Jahon | 11:43 / 27.08.2018
32979
2 daqiqa o‘qiladi

AQShning Rossiyaga qarshi yangi sanksiyalari kuchga kirdi

Foto: AP

Vashingtonda dushanba soat 00:00dan (Toshkent vaqti bilan 9:00)dan boshlab Rossiyaga qarshi yangi sanksiyalar to‘plami kuchga kirdi.

Davlat departamenti kosmik sanoat va fuqarolik aviatsiyasi sohasida eksportdan tashqari, Rossiyaga qurol va ikkilamchi mahsulotlar eksporti uchun litsenziya bermaydi. Shuningdek, AQShning Rossiyaga har qanday yordami to‘xtatildi, shoshilinch gumanitar yordam, oziq-ovqat va boshqa qishloq xo‘jaligi mahsulotlari bundan mustasno.

Moskva Amerika muassasalari tomonidan «har qanday kredit, kredit kafolati va boshqa moliyaviy yordam»dan mahrum bo‘ladi.

AQSh hukumati 8 avgust kuni elektronika hamda neft va gaz sanoatining tarkibiy qismlari va texnologiyalari eksportiga ta'sir ko‘rsatadigan yangi iqtisodiy cheklovlarni e'lon qildi. Tegishli qonun loyihasining tashabbuskorlari Moskvani Britaniyaning Solsberi shahridagi kimyoviy hujumga aloqadorlikda ayblamoqda. Rossiya ayblovlarni rad etyapti va dalillarning yo‘qligini bildirmoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Credit Suisse rossiyaliklarning 5 mlrd dollarlik aktivlarini muzlatgani xabar qilingandi.

Mavzuga oid