O‘zbekiston | 10:50 / 22.06.2018
2085
3 daqiqa o‘qiladi

Prezident qarori bilan Diplomatiya universitetining asosiy vazifalari belgilandi

O‘zbekiston Respublikasi prezidenti «Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti faoliyatini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarorni imzoladi. Hujjat matni O‘zA tomonidan keltirilgan.

Belgilab qo‘yilishicha, Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi tizimiga kiradi hamda quyidagi yo‘nalishlar bo‘yicha mutaxassislar va ilmiy-pedagogik kadrlar tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasi oshirishni, yuqori darajada fundamental hamda ilmiy-amaliy tadqiqotlar olib borilishini ta'minlaydigan asosiy oliy ta'lim muassasasi hisoblanadi:

  • xalqaro iqtisodiyot va menejment;
  • xalqaro munosabatlar va siyosiy fanlar;
  • xalqaro ommaviy va xususiy huquq;
  • gid hamrohligi va tarjimonlik faoliyati.

Quyidagilar Universitetning asosiy vazifalari va faoliyat yo‘nalishlari etib belgilandi:

  • ilg‘or xorijiy tajribadan, shu jumladan, zamonaviy innovatsion pedagogik texnologiyalar va ilmiy ishlanmalardan foydalanish, mamlakatdagi ta'lim va ilmiy-tadqiqot muassasalarining mazkur yo‘nalishdagi faoliyatini samarali muvofiqlashtirish asosida respublika tashqi siyosiy hamda tashqi iqtisodiy faoliyati sohasida xalqaro mutaxassislarni tayyorlashning yuqori sifatini ta'minlash;
  • talabalarning mustaqil tayyorgarlik ko‘rishini chuqurlashtirishni, ularda tahliliy fikrlashni, mustahkam kasbiy ko‘nikmalarni, yuksak ma'naviy-axloqiy va vatanparvarlik fazilatlarini shakllantirish hamda rivojlantirishni ta'minlaydigan o‘quv rejalari va dasturlarining amaliy mazmunini kuchaytirish;
  • O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi hamda boshqa sohaviy vazirlik va idoralarning doimiy yangilanib turadigan istiqbolli kadrlar zaxirasini shakllantirish maqsadida xalqaro sohadagi kadrlarni qayta tayyorlash hamda ularning malakasini oshirishning samarali tizimini yaratish;
  • xalqaro munosabatlar, xorijlik sheriklar bilan hamkorlik, mamlakatimizning tashqi siyosiy hamda tashqi iqtisodiy faoliyati rivojlanishining prognoz baholarini va istiqbollarini ishlab chiqishga qaratilgan fundamental hamda ilmiy-amaliy tadqiqotlar samaradorligini tubdan oshirish;
  • xalqaro munosabatlarning ustuvor yo‘nalishlari bo‘yicha yuqori malakali ilmiy va ilmiy-pedagogik kadrlarni tayyorlash;
  • xorijiy mamlakatlarning rasmiy tadbirlari va delegatsiyalariga yuksak darajada hamrohlik qilishni ta'minlashga safarbar etilgan yuqori malakali professional tarjimonlar hamda gidlarni o‘qitishning zamonaviy uslublari va vositalaridan foydalangan holda tashkil etish;
  • Universitetning moddiy-texnika bazasini rivojlantirish hamda mustahkamlash, xodimlarni moddiy rag‘batlantirish va ijtimoiy himoya qilishni yaxshilash, ularning samarali ishlashi uchun munosib shart-sharoitlar yaratish bo‘yicha tashkiliy-huquqiy chora-tadbirlarni ishlab chiqish hamda amalga oshirish.