O‘zbekiston | 17:02 / 18.09.2018
3881
3 daqiqa o‘qiladi

Xitoy O‘zbekistonga geologik-qidiruv ishlarida sarmoyaviy hamkorlikni kengaytirishni taklifi qilmoqda

“O‘zbekneftgaz” AJ bosh ofisida kompaniya rahbariyati Xitoy Milliy neft-gaz korporatsiyasi (CNPC)ning vitse-prezidenti Xou Tsitszyun boshchiligidagi delegatsiya bilan uchrashuv o‘tkazdi. Bu haqda Kun.uz’ga “O‘zbekneftgaz” AJ matbuot xizmati xabar berdi.

Foto: O‘zbekneftgaz

CNPC korporatsiyasi geologik-qidiruv ishlari, uglevodorod xom-ashyosini qazib olish va transportirovka qilish, hamda tabiiy gaz savdosi bilan bog‘liq investitsiya loyihalarini amalga oshirishdagi nafaqat "O‘zbekneftgaz" AJning uzoq muddatli va ishonchli hamkori, balki o‘zbek kompaniyalarining asosiy hamkoridir.

Uchrashuv davomida CNPC korporatsiyasi vakillari Mingbuloq konidagi M-15 qudug‘ini burg‘ilash jarayonida erishilgan ijobiy natijalar, hamda Dengizko‘l gaz kondensat konidagi Xo‘jasayat uchastkasi va Xo‘jisayat, Xo‘jadavlat va Sharqiy Olot konlarini o‘zlashtirish bo‘yicha ishlar jadal ravishda amalga oshirilgani uchun minnatdorchilik bildirdilar. 

Uchrashuvda "O‘zbekneftgaz" AJ rahbariyati va kompaniyaning butun jamoasi CNPC korporatsiyasini “O‘zbekiston-Xitoy” gaz quvuri bo‘yicha loyihaning muvaffaqiyatli amalga oshirilganligining 10 yilligi bilan chin yurakdan qutladilar. 

Muzokaralar davomida CNPC korporatsiyasi vakillari O‘zbekiston Respublikasi hududida amalga oshirilishi rejalashtirilgan investitsiya loyihalari bilan bog‘liq bir qator savollar murojaat etdilar. 

Tomonlar O‘zbekistonda qazib olingan tabiiy gazni qish mavsumi va 2019 yil mobaynida yetkazib berish, hamda “O‘zbekiston-Xitoy” gaz quvurining 4-liniyasi orqali tabiiy gazni yetkazib berish bo‘yicha masalalarni ko‘rib chiqdilar. 

Uchrashuv davomida CNPC vitse-prezidenti Xou Tsitszyun Mingbuloqdagi M-15 qudug‘ini sinovdan o‘tkazish natijalarini sabrsizlik bilan kutayotganini ta'kidladi. Ma'lum bo‘lishicha, mazkur loyiha CNPC korporatsiyasi direktori Van Ilin tomonidan shaxsan nazorat qilinmoqda. 

Foto: O‘zbekneftgaz

Shuningdek, Xitoy tomoni O‘zbekiston Respublikasining istiqbolli investitsiya bloklari bo‘yicha geologik-qidiruv ishlarini olib borish sohasidagi sarmoyaviy hamkorlikni kengaytirish taklifi bilan chiqmoqda. 

Uchrashuv yakunida ikki tomonlama sarmoyaviy hamkorlikning yuqorida qayd etilgan masalalari yuzasidan tomonlarning keyingi harakatlari aniqlab olindi. 

Mavzuga oid