Jamiyat | 20:42 / 28.06.2018
4694
7 daqiqa o‘qiladi

Advokatura instituti islohotga muhtoj. Mavjud muammolar va yechimlar

Foto: pixabay

Joriy yilning 12 may kuni “Advokatura instituti samaradorligini tubdan oshirish va advokatlarning mustaqilligini kengaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PF-5441 sonli prezident farmoni qabul qilindi. Ushbu hujjat advokatura faoliyatini professional ko‘rinishga olib kelishi lozim. Bu institut faoliyati bilan bog‘liq kamchilik va muammolar talaygina. Soha mutaxassisi sifatida mavjud kamchiliklarni sanab o‘tamiz. Ularga yechim berishga harakat qilamiz.

Amaldagi qonunlar qachon qabul qilingan?

Hozirgi kunda advokatura sohasi 1996 yil 27 dekabrdagi “Advokatura to‘g‘risida”gi va 1998 yil 25 dekabrdagi “Advokatlik faoliyatining kafolatlari va advokatlarning ijtimoiy himoyasi to‘g‘risida”gi qonunlar bilan tartibga solinadi. Qonunlar qabul qilinganiga 20 yildan oshdi. Soha islohotlarga muhtoj. Hozirgi kunda advokatlik munosabatlarida ishlatilayotgan terminlar mazkur qonunlarda keltirilmagan va izoh berilmagan (advokat so‘rovi, iltimosnomasi, shikoyati, taklifi, muzokara nutqi, e'tiroznomasi, mulohazasi va b.) .

Oddiygina misol, advokatlik so‘rovi nima, shakli, javob berish muddatlari qanday bo‘lishi kerak, so‘rovga vaqtida javob berilmagan taqdirda ularga qo‘llaniladigan huquqiy javobgarlik masalasi kabilar belgilanmagan. Bunday kamchiliklar advokatlik munosabatlarida tushunmovchiliklarni keltirib chiqaradi. Insonlar yozilgan qonunlarni ustun ko‘rishadi, bo‘ysunadi. Shuningdek, davlat mansabdor shaxslari ham.

Advokat so‘rovi pullik, prokurorniki bepulmi?

1994 yil 3 noyabrdagi “Davlat boji stavkalari to‘g‘risida”gi 533-sonli Davlat boji stavkalari to‘g‘risidagi qarorga ko‘ra, sud qarorlari har bir hujjat varag‘iga boj to‘langanidan so‘ng berilmoqda. Jinoyat protsessual kodeksining tegishli moddalarida jinoyat ishi materiallaridan nusxa olishga haqli ekanligi bildirilgan. Nusxa uchun pul to‘lanishi nazarda tutilmagan. Boshqa kodekslarda ham xuddi shu tartib belgilangan.

Prokuratura to‘g‘risidagi qonunning 6-moddasi 3-qismiga ko‘ra, prokuratura organlari o‘z vazifasini amalga oshirishlari uchun zarur bo‘lgan axborot-hujjatlar va ularning nusxalari mazkur organlarning talabiga muvofiq bepul beriladi deyilgan. Nega? Adolatni ta'minlash uchun advokatura institutiga ham bepul beriladigan qilish maqsadga muvofiq emasmikin?

Advokat so‘rovi notarius tomonidan javobsiz qoldiriladimi?

Notariat to‘g‘risidagi qonunning 18-moddasida notarius majburiyatlari belgilangan. 

Notarius sud prokuratura tergov organlari talabiga binoan mazkur organlarning yurituvida bo‘lgan ishlar bilan bog‘liq notarial harakatlarni amalga oshirganlik to‘g‘risidagi ma'lumotnomalar (ma'lumotlar) berishga majbur. 

Advokat so‘rovi esa qonunda belgilanmaganligi sababli rad etib kelinmoqda. Ishni adolatliligini ta'minlashga xizmat qiluvchi omillar hisobga olinmayapti. 

Advokat ishga kirishishi uchun 24 soat muddat ozmi?

Jinoyat protsessual kodeksining 50-moddasi 3-qismida, tanlangan himoyachining 24 soat ichida ishda ishtirok etishga kirishishga imkoniyati bo‘lmagan hollarda surishtiruvchi, tergovchi, prokuror yoki sud gumon qilinuvchiga, ayblanuvchiga, sudlanuvchiga yoxud ularning qarindoshlariga boshqa himoyachini taklif etishni yoki himoyachi tayinlashni so‘rab O‘zbekiston Respublikasi Advokatlar palatasining hududiy boshqarmasi tomonidan belgilanadigan advokatlik tuzilmalariga murojaat qilishni tavsiya etadi. Gumon qilinuvchi, ayblanuvchi, sudlanuvchi tanlangan himoyachi istalgan vaqtda ishda ishtirok etishga kirishishga haqlidir deyilgan.

Xorij tajribasiga e'tibor berilsa, bu muddat Yevropa davlatlarida 2 sutka, Amerika davlatlarida 3 sutka, yana boshqalarida (misol uchun, Rossiya Federatsiyasida) 5 sutka qilib belgilangan. 

Amaliyotdan kelib chiqib ayta olamizki, bizda ham 3 sutka belgilanishi maqsadga muvofiq. Chunki 3 sutka shaxs himoyasini belgilash uchun yetarli bo‘lib, o‘zi istagan advokatni olish imkoniga ega bo‘ladi. Advokat bilan bemalol uchrashib, yuridik yordam ko‘rsatish yuzasidan shartnoma tuza olish imkoniyati vujudga keladi. 

Nega advokatdan order qayta-qayta so‘raladi?

O‘zbekiston Respublikasi JPKning 49-moddasi 2-qismiga muvofiq, advokatning ishda ishtirok etishiga u advokatlik guvohnomasini ko‘rsatganidan va muayyan ishni yuritishga vakolatli ekanligini tasdiqlovchi orderni taqdim etganidan so‘ng yo‘l qo‘yiladi.

Bunda advokat muayyan ishni yuritishga vakolatli ekanligini tasdiqlovchi orderni taqdim etib, dastlabki tergov davomida ishtirok etdi. Dastlabki tergov tamomlanib, ish birinchi instansiyaga yuborildi. Birinchi instansiyada ish ko‘rish boshlanishidan oldin dastlabki tergovda qatnashgan advokat ishtirok etish uchun kirishmoqchi bo‘lsa, yana undan order so‘raladi. 

Yoki birinchi instansiya sudida qatnashgan advokat apellyatsiya yoki kassatsiya sudida qatnashmoqchi bo‘lsa, undan so‘ng nazorat instansiya sudida qatnashmoqchi bo‘lsa, har bir instansiyaga yangi order so‘raladi. 

Vaholanki, hozirda advokatlar foydalanib kelayotgan order shaklida aniq instansiyalar yozilmagan, ko‘rsatilmagan. Shu kabi har bir instansiyada yangi order talab qilish amaliyoti fuqarolik, iqtisodiy, ma'muriy sud protsesslarida ham davom etib kelmoqda. 

Biroq protsessual qonunchilikda har bir bosqich uchun yangi order taqdim etilishi borasida protsessual normalar mavjud emas. Bu kabi holatlarni oldini olish va ortiqcha qog‘ozbozlikka chek qo‘yish uchun protsessual normalarda advokat bir marotaba order berishi tartibiga aniqlik kiritilishi kerak.

Mahkumlarni kim o‘ylaydi? Intizomiy jazo olayotgan vaqtida advokat himoyasiga muhtoj

Ozodlikdan mahrum qilish tariqasidagi jazoni o‘tayotgan mahkumlarga nisbatan intizomiy jazo choralari qo‘llash jarayonida advokat xizmatidan foydalanish huquqi qonuniy belgilab qo‘yilishi kerak. 

Jazoni ijro etuvchi muassasa ma'muriyati tomonidan nazorat ostidagi mahkumlarga nisbatan intizomiy jazo choralarini qo‘llash amaliyoti mavjud. Bunda mahkumlarga nisbatan intizomiy jazo choralarini qo‘llash vakolatiga ega bo‘lgan muassasa rahbarining yoki uni nazorat qiluvchi mansabdor shaxslarning xohish-irodasi yetarli bo‘ladi. 

Shunday amaliyotga chek qo‘yish uchun O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat-ijroiya kodeksiga tegishli qo‘shimcha normalar kiritilishi lozim bo‘ladi. 

Advokat inson himoyachisi. Yuqoridagi masalalar esa juda muhim. Advokatura instituti ham haqiqiy islohotga muhtoj. Qonunchilik tashabbusiga ega shaxslardan albatta mazkur takliflar bo‘yicha o‘z mulohazalarini kutib qolamiz. Barchamizning asosiy maqsadimiz esa davlatning professional faoliyatini yurgazish va bu yo‘lda uning mexanizmlarini maksimal darajada ishlashini ta'minlash.

“Justice chamber” advokatlik firmasi 
Abdumalik Abdullayev va Xurshed Rustamov

Зафар Солижонов
Tayyorlagan Зафар Солижонов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid