O‘zbekiston | 19:10 / 03.07.2018
9967
1 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonning xorijdagi 3 elchixonasida yangi lavozim joriy etildi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qaroriga muvofiq shu yilning 1 iyulidan e'tiboran O‘zbekistonning Qirg‘iziston, Tojikiston va Turkmanistondagi elchixonalari shtat jadvaliga savdo-iqtisodiy masalalar bo‘yicha maslahatchi lavozimi kiritildi. Bu haqda Tashqi ishlar vazirligi matbuot xizmati xabar bergan.

O‘zbekiston hukumati qo‘shni mamlakatlar bilan savdo-iqtisodiy aloqalarni kengaytirishga alohida e'tibor qaratgan, bu Tashqi ishlar vazirligining asosiy vazifalaridan biri sifatida belgilab berilgan.

Statistik ma'lumotlarga ko‘ra, 2017 yili O‘zbekistonning Qirg‘iziston bilan tovar aylanmasi 253,9 mln AQSh dollari, Tojikiston bilan 237 mln dollar, Turkmaniston bilan 177,3 mln dollarni tashkil etdi.

Ushbu davrda O‘zbekistonning mazkur davlatlar bilan umumiy tovar aylanmasi 668,2 mln dollarni tashkil etgan, bu 2016 yildagiga nisbatan deyarli 16 foizga ko‘proqdir.

Mavzuga oid