16:23 / 05.09.2018
7725

Prezident qarori: “O‘zagrotexsanoatxolding” tashkiliy tuzilmasi yangilandi

Prezident “Qishloq xo‘jaligi mashinasozligi tarmog‘ini boshqarish tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorni imzoladi.

Hujjat bilan Iqtisodiyot vazirligi, Moliya vazirligi, Xususiylashtirilgan korxonalarga ko‘maklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qo‘mitasi, “O‘zagrotexsanoatxolding” AJ, “O‘zagrotexmash” AJ, “O‘zagrolizing” AJ boshqaruv organlarining quyidagilar haqidagi takliflari ma'qullandi:

“O‘zagrotexmash” AJni “O‘zagrotexsanoatxolding” AJga o‘rnatilgan tartibda birlashtirish orqali “O‘zagrotexsanoatxolding” AJ va “O‘zagrotexmash” AJning takrorlanuvchi vazifa va tuzilmalarini optimallashtirish;

“O‘zagrolizing” AJni “O‘zagrotexsanoatxolding” AJ tashkiliy tuzilmasidan chiqarish;

“O‘zagrolizing” AJ ustav fondidagi “O‘zagrotexsanoatxolding” AJga tegishli ulushni keyinchalik berilayotgan ulushning balans qiymatiga “O‘zagrotexsanoatxolding” AJ ustav fondini kamaytirish orqali davlat tasarrufiga o‘tkazish;

“O‘zagrotexsanoatxolding” AJ tarkibiga kirmaydigan qishloq xo‘jaligi va boshqa turdagi texnikalar (uskunalar) ishlab chiqaruvchilarning mahsulotlarini “O‘zagrolizing” AJ Kuzatuv kengashi tomonidan belgilanadigan hajmda realizatsiya qilishni tashkil etishni ham nazarda tutuvchi “O‘zagrolizing” AJ faoliyatini kengaytirish.

“O‘zagrotexsanoatxolding” AJ, “O‘zagrotexmash” AJ, “O‘zagrolizing” AJ O‘zbekiston Respublikasi Xususiylashtirilgan korxonalarni qo‘llab- quvvatlash va raqobatni rivojlantirish davlat qo‘mitasi bilan birgalikda ikki oy muddatda “O‘zagrotexmash” AJni “O‘zagrotexsanoatxolding” AJga birlashtirish va “O‘zagrolizing” AJni “O‘zagrotexsanoatxolding” AJ tashkiliy tuzilmasidan chiqarish bilan bog‘liq barcha tashkiliy tadbirlarning o‘tkazilishini ta'minlaydi.

Belgilab qo‘yilishicha:

“O‘zagrotexsanoatxolding” AJ qayta tashkil etilayotgan “O‘zagrotexmash” AJning huquq va majburiyatlari bo‘yicha huquqiy vorisi hisoblanadi;

“O‘zagrotexmash” AJni “O‘zagrotexsanoatxolding” AJga birlashtirish “O‘zagrotexmash” AJ aksiyalarining davlat paketini “O‘zagrotexsanoatxolding” AJ ustav kapitaliga nominal qiymatda o‘tkazilgandan keyin amalga oshiriladi.

Quyidagilar:

“O‘zagrotexsanoatxolding” AJ rivojlanishining ustuvor yo‘nalishlari etib belgilandi:

ichki va tashqi bozorlarda tizimli marketing tadqiqotlarini o‘tkazish, qishloq xo‘jaligi uchun talab etiladigan, tejamkor agrotexnologiyalarni joriy etishni ta'minlovchi, shu jumladan bog‘dorchilik, uzumchilik, sabzavotchilik, polizchilik va chorvachilikda qo‘llaniladigan turli xil zamonaviy texnika va mexanizatsiya vositalarini ishlab chiqarish va yetkazib berishni muvofiqlashtirish;

ishlab chiqarilayotgan qishloq xo‘jaligi texnikalari raqobatbardoshligini oshirish, eksport mahsulotlari turlarini va yetkazish hajmini kengaytirish;

ishlab chiqarish va qishloq xo‘jaligi mashinasozligi uchun zarur moddiy-texnika resurslari hamda ehtiyot qismlari bilan ta'minlashni tashkil etish;

qishloq xo‘jaligi mashinasozligi sohasida zamonaviy energiya va metallarni tejovchi texnologiyalarni joriy etish hisobiga zamonaviy yuqori unumdor qishloq xo‘jaligi texnikalari va mexanizatsiya vositalarini chiqarish bo‘yicha yangi ishlab chiqarishni yaratish va amaldagilarni modernizatsiya qilishga qaratilgan ilmiy-texnikaviy va investitsiyaviy faoliyatni amalga oshirish;

“O‘zagrotexsanoatxolding” AJ tarkibiga kiruvchi tashkilotlar va boshqa tashkilotlar o‘rtasida ilmiy-texnikaviy va ishlab chiqarish kooperatsiyasini rivojlantirish va muvofiqlashtirish;

qishloq xo‘jaligi texnikalari ishlab chiqarish sohasidagi kadrlarni qayta tayyorlash va malakasini oshirishni tashkil etish;

Quyidagilar “O‘zagrolizing” AJ rivojlanishining ustuvor yo‘nalishlari etib belgilandi:

lizing oluvchilarning lizing asosida realizatsiya qilinadigan zamonaviy qishloq xo‘jaligi va boshqa texnikalarga, uskunalar hamda mini texnologiyalarga bo‘lgan talablarini o‘rganish;

agrar yo‘nalishdagi faoliyatning ustuvorligini ta'minlagan holda lizing faoliyati yo‘nalishlarini diversifikatsiyalash va kengaytirish;

zamonaviy, xalqaro standartlarga javob beradigan lizing xizmatlari turlarini va innovatsion moliyaviy mahsulotlarni joriy etish;

agrosanoat kompleksi, iqtisodiyotning real sektori korxonalarining lizing loyihalari va tadbirkorlikni moliyalashtirish uchun xorijiy kredit liniyalari va xalqaro moliya institutlarining mablag‘larini jalb etish;

lizing xizmatlarini ko‘rsatish sohasiga zamonaviy korporativ boshqaruv uslublarini joriy etish va kadrlar malakasini oshirish.

Belgilab qo‘yilishicha:

“O‘zagrotexsanoatxolding” AJ va “O‘zagrolizing” AJ boshqaruv raislari tegishli jamiyatlarning aksiyadorlari umumiy yig‘ilishida saylanadi, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan lavozimga tasdiqlanadi hamda maqomi, maishiy, tibbiy va transport xizmatlari sharoitlari bo‘yicha vazirga tenglashtiriladi;

“O‘zagrotexsanoatxolding” AJ va “O‘zagrolizing” AJ boshqaruv raislarining o‘rinbosarlari tegishli jamiyatlarning kuzatuv kengashlari tomonidan saylanadi, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan lavozimga tasdiqlanadi hamda maqomi, maishiy, tibbiy va transport xizmatlari sharoitlari bo‘yicha vazir o‘rinbosariga tenglashtiriladi.

Top