Jamiyat | 23:58 / 30.06.2018
7771
3 daqiqa o‘qiladi

Sharof boboning xalq kutubxonasi: yetti mahalla bolalari undan bahramand

Rishtonlik tadbirkor Dima Qayum (Dilshod Boltaboyev)ning Rishton dehqon bozorida ochgan xalq kutubxonasining dovrug‘i butun dunyoga tarqalib bo‘lgan, desak mubolag‘a bo‘lmaydi.

Ana shunday xalq kutubxonalaridan birini Samarqand tumanining Talibarzui Poyon mahallasida istiqomat qiluvchi 81 yoshni qarshilagan Sharof bobo Mamadaliyev o‘z xonadonida tashkil etdi.

— 25 nevara, 45 chevaraning bobosiman. O‘zimning nevara-chevaralarim kirib kelsa ham kutubxonam to‘lib toshib ketadi, — deydi Sharof bobo. — Hajga borish niyatim bor edi. Lekin yoshim ketib qoldi, ochig‘i, endi umidimni uzdim. Prezidentimizning so‘zlaridan ilhomlanib, xalqqa foydam tegsin, deya ushbu kutubxonani tashkil etdim.

Lekin ayni ta'til kunlarida yon atrofdagi yetti mahallaning bolalari kelib, kutubxonadagi kitoblardan bahramand bo‘lishmoqda.

— Kutubxonamda asosan o‘zim o‘qib chiqqan badiiy, ilmiy kitoblarni to‘plaganman. Ularning soni 1800 dan oshiq edi. Kutubxonaga Samarqanddagi «Kitob olami» do‘koni, kitobxonlarning sa'y-harakati bilan bolalar uchun mo‘ljallangan badiiy kitoblarni ko‘paytirishga erishdik.

Ayni paytda bolalar o‘zlari o‘qish uchun olib ketgan kitobga o‘z ixtiyorlari bilan yana bir kitob qo‘shib kelib topshirishni yo‘lga qo‘yishgan. Kutubxonaga o‘tgan yilning fevralida asos solgan bo‘lsam, mahallalarimiz bolalari o‘rtasida tezda mashhur bo‘ldi, — deydi Sh.Mamadaliyev.

Yoshlar kuni arafasida mazkur kutubxonada O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisining o‘rinbosari Nodir Jonuzoq mehmon bo‘ldi va O‘zbekiston Yoshlar ittifoqi Samarqand tuman kengashi (raisa Madina Baratova) homiyligida Sharof bobo xususiy xalq kutubxonasiga 65 dona bolalar uchun mo‘ljallangan adabiyotlar taqdim etildi.

Tahririyatdan: Sharof bobo Mamadaliyev tashkil etgan xalq kutubxonasi haqida batafsilroq videoreportaj saytimizda keyinroq e'lon qilinadi.

O‘z muxbirimiz.

Mavzuga oid