O‘zbekiston iqtisodiyotini muvaffaqiyatga eltuvchi 7 savolga ekspert javobi
Iqtisodiy o‘sish, inflyatsiya va aholi bandligi har qanday mamlakatda asosiy makroiqtisodiy masalalardan biri hisoblanadi. Muammo shundaki, bu vazifalarning barchasini maqsad qilib olgan hukumat ularga bir vaqtda erisha olmaydi: mamlakat yuqori iqtisodiy o‘sish ko‘rsatkichiga erishsa, inflyatsiya darajasi ham baland bo‘lishi, past inflyatsiya bo‘lganda esa ishsizlik darajasi o‘sib ketishi[1] va ish bilan bandlik darajasining pasayishi kutiladi. Shu sababli, dunyo mamlakatlari tajribasida inflyatsiya darajasini ma'lum darajada ushlab, iqtisodiy o‘sishni maksimallashtirish kabi maqsadni o‘z oldiga qo‘yish kuzatilmoqda.
Makroiqtisodiy vazifalarning har biri alohida o‘rganilgani bois, ushbu maqolada iqtisodiy o‘sishga doir masalalarga amaliy urg‘u berishni maqsad qilib oldik. Iqtisodiy o‘sish iqtisodiy tushuncha bo‘lishiga qaramay, unga erishish yo‘lida amalga oshiriladigan islohotlar ko‘lami fuqarolar jamiyatining barcha jabhalari, jumladan qishloq xo‘jaligi, sud-huquq va boshqa sohalarni qamrab oladi.
Avvalo, iqtisodiy o‘sish aholining turmush tarzini yaxshilash uchun zarurdir. Masalan, rivojlangan mamlakatlarda yashovchi aholi uzoqroq umr ko‘radi, nisbatan yaxshiroq sog‘liq ko‘rsatkichi va yuqoriroq daromadga ega bo‘ladi. Rivojlanayotgan mamlakatlarda esa aholining turmush tarzini yaxshilashning birdan bir yo‘li – bu iqtisodiy o‘sishning yangi manbalarini topishdan iborat, chunki iqtisodiy o‘sish iqtisodiyotda yangi ish o‘rinlarini yaratishga zamin yaratadi.
Haqiqatan, Xitoy, Koreya va Vetnam kabi mamlakatlarda kuzatilgan yuqori iqtisodiy o‘sish ko‘rsatkichlari ushbu mamlakatlarda qashshoqlik darajasini keskin pasaytirishga imkon berdi. Iqtisodiy o‘sish yo‘q bo‘lgan sharoitda esa aholining turmush tarzi yaxshilanishi kutilmaydi[2]. Iqtisodiy o‘sish mavzusini atroflicha o‘rganish maqsadida iqtisodiy o‘sish masalari bo‘yicha ekspert – Jorj Vashington universiteti (AQSh) professori Denni Layptsiger va Moliya vazirligi rahbariyati ishtirokida joriy yilning avgust oyida davra suhbati bo‘lib o‘tdi. O‘zR Moliya vazirligi huzuridagi byudjyet-soliq tadqiqotlari instituti bilan hamkorlikda muhokamada ko‘tarilgan ayrim iqtisodiy masalalar va ekspert javoblari O‘zbekiston sharoitida tatbiq qilish nuqtai nazaridan qiziqarli bo‘lgani uchun ularni bir-biriga bog‘langan mavzularga ajratildi va shularni e'tiboringizga havola etamiz.
1-mavzu: O‘zbekistonning aholi jon boshiga to‘g‘ri keladigan daromadini ikki marta oshirish uchun qanday ishlar amalga oshirilishi kerak?
Sanoqli davlatlargina barqaror ravishda yiliga 7 foiz darajada iqtisodiy o‘sish suratlariga erishgan. Bugungi kunda amalga oshirilayotgan izchil islohotlar kutilgan natijalarni bersa, O‘zbekiston bunday mamlakatlar qatoriga kirish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Shu bilan birga, bu savol faqat yuqori iqtisodiy o‘sishga erishish masalasi emas, balki bu o‘sishdan kim naf ko‘rishi haqida ham bo‘lishi kerak. Shunday ekan, millatning turmush tarzini yaxshilashga qaratilgan iqtisodiy va ijtimoiy siyosat balansini ta'minlash kerak.
Aholi jon boshiga to‘g‘ri keladigan daromadni ikki marta oshirish uchun Iqtisodiy o‘sish va rivojlanish komissiyasi[3] islohotlarni to‘g‘ri amalga oshirish kerakligi va bu uzoq muddatli jarayon ekanligini ta'kidlaydi. Iqtisodiy resurslar samarali ishlatilishi lozim. Bu (1) kapital resurslari birinchi navbatda samarasi yuqori bo‘lgan sektorlarga yo‘naltirilishi; (2) inson kapitali rivojlantirilishi va undan samarali foydalanilishi; (3) to‘g‘ri narx signallarini aks etgan ishlab chiqarish tashqi bozorlarda raqobatbardosh va eksportbop bo‘lishi; (4) iqtisodiy siyosatning barqaror va to‘g‘ri koordinatsiya qilinishi; va (5) mamlakat kelgusi 10 yoki 20 yil ichida qanday rivojlanish darajasiga erishishi to‘g‘risida aniq maqsadlarga ega bo‘lishi lozim.
Sanab o‘tilgan besh omilga erishish murakkab masala sifatida ko‘riladi. O‘zbekiston uchun bu – yanada murakkab jarayon, chunki bugungi kunda u bozor iqtisodiyotiga o‘tish davridadir. Ushbu omillarning barchasiga birdaniga erishib bo‘lmaydi, lekin iqtisodiyotni ortga tortayotgan sohalar aniq belgilanishi va ulardagi muammolarni bartaraf etish rejalari puxta tuzilishi lozim.
O‘zbekistonda valyuta bozori va amalga oshirilayotgan narx liberalizatsiyasi sohalaridagi islohotlar asosiy qadam bo‘ldi. Bu islohotlar, umumiy ma'noda, soliqlar orqali davlat byudjyeti tomonidan moliyalashtiriladigan davlat investitsiyalarini amalga oshirish uchun, jumladan, infrastruktura, ta'lim, sog‘liqni saqlash hamda yangi texnologiyalarni joriy qilish uchun izchil davom ettirilishi kerak.
2-mavzu: O‘zbekistonda birinchi navbatda isloh etilishi zarur sohalar qaysi?
Jahon banki va boshqa turli yo‘nalishlarga ega bo‘lgan tashkilotlar yordamida islohot yo‘nalishlari belgilanadi. Bunda, isloh qilinishi zarur sohalar aniqlangandan so‘ng, islohotlarning jamiyat uchun oqibatlarini tushunib yetish, bunday bosqichdan o‘tgan boshqa mamlakatlar tajribasini o‘rganish va tanlangan islohotlarni samarali va to‘g‘ri koordinatsiya qilish murakkab vazifa sifatida ko‘riladi.
Bugungi kunda O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev boshchiligida hukumat islohotlarning to‘g‘ri ishlab chiqilishi va amalga oshirilishi uchun zarur shart-sharoitlarni yaratish choralarini ko‘rmoqda. Shu bilan birga, fuqarolar uchun muayyan islohotlarning nima uchun amalga oshirilayotgani, ularning asosiy maqsadlari va uzoq muddatda qanday naf olishlari haqida targ‘ibot-tashviqot ishlari olib borilmoqda.
Islohotlarni amalga oshirish, belgilangan vazifalarni bajarishda “eski” usullardan voz kechib, yangi usullarga o‘tishni taqozo etadi. Hukumat bu o‘tish davri qiyinchiliklaridan xabardor bo‘lishi va ularga tayyor bo‘lishi kerak. Men islohotlarning ustuvor yo‘nalishlari ro‘yxatida (1) yalpi ichki mahsulot hamda eksport hajmini oshirish imkonini beruvchi qishloq xo‘jaligidagi islohotlar; (2) davlat korxonalaridan ko‘ra kichik va yangi korxonalarga kredit resurslarini ajratish; (3) energetika sektori samaradorligini oshirish; (4) to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarni jalb qilish uchun zarur boshqaruv va sud islohotlari; va, shuningdek, (5) davlat va xususiy korxonalar eksportini rag‘batlantiruvchi islohotlarni kiritgan bo‘lardim, chunki eksport milliy samaradorlik o‘lchovini ta'minlaydi.
3-mavzu: Davlat korxonalarining samaradorligi haqida
Davlat korxonalari haqidagi fikrim pragmatik. Ayrim sanoat turlarining tabiati ularning davlat korxonalari sifatida ish yuritishini taqozo etadi. Boshqalari esa davlat korxonalari sifatida iqtisodiy afzallikka ega emas. Bundan tashqari, ikkala holatga ham bir vaqtda tegishli (“kulrang” soha) sanoat turlari mavjud. Suv va sanitariya xizmatlarini ko‘rsatish sohasi, masalan, men uchun “kulrang” sohaga kiradi, chunki davlat korxonasi sifatida firma faoliyati samarali yoki samarasiz bo‘lishi mumkin. Bunday firma xususiy bo‘lsa, tartibga solish organi faoliyatining sifatiga bog‘liq ravishda, samarali yoki samarasiz bo‘lishi mumkin. Lekin, sement ishlab chiqarish, avtomobil ishlab chiqarish yoki to‘qimachilik sohalarida samarali davlat korxonalari kamdan-kam uchraydi. Shuning uchun mening bu boradagi fikrim pragmatik, ya'ni, resurslarni kerak bo‘lmagan sohadagi davlat korxonalarini qo‘llab-quvvatlash uchun yo‘naltirilishiga qat'iy qarshiman, chunki bu holat xususiy kapitalni “siqib” chiqaradi. Buning ustiga, bunday korxonalar monopoliya statusiga ega bo‘lsa, ular o‘ta yuqori darajadagi narxlar o‘rnatib, yangi firmalarning bozor ishtirokchisi sifatida faoliyat yuritishi va sog‘lom raqobatni ta'minlashiga to‘sqinlik qiladi.
Jahon tajribasida xususiy sektor yaxshiroq xizmat ko‘rsatishi mumkinligi haqida kuchli ishonch bor. Biroq, xususiy sektor uning faoliyati to‘g‘ri tartibga solingandagina yaxshi natija beradi. Davlat korxonasi monopoliyasini xususiy korxona monopoliyasiga almashtirishning hech qanday afzalligi yo‘q. Bunga Meksikada amalga oshirilgan telekommunikatsiya sektorini xususiylashtirish va uning oqibatlari yaqqol misol bo‘lishi mumkin. Shuning uchun xususiylashtirish jarayonini to‘g‘ri tartibga solish va boshqaruv bilan birgalikda amalga oshirilishi lozim.
4-mavzu: Raqobat haqida ko‘p gapiramiz. Uning islohotlar muvaffaqiyatli bo‘lishida ahamiyati qanday?
Ushbu bog‘liqlikni payqaganingiz juda to‘g‘ri. Shunisi ayonki, ichki bozori himoyalanib, past darajadagi raqobatga ega davlatlar kamdan kam holatda global bozorda raqobatbardosh bo‘ladi. Bozor iqtisodiyotiga o‘tuvchi mamlakatlarda, odatda, raqobat qo‘mitalari hukumat e'tiboridan chetda qolib, ular qonuniy vakolatlari cheklangan bo‘ladi. Shuning uchun, mahalliy firmalar ichki bozorda o‘zini yaxshi his qiladi, chunki import cheklovlari ularning holatlarini mustahkamlashga yordam vazifasini o‘taydi. Bunday holatda ushbu firmalar yanada samarali bo‘lishga intiladimi? Xorij mamlakatlari bozoriga chiqishga harakat qiladimi? Ishonchim komilki, dunyo miqyosida raqobatbardoshlikka erishish uchun firmalar mahalliy bozorda o‘z mavqei uchun kurashishi kerak va bu ichki raqobat darajasi muhim ahamiyatga egaligini ko‘rsatadi.
Yana bir omil – texnologiyaning ishlab chiqarish jarayoni va joyi qaysi turdagi yangi mahsulotlarni taklif etish yo‘llarini o‘zgartirmoqda. Bu firmalarning o‘zgarishlarga moslashuvchan hamda kelajakka nazar solib faoliyat yurgizishini taqozo etadi. Bundan tashqari, yangi firmalar o‘z g‘oya va texnologiyalari bilan bozorga kira olishi, kerak bo‘lganda moliyaviy resurslar topa olishi, g‘oya yetarli darajada kuchli bo‘lsa, kerakli hajmda ishlab chiqarib, eksport qila olishi lozim. Bu mahsulotlar ishlab chiqarishga tegishli bo‘lsa-da, xizmatlar sohasida qo‘llanilishi ko‘proq uchraydi.
Yana bir marta ta'kidlash joizki, raqobat bozor samaradorligini oshiradi.
5-mavzu: Garchi bozor iqtisodiyoti yuqori natijalarga erishish imkoniyatini bersa-da, bir qator davlatlar sanoat siyosati[4]ni amalga oshirgan va bu orqali ustuvor korxonalarni tanlab olgan. O‘zbekiston qanday iqtisodiy siyosat yuritishi kerak?
Sanoat siyosati ko‘plab shakllarda namoyon bo‘lishi mumkin. Agar hukumat ustuvor korxonalarni kerakli shart-sharoit yaratmasdan tanlasa, bunday qaror muvaffaqiyatsiz bo‘lishi mumkin. Makroiqtisodiy boshqaruvi sust bo‘lib, iqtisodiy resurs narxlari va taqsimlanishi “noto‘g‘ri” bo‘lgan davlatlarda sanoat siyosatini yuritish yaxshi g‘oya hisoblanmaydi. Sharqiy Osiyodagi bir qator davlatlar bunday siyosatni amalga oshirgan, ba'zilari yaxshi natijalarga erishgan bo‘lsa-da, yo‘l qo‘yilgan xatolar, korrupsiya va ustuvor bo‘lmagan sanoatga ko‘rsatilgan bosim ushbu siyosatni qimmatga tushirgan.
Koreya va Malayziya davlatlari ushbu turdagi tajribani boshdan kechirdilar va ularda bunday siyosatni amalga oshirish uchun shart-sharoiti mavjud edi. Singapurda faol sanoat siyosati bilan birga maxsus davlat va biznes orasidagi munosabatlar ham o‘rnatilgan. Xitoy kelajakda kuchli davlat siyosati yuritishini e'lon qildi, lekin bunday siyosatni moliyalashtirish uchun katta miqdordagi jamg‘arma fondlarini to‘g‘ri yo‘naltirish masalasi turibdi.
Ko‘p mamlakatlar muayyan turdagi innovatsiya siyosatiga ega va bunda qo‘yiladigan asosiy masala –xatti-harakatlarning qanchalik muvaffaqiyatli va samarali tashkil qilinishi. Innovatsiya siyosatini muvaffaqiyatli amalga oshirgan mamlakatlarda ochiq bozor, yetarli venchur kapitali mavjud va eksportni rag‘batlantiruvchi muhit hukm surgan. Innovatsiya siyosati va sanoat siyosati o‘rtasida katta farq bo‘lsa-da, bir sektorga iqtisodiy siyosatni yo‘naltirish mumkin, lekin alohida tor yoki kichik sanoat va korxona uchun bunday qilishdan qochish kerak. Shunday ekan, bozor munosabatlariga o‘tish davridagi mamlakatlarga mening tavsiyam: tor darajadagi sanoat siyosatidan uzoq turish kerak.
6-mavzu: O‘zbekistonda makroiqtisodiy boshqaruvning amalga oshirilishi va koordinatsiyasi to‘g‘risida nimalar deyish mumkin?
Birinchidan, makroiqtisodiy boshqaruv hukumatning siyosiy kuchini ifodalagani bois uni ko‘llab-quvvatlash kerak. Makroiqtisodiy mashinaning turli qismlari bir biri bilan yaqindan hamkorlik qilishi va og‘ir vaziyatlarga tayyor bo‘lishi zarur – bu yetarli zaxira (va eksportni rivojlantirish) yig‘ish yoki kelajakka qaratilgan barqaror byudjyet daromadlarini ta'minlashni nazarda tutadi. Bu - Sharqiy Osiyoda mamlakatlari iqtisodiy muvaffaqiyatlaridan kelib chiqadigan darsdir.
Mavzuga oid
20:57 / 08.11.2024
Xitoy iqtisodiy o‘sishni rag‘batlantirish uchun trillion dollar ajratdi
19:32 / 07.11.2024
Tramp O‘zbekiston bilan munosabatlarni qanday olib boradi?
17:48 / 06.11.2024
«O‘zbekiston qit’alarimiz chorrahasida joylashgan va global aloqalarimiz markazida bo‘lishi lozim» - Ursula fon der Lyayyen
19:18 / 05.11.2024