Bunday savolni bejizga qo‘ymadik. Sababi, Bulung‘ur tumanida "Obod qishloq" dasturi doirasida Qizilqo‘rg‘on qishlog‘ida olib borilayotgan obodonlashtirish va bunyodkorlik ishlari bilan tanishish jarayonida bu borada yetarlicha muammolar borligiga guvoh bo‘ldik.

Ushbu qishloqda 170 ta xonadonda 2 ming¬dan ziyod aholi istiqomat qiladi. Tuman hokimligi ma'lumotiga ko‘ra, aholi xonadonlarini ta'mirlash, hududlarni obodonlashtirish, ko‘kalamzorlashtirish, elektr tarmoqlari, tabiiy va suyultirilgan gaz, ichimlik suv ta'minotini yaxshilash, ichki yo‘llarning ta'mirlanishi, infratuzilma obektlarining qurilishi uchun 3 milliard 617 million so‘m mablag‘ sarflanishi rejalashtirilgan.

Amalga oshirilishi lozim bo‘lgan barcha loyihalar bo‘yicha dastur-smeta tasdiqlanib, joriy yilning 1 sentyabriga qadar muddatlar belgilangan.

Ayni vaqtda qishloq orasidan o‘tgan temiryo‘lga yaqin ayrim xonadonlarda devor qurish ishlari olib borilmoqda. Ichki yo‘llarni ta'mirlash uchun shag‘al to‘kish ishlari faqat qishloqning kirish qismida davom etmoqda. Qishloq ichidagi tuproq yo‘llardan esa chang ko‘tariladi.

Tuman hokimligi tomonidan taqdim etgan ma'lumotda shunday ko‘rsatilgan: "Qishloqdagi 64 ta xonadonda oqlash, bo‘yash, ta'mirlash ishlari yakuniga yetkazilgan. Qolgan xonadonlarni ta'mirlash, atroflarini obodonlashtirish ishlari olib borilmoqda".

Aslida-chi? O‘rganishimiz davomida birorta xonadonda ta'mirlash yoki obodonlashtirish ishlari olib borilayotganini ko‘rmadik. O‘sha eski devor, loysuvoq va qiyshaygan eski darvozalar kishi ta'bini xira qiladi. Hudud, ayniqsa, aholi xonadonlari atrofi yantoqzorga aylangan. Qishloq o‘rtasida turli chiqindilardan kultepa bo‘y ko‘targan. Undan taralayotgan badbo‘y hidga chidab bo‘lmaydi.

Elektr ta'minotini yaxshilash borasida ishlar boshlanmagan. Elektr energiyasi o‘tkazilgan eski simyog‘ochlar hali almashtirilmagan. Bu holatni tuman hokimligining qurilish bo‘yicha bosh mutaxassisi Alisher Elmurodov elektr energiyasi ta'minotini yaxshilash bo‘yicha hali "O‘zbekenergo" aksiyadorlik jamiyatidan mablag‘ ajratilmagani bilan izohladi.
Qishloqda qurilishi rejalashtirilgan 1 ta maktabgacha ta'lim muassasasida endi beton ishlari amalga oshirilmoqda. Ushbu qurilishga 1 milliard 778 million so‘m ajratilishi ko‘zda tutilgan. Amalda shu kunga qadar belgilangan mablag‘ning 482 million so‘mi, ya'ni 28 foizi moliyalashtirilgan, xolos.