Jahon | 23:55 / 23.08.2018
9819
5 daqiqa o‘qiladi

Qirg‘iziston-Turkmaniston munosabatlarida yangi sahifa ochildi

Qirg‘iziston Respublikasi prezidenti Sooranboy Jeenbekov 23 avgust kuni Turkmanistonga davlat tashrifini amalga oshirdi. Tor va kengaytirilgan tarkibdagi muzokaralardan so‘ng ikki davlat rahbarlari Sooranboy Jeenbekov va Gurbanguli Berdimuhammedov ommaviy axborot vositalari uchun qo‘shma bayonot berishdi.

Foto: aa.com.tr

Tarixiy tashrif

Jeenbekov Turkmaniston prezidenti va butun turkman xalqiga mehmondo‘stlik uchun minnatdorchilik bildirdi.

"Bu mening Turkmanistonga birinchi tashrifim. Bugun biz ikki tomonlama munosabatlarning hozirgi holati va istiqbollarini muhokama qildik hamda bundan keyingi hamkorlik yo‘nalishlarini belgilab oldik. Biz Qirg‘iziston Respublikasi va Turkmaniston o‘rtasidagi Strategik hamkorlik to‘g‘risidagi deklaratsiyani imzoladik. Bu ikki tomonlama munosabatlardagi tarixiy hodisa bo‘lib, mamlakatlarimizning do‘stlik va hamkorlik tarixida yangi sahifani ochadi", - dedi Sooronboy Jeenbekov.

U bugungi muzokaralar qirg‘iz-turkman aloqalarini mustahkamlash, ularni barcha sohalarda rivojlantirish yo‘lida xizmat qilishini ta'kidladi. Shuningdek ikki mamlakat siyosiy, savdo-iqtisodiy va madaniy-gumanitar yo‘nalishlar bo‘yicha hamkorlik darajasini kengaytirishini ma'lum qildi. Jeenbekov Qirg‘iziston va Turkmaniston o‘rtasidagi o‘zaro tovar aylanmasini oshirish zarurligini qayd etdi.

Qo‘shma bayonotda bugungi uchrashuvlar yakunlariga ko‘ra ikki tomon muhim hujjatlar paketini imzolangani e'lon qilindi.

Sooronbay Jeenbekov Gurbanguli Berdimuhammedovga ikki davlat o‘rtasidagi do‘stona aloqalar rivojiga qo‘shgan hissasi uchun tashakkur aytib, uni javob tashrifi bilan Qirg‘izistonga borishga taklif etdi.

Foto: Vzglyad.az

Qanday hujjatlar imzolandi?

Jeenbekovning davlat tashrifi yakunlariga ko‘ra, mamlakatlar o‘rtasidagi munosabatlarni faollashtirishga yo‘naltirilgan hukumatlararo hujjatlar paketi hamda Turkmaniston va Qirg‘iziston o‘rtasidagi strategik hamkorlik to‘g‘risidagi deklaratsiya imzolandi.

Tomonlar Deklaratsiya ikki tomonlama munosabatlarda tarixiy voqea hisoblanishi va o‘zaro hamkorlik aloqalarining yangi sahifasini ochishiga umid bildirishmoqda.

Shuningdek savdo aloqalarining rivojlanishiga yo‘naltirilgan quyidagi hukumatlararo hujjatlar paketi imzolandi:

1. Qirg‘iziston va Turkmaniston hukumatlari o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy va gumanitar hamkorlik to‘g‘risidagi kelishuv;

2. Ikki tomonlama soliqqa tortishni bartaraf etish va daromad solig‘idan bo‘yin tovlashning oldini olish to‘g‘risidagi kelishuv;

3. Favqulodda vaziyatlardan ogohlantirish va ularning oqibatlarini bartaraf etish to‘g‘risidagi kelishuv;

4. Qirg‘iziston Respublikasi Madaniyat, axborot va turizm vazirligi hamda Turkmanistonning televideniye, radioeshittirishlar va kinematografiya davlat qo‘mitasi o‘rtasida kino ishlab chiqarish va teleradioeshittirishlar sohasida hamkorlik qilish to‘g‘risidagi kelishuv;

5. Ikki mamlakat hukumatlari o‘rtasida transport sohasidagi hamkorlikning asosiy tamoyillari to‘g‘risidagi anglashuv memorandumi;

6. Qirg‘iziston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi, oziq-ovqat sanoati va melioratsiya vazirligi hamda Turkmanistonning Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligi o‘rtasida qishloq xo‘jaligi sohasida hamkorlik qilishga doir anglashuv memorandumi doirasida ikki tomonlama hamkorlikni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha chora-tadbirlar rejasi;

7. 2019-2020 yillar uchun Qirg‘iziston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi va Turkmaniston TIV o‘rtasidagi hamkorlik dasturi;

8. Arxiv ishi bo‘yicha hamkorlik qilish to‘g‘risidagi dastur;

9. Bishkek va Ashxobod shaharlari o‘rtasida birodarlik aloqalarining o‘rnitilishi haqidagi hujjat;

10. Qirg‘iziston sanoatchilar va ishbilarmonlar ittifoqi hamda Turkmaniston sanoatchilar va ishbilarmonlar ittifoqi o‘rtasida hamkorlik to‘g‘risidagi kelishuv;

Foto: kabar.kg

Taklif

Turkmaniston prezidenti Gurbanguli Berdimuhammedov Markaziy Osiyo davlat rahbarlari Maslahatlashuv  kengashini yaratishni taklif qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bundan avval Turkmaniston Markaziy Osiyo mintaqasidagi siyosiy muloqotning yangi formatini yo‘lga qo‘yish masalasini ko‘targan. O‘zaro hamkorlik qilishning uch bosqichli modeli taklif etilgan - ekspertlarning tayyorgarlik uchrashuvi, tashqi ishlar vazirlari yig‘ilishlari, Markaziy Osiyo davlat rahbarlari sammitlari.

"Agar bunday tajriba ijobiy samara bersa, kelgusida Markaziy Osiyo davlat rahbarlarining Maslahatlashuv kengashini yaratish haqida o‘ylash mumkin", - dedi u.

Turkmaniston prezidentining fikricha, mintaqaviy muloqotning bunday shakli barcha masalalarni samarali hal qilish va buning uchun zarur siyosiy baza yaratish imkonini beradi.

Mavzuga oid