibor qaratganimizda (xizmat qilganimizda) savob bormi?”. Ular (s.a.v): “Ha, har qanday tirik jonzotga xizmat qilganda, savob bordur” dedilar.
Sharh: Yaxshilik qilish faqat inson bolasiga bo‘lmasligi kerak, balki Alloh tomonidan yaratilgan barcha jonzotlar, o‘simliklar olami bo‘ladimi, barcha-barchasiga yaxshilik qilish, ularga ozor bermaslik lozim. Mo‘min-musulmon kishi hamma yerda o‘zini mana shunday xushfe'l tutishi kerak bo‘ladi.
Anas roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
Payg‘ambarimiz (s.a.v) dedilar: “Agar biror bir musulmon odam bir ko‘chat eksa, va undan odam yoki hayvonlar iste'mol qilsa, u odam shu (yeyilgan) narsani sadaqa qilgandek savobga ega bo‘ladi”.
Mavzuga oid
22:39 / 11.06.2019
Kim bir musulmonning aybini yashirsa, Alloh uning ham ayblarini yashiradi
18:51 / 10.06.2019
Musulmon o‘z birodariga zulm qilmaydi, uni xorlamaydi va yolg‘on so‘zlamaydi
19:11 / 08.06.2019
“Kun hadisi”: “Qaysi biringiz bir yomonlikni ko‘rsa, uni qo‘li bilan tuzatsin...”
18:54 / 06.06.2019