Jahon | 15:24 / 03.09.2018
14599
2 daqiqa o‘qiladi

Tojikiston O‘zbekiston tufayli elektr energiyasi eksporti rejasini ortig‘i bilan bajardi

Foto: businessdayonline.com

Tojikistondan O‘zbekistonga elektr energiyasi eksport qilish hajmining o‘sishi joriy yilning ikkinchi yarmi boshlanishi bilan yuz berdi. Joriy yilning iyul oyida O‘zbekistonga 417 million kilovatt-soat elektr energiyasi yetkazib berildi. Bunga qadar O‘zbekistonga 110-120 mln kilovatt-soat har oyda eksport qilingan, deyiladi «Tojikistonda monitoring va erta ogohlantirish» hisobotida. Bu haqda «ASIA-Plus» yozmoqda.

Tojikiston bu yil aprel oyidan boshlab to‘qqiz yillik tanaffusdan so‘ng O‘zbekistonga elektr energiyasini yetkazib bera boshladi. Kutilishicha, joriy yilning oxirigacha Tojikiston O‘zbekistonga kamida 1,5 milliard kilovatt-soat elektr energiyasi eksport qiladi.

Ikki mamlakat elektr energetika kompaniyalari tomonidan erishilgan kelishuvlarga muvofiq, O‘zbekiston yozgi davrda Tojikistondan elektr energiyasini har bir kilovatt uchun ikki sentdan, qishda - 2,5 sentdan sotib oladi.

YeXHT ko‘magida mamlakat Iqtisodiy taraqqiyot va savdo vazirligi tomonidan har oyda tayyorlanuvchi hisobotda aytilishicha, shu yilning iyul oyida Tojikiston ishlab chiqarilgan elektr energiyaning 30,2%ini eksport qildi.

O‘zbekistonga eksportning tiklanishi va hajmining oshirilishi Tojikistonga yilning ikkinchi yarmi boshidayoq 2018 yilga rejalashtirilgan elektr energiyasi eksporti hajmidan oshish imkonini berdi. Joriy yilning boshidan buyon respublika 1 milliard 557 million kilovatt-soat elektr energiyasi eksport qildi.

Mavzuga oid