O‘zbekiston | 21:20 / 20.09.2018
8279
3 daqiqa o‘qiladi

Shavkat Mirziyoyev Islom taraqqiyot banki prezidentini qabul qildi

Foto: Prezident matbuot xizmati

O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoyev 20 sentabr kuni mamlakatimizda bo‘lib turgan Muvofiqlashtiruvchi guruhning yetakchi arab jamg‘armalari delegatsiyasiga boshchilik qilayotgan Islom taraqqiyot banki prezidenti Bandar Hajarni qabul qildi.

«Davlatimiz rahbari mehmonni samimiy qutlar ekan, Islom taraqqiyot banki bilan mamlakatimizda ustuvor ijtimoiy-iqtisodiy va madaniy-gumanitar loyihalarni amalga oshirishda ko‘p yillik sheriklik qaror topganini katta mamnuniyat bilan qayd etdi», deyiladi prezident matbuot xizmati xabarida.

Bugungi kunda O‘zbekistonning ITB guruhi bilan o‘zaro manfaatli hamkorligi doirasida yurtimizga 1,9 milliard dollarlik imtiyozli kredit mablag‘lari jalb etilgan bo‘lib, ular iqtisodiyotning turli tarmoqlariga oid loyihalarni o‘z ichiga oladi.

Ushbu loyihalar yo‘l-transport, energetika va kommunal infratuzilmani modernizatsiya qilish, qishloq joylarda uy-joy qurilishi, ichimlik suvi bilan ta'minlash tizimini, sog‘liqni saqlash va ta'limni rivojlantirish, tadbirkorlik sub'yektlarini qo‘llab-quvvatlash kabi sohalarni qamrab olgan.

Suhbat chog‘ida ushbu bank bilan amaliy hamkorlikni kengaytirish istiqbollari ko‘rib chiqildi.

Qishloq aholisining hayot sifatini yaxshilash, infratuzilmani modernizatsiya qilish, mamlakat hududlaridagi tibbiyot va ta'lim muassasalarini zamonaviy uskunalar bilan jihozlash, tadbirkorlarning tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash, ularning eksport salohiyatini, jumladan, davlat-xususiy sheriklik mexanizmlaridan foydalangan holda ro‘yobga chiqarish masalalariga alohida e'tibor qaratildi.

Hamkorlik uchun ulkan salohiyat, eng muhimi, uni yanada mustahkamlashga o‘zaro intilish mavjudligi ta'kidlandi. Kuni kecha Toshkent shahrida bo‘lib o‘tgan «ITB guruhi kuni» doirasida O‘zbekiston Respublikasi va Islom taraqqiyot banki o‘rtasida 2018-2021 yillarga mo‘ljallangan 1,3 milliard dollarlik sheriklik strategiyasi imzolangani buning dalilidir.

Prezident Islom taraqqiyot banki rahbariga jahon sivilizatsiyasi rivojiga ulkan hissa qo‘shgan buyuk ajdodlarimizning boy ma'naviy merosini o‘rganish maqsadida Samarqandda tashkil etilgan Imom Buxoriy nomidagi xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi faoliyatiga ko‘rsatilayotgan ko‘mak uchun samimiy minnatdorlik bildirdi.

Bandar Hajar, o‘z navbatida, O‘zbekiston Islom taraqqiyot banki guruhi uchun mintaqadagi asosiy sheriklardan biri ekanini ta'kidladi. 

Mehmon O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli yangilanishlarga yuksak baho berib, ITB mamlakatimizdagi islohotlarga har tomonlama ko‘makni kengaytirish va o‘zaro manfaatli hamkorlikni mustahkamlashga tayyor ekanini qayd etdi.

Mavzuga oid