Jamiyat | 20:07 / 05.08.2018
19308
11 daqiqa o‘qiladi

Bulung‘urdagi Qizilqo‘rg‘on qishlog‘i Mustaqillik ayyomigacha obod maskanga aylana olarmikan?

KUN.UZ saytida «Samarqanddagi obod qishloqqa ajratilgan 460 ming dollar qayoqqa g‘oyib bo‘ldi» sarlavhasi ostida samarqandlik jurnalistlar G‘.Abdusalomov va B.Mustanovlarning Bulung‘ur tumanidagi Qizilqo‘rg‘on qishlog‘ida «Obod qishloq» dasturi asosida tayyorlangan materiali berildi.

Sayt xodimlari ushbu materialning «Samarkandskiy vestnik» gazetasining 1 avgust kungi №60-sonida o‘zbekchadan tarjima qilinib e'lon qilingan versiyasini yana qaytadan o‘zbek tiliga o‘girishgan va ayrim tushunmovchiliklar yuzaga kelgan. Shu sababli keyinroq biz maqolaning matnini ham, sarlavhasini ham «Zarafshon» gazetasida chiqqan o‘zbek tilidagi orginali bilan o‘zgartirdik.

Original deyayotgan maqolamizga ma'lumot to‘plash uchun jurnalistlar G‘.Abdusalomov va B.Mustanov Qizilqo‘rg‘on qishlog‘iga 5 iyulda borishgan va bu haqdagi material «Zarafshon» gazetasining 28 iyul kungi №89-sonida e'lon qilingan.

Avvalo, material uchun ma'lumot to‘plangan va u yoritilgan, so‘ngra KUN.UZ’da zarnews.uz saytiga havola berilib e'lon qilingan kun orasida biroz muddat o‘tganligi qayd etish joiz. Ushbu muddatda ham ancha ish amalga oshirib bo‘lingan.

Maqola KUN.UZ’da e'lon qilinganidan so‘ng tahririyatimizga Bulung‘ur tuman prokuraturasidan undagi ayrim abzatslarga e'tirozlar bildirilgan raddiya kelib tushdi va biz vaziyatni qishloqqa borib o‘rgandik.

Qayd etib o‘tish joizki, 2018 yilda obodonlashtiriladigan qishloqlar ro‘yxatida Bulung‘ur tumanidan «G‘o‘bdin» MFY va «Kattaqishloq» MFY ro‘yxatga tushgan va Qizilqo‘rg‘on «G‘o‘bdin» MFYga qarashli qishloqlardan biridir.

Tuman prokuraturasining bizga bergan ma'lumotida tumandagi mahallalarda amalga oshirilayotgan umumiy ishlar ko‘rsatib o‘tilgan, holbuki jurnalistlar faqatgina Qizilqo‘rg‘on qishlog‘ini borib o‘rganishgan va faqat o‘sha qishloqdagi ishlar o‘lda-jo‘lda ekanligini yoritishgan.

«Qizilqo‘rg‘on qishlog‘ida 170 ta xonadonda 2 mingdan ziyod aholi istiqomat qiladi. Tuman hokimligi ma'lumotiga ko‘ra, aholi xonadonlarini ta'mirlash, hududlarni obodonlashtirish, ko‘kalamzorlashtirish, elektr tarmoqlari, tabiiy va suyultirilgan gaz, ichimlik suv ta'minotini yaxshilash, ichki yo‘llarning ta'mirlanishi, infratuzilma obektlarining qurilishi uchun 3 milliard 617 million so‘m mablag‘ sarflanishi rejalashtirilgan», deb yoziladi maqolada.

«Amalga oshirilishi lozim bo‘lgan barcha loyihalar bo‘yicha dastur-smeta tasdiqlanib, joriy yilning 1 sentyabriga qadar muddatlar belgilangan»ligi maqolada alohida qayd etilgan.

Aytish joizki, 3,617 milliard so‘m oxirgi tiyinigacha ajratib bo‘linmagan. Bu mablag‘lar birdan berilmagan, g‘oyib ham bo‘lmagan. Ular bosqichma-bosqich, qilinadigan ishlarga qarab berib boriladi. Mana shu summa AQSh dollarining Markaziy bank tomonidan belgilangan kursiga bo‘linsa — 460 ming dollar paydo bo‘ladi. KUN.UZ’da e'lon qilingan maqolada mana shu raqam sarlavhaga olib chiqilgan.

Tuman prokuraturasi «G‘o‘bdin» MFY raisi R.Abdurahmonov tushuntirishiga binoan jurnalistlar surishtiruvni 2018 yil 5 iyul kuni o‘tkazganini ma'lum qiladi.

Maqolada «biz hamma yerda eski inshootlar, uylar atrofi esa qarovsiz ahvolda ekanligini ko‘rdik. Qishloq markazida ulkan chiqindi uyumi badbo‘y hid taratib turibdi», deya uning tarjima versiyasidan parcha keltiriladi.

Darhaqiqat, qarovsiz uylar bor, qurilish-buzilish ishlari davom etar ekan biroz tartibsizlik bo‘lishiyam turgan gap. Ammo prokuratura «Qishloq markazida ulkan chiqindi uyumi badbo‘y hid taratib turganligi holati o‘rganish davomida aniqlanmadi», deb yozmoqda. Biroq eski kultepa turibdi. Maktabning shundoq yonginasida. Chiqindilar bor, ayrimlariga o‘t ham qo‘yilgan. O‘zimiz ko‘rdik.

«Aniqlanishicha, elektr energiyasi ta'minotini yaxshilash bo‘yicha jami 5,5 km.da («Kattaqishloq» MFY 2,2 km, «G‘o‘bdin» MFYda 3,3 km.) 402,5 mln. so‘mlik tarmoq tortish ishlari rejalashtirilgan, bugungi kunga qadar mahallalar hududidagi 2,3 km havo tarmog‘i daraxtlardan tozalangan. «Kattaqishloq» mahallasida 5 dona, «G‘o‘bdin» mahallasida 4 dona, jami 9 dona transformator punkti mukammal ta'mirlangan», deb yozmoqda prokuratura.

Yuqorida ta'kidlaganimizdek, ma'lum bir joy uchun xos bo‘lgan ma'lumot tumanning umumiy ma'lumoti bilan aralashtirib yuborilmoqda. Xususan, Qizilqo‘rg‘onda simyog‘och simini o‘tkazish uchun xalaqit beruvchi daraxtlarning o‘zi yo‘q. Qizilqo‘rg‘onda hamon eskirgan, qiyshiq simyog‘ochlar turibdi. Almashtirilmagan. Rejalashtirilgan, to‘g‘ri, lekin haligacha qilinmagan. Jurnalist ham ko‘rganini yozgan. Transformator esa ta'mirlangan, ko‘rinib turibdi.

 «Bu holatni tuman hokimligining qurilish bo‘yicha bosh mutaxassisi Alisher Elmurodov elektr energiyasi ta'minotini yaxshilash bo‘yicha hali «O‘zbekenergo» aksiyadorlik jamiyatidan mablag‘ ajratilmagani» bilan izohladi», deyiladi maqolada.

Qishloq hududida yangidan bolalar bog‘chasi binosi qurilmoqda. Ayni paytda, uning g‘isht terish ishlari yakunlanib, ustiga plitalar yopilishga tayyorgarlik ko‘rilmoqda. Prokuratura ma'lumotnomasiga ko‘ra, «Oqdaryo quruvchi savdo» MChJ tomonidan barpo etilayotgan, loyiha qiymati 1 mlrd 778.9 million so‘m bo‘lgan bog‘cha qurilishida grafik doirasida 728,9 million so‘m moliyalashtirilgan, 444,7 million so‘mlik ishlar bajarib bo‘lingan. Bu qurilish ishlarining chorak qismini tashkil etadi.

G‘.Abdusalomovning «Zarafshon» gazetasida e'lon qilingan maqolasida «Achinarlisi, qishloqda birorta savdo do‘koni, tibbiyot muassasasi, aholi hordiq chiqarish uchun maskan yo‘q. Bu kabi obektlar qurilayotganini ham ko‘rmadik. Reja bo‘yicha hududda hammom, dorixona, maishiy xizmat ko‘rsatish uyi va savdo do‘konlari qurilishi lozim. Bu borada hali biror ish boshlanmagani kishini ajablantiradi. Tuman hokimligi mutasaddi xodimining ma'lumotiga ko‘ra, ushbu ijtimoiy obektlarni qurish uchun yer ajratilgan va tadbirkor tomonidan amalga oshirilishi belgilangan», deb yozilgan.

Prokuratura ma'lumotnomasida «Dasturga kiritilgan bozor infratuzilma obektlari qurish/ta'mirlash bo‘yicha jami 9 ta («Kattaqishloq» MFY 7 ta, «G‘o‘bdin» MFYda 2 ta) obektlar qurish va ta'mirlash belgilangan, bugungi kunda tashabbuskor tadbirkorlarga tuman hokimining qaroriga asosan yer maydonlari ajratib berilgan. Infratuzilma obektlarining barchasida qurilish ishlari jadallik bilan olib borilmoqda. Qurilish ishlari 45 foizga bajarilgan. Xususan, tuman hokimining qarorlariga asosan, Dasturga kiritilgan bozor infratuzilma obektlarini amalga oshirish uchun Qizilqo‘rg‘on qishlog‘ida hammom va savdo do‘koni qurish uchun fuqaro Yu.Muhamedovaga, xo‘jalik mollari sotish do‘koni qurish uchun Sh.Abdullayevga yer maydonlari ajratilgan bo‘lib, hammom va savdo do‘koni qurilish ishlari 25 foizga, xo‘jalik mollari sotish do‘koni qurilishi 80 foizga bajarilgan, deb ko‘rsatilmoqda.

«Yana bir salbiy holatlardan biri bu qishloq aholisida boqimandalik ruhi hukmronligidadir. Buni xonadonlar atrofi yantoqzorga aylanganidan ham bilsa bo‘ladi. Aholi hatto o‘z uylari hududini obodonlashtirishga ham hafsala qilmasligi yaqqol ko‘rinib turibdi. Tuman mutasaddilari, mahalla raisi va faollari aholi bilan bu borada suhbatlar o‘tkazish, obodonlashtirish ishlariga ularni ham jalb etish masalalariga nega e'tiborsizlik bilan qaramoqda?» — deyilgan maqolada.

«Viloyat rahbarlari, xususan, viloyat prokurori va uning o‘rinbosarlari, tumandagi 4 ta sektor rahbarlari va tuzilgan ishchi guruhi vakillari tomonidan «Obod qishloq» dasturiga kiritilgan «Kattaqishloq» va «G‘o‘bdin» mahalla fuqarolar yig‘inlari aholisining huquqiy ongi, tibbiy va turmush madaniyatini oshirish, shaxsiy tomorqadan foydalanishga o‘rgatish hamda sog‘lom turmush tarziga jalb qilish, o‘z qishloqlarida bo‘layotgan qurilish va obodonlashtirish ishlariga xayrixoh bo‘lish, tozalik va ozodalikka rioya etishlari bo‘yicha suhbatlar o‘tkazilgan. Biroq, ayrim insonlarda haligacha boqimandalik kayfiyati mavjudligini inkor etib bo‘lmaydi», deyiladi prokuratura ma'lumotnomasida.

G‘olib Abdusalomov o‘z maqolasini «Mustaqilligimizning 27 yilligi arafasida barcha ishlar yakuniga yetkaziladi, deyayotgan tuman hokimligi mutasaddilari shu kunga qadar jadallashmagan ishlar qisqa vaqtda amalga oshishiga, belgilangan muddatda yakunlanishiga ishonarmikan? Maqola sarlavhasidagi savolni qo‘yganligimizning ham mohiyati shunda. Javobini esa mutasaddilardan kutib qolamiz», deb yakunlagan.

Biz 4 avgust kuni borib yana o‘rganganimizda ko‘p joylarda devorlar beton blok g‘isht bilan ko‘tarilgani, bo‘yalganiga guvoh bo‘ldik. Temir yo‘l yoqasida joylashgan uylarning devorlari chiroyli qilib oqlangan. Atrofdagi yantoqlardan tozalangan.

Qishloqqa vodoprovod suvi o‘tkazish uchun ish jadal olib borilmoqda.

Qishloq yo‘llarini sifatli ta'mirlash uchun shag‘al yotqizish ishlari ham olib borilmoqda. Devorlari yiqitilgan joylarga ham blok g‘ishtlar keltirilib qo‘yilgan.

Qishloqda ishlar o‘ta sekin bormoqda. Buni bir necha viloyatlarda «Obod qishloq» dasturi bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlarni o‘z ko‘zi bilan ko‘rgan kishi sifatida yozayapman. Masalan, biz borgan kuni (4 avgust) biror shtab, mutasaddilarni uchratmadik. Mahalla fuqarolari yig‘ini raisini telefonda chaqirsak ham kelmadi.

Xullas, mabodo, qishloqni obodonlashtirish ishlari 1 sentabr — Mustaqillik kunigacha to‘liq yakunlanmaydigan bo‘lsa ham, barcha ishlarni o‘lda-jo‘lda, o‘z holiga tashlab qo‘ymasdan, ajratiladigan mablag‘lardan oqilona foydalanib, sifatli qilib o‘z yakuniga yetkazilishini istar edik.

Shuhrat Shokirjonov,

Kun.uz muxbiri

Mavzuga oid