09:27 / 11.10.2018
14881

9-sinf o‘quvchilarini kasb-hunarga yo‘naltirish bo‘yicha loyiha ishga tushirildi

Foto: Xalq ta'limi vazirligi axborot xizmati

“MyWay Proforientation” kompaniyasi kasb-hunarga yo‘naltirish va rivojlantirish markazi XTV ko‘magida Toshkent shahridagi 9-sinf o‘quvchilarini kasb-hunarga yo‘naltirish bo‘yicha tajriba loyihasini ishga tushirdi, deb xabar bermoqda Xalq ta'limi vazirligi axborot xizmati.

“MyWay Proforientation” kasb-hunarga yo‘naltirish va rivojlantirish markazi Xalq ta'limi vazirligi ko‘magida kasb-hunarga yo‘naltirish bo‘yicha tajriba loyihasini ishga tushirdi, u orqali umumta'lim maktablarining 9-sinf o‘quvchilari kelajakda qanday kasbni tanlashlari kerakligini bilib oladilar.

Amaliyotning ko‘rsatishicha, aksariyat hollarda o‘smirlarning ota-onalari farzandlarining qiziqishi va qobiliyatlarini hisobga olmasdan, ularning kelajakda qanday kasb egasi bo‘lishini hal qilishadi. Natijada, bitiruvchilarning aksariyati o‘z vaqti va pulini baribir kelajakda ishlamaydigan, ishlasalar ham huzur olmaydigan mutaxassislikni egallashga sarflashadi.

Kasb-hunarga yo‘naltirilgan loyiha o‘quvchilarga shaxsiy xususiyatlarini, qiziqishlari va qobiliyatlarini aniqlash imkonini beradi hamda mazkur ma'lumotlarga tayanib, ularning shaxsiy imkoniyatlariga mos keluvchi kasbni tanlash imkonini beradi. “MyWay Proforientation” kompaniyasi Moskva davlat universitetining (Rossiya) “Gumanitar texnologiyalar” Test markazining rasmiy hamkori va “Proforiyentator”, “Profmaster”, “Profnavigator” va boshqa dasturlardan foydalanish bo‘yicha eksklyuziv huquqqa ega bo‘lib, Toshkentdagi beshta maktabda 9-sinf o‘quvchilarini test sinovlaridan o‘tkazadi.

Maktab o‘quvchilari “Proforiyentator” dasturidagi “Shaxs va kasb” blokining maxsus testidan o‘tadilar, bu bolalarning individual xususiyatlarini aniqlash imkonini beradi. Olingan ma'lumotlarga asoslanib, “MyWay Proforientation” kompaniyasi mutaxassislari bolalar bilan guruhlarda suhbatlar o‘tkazadilar, kelajakda qanday kasb tanlash bo‘yicha o‘z tavsiyalarini berishadi va o‘g‘il-qizlarning savollariga javob berishadi.

Dastlabki bosqichda loyiha poytaxtdagi beshta maktabni qamrab oladi. Kelgusida Xalq ta'limi vazirligi va “MyWay Proforientation” kompaniyasi poytaxtdagi barcha maktablarni qamrab olishni rejalashtirmoqda.

Mavzuga oid
Top