Jahon | 19:30 / 12.10.2018
17127
3 daqiqa o‘qiladi

Qirg‘izistonlik amaldorning samolyotdagi janjali Tashqi ishlar vaziri iste'fosiga olib keldi

Qirg‘izistonning Janubiy Koreyadagi elchisining shov-shuvli bayonoti ortidan mamlakat Tashqi ishlar vaziri Erlan Abdildayev iste'foga chiqdi.

Erlan Abdildayev
© Sputnik / Bolat Shayxinov

Shu kunlarda Qirg‘iziston xavfsizlik kengashi Tashqi ishlar vazirligida ro‘y bergan qoidabuzarliklar bo‘yicha tekshiruvning dastlabki natijalarini e'lon qilgandi. Unga ko‘ra, vazirlikning kadrlar siyosatidagi tartibsizliklar, shuningdek, doimiy ravishda ma'lumotlar sizib chiqishi aniqlangani qayd etilgandi.

«6 yil davomida Qirg‘iziston Tashqi ishlar vaziri bo‘lib ishladim. Endi o‘z xohishimga ko‘ra iste'fo berdim. Davlat rahbari iste'fomni qabul qildi», deyiladi Erkin Abdullayevning TIV matbuot xizmati tomonidan tarqatilgan bayonotida.

Respublika matbuot xizmati ham prezident iste'fo qabul qilinganini tasdiqlagan.

Qirg‘iziston Tashqi ishlar vazirligida bir-birini fosh qilishlar 23 sentabr kuni Qirg‘iziston mehnat va ijtimoiy rivojlanish vaziri o‘rinbosari Zuurakan Kadenova mast holatda «Eyr Astana» Seul-Olmaota reysida janjal keltirib chiqargach, ishdan bo‘shatilishi ortidan boshlanib ketdi.

Foto: Tengrinews.kz

Yuqori lavozimli amaldor bort kuzatuvchilar bilan janjallashib, ularga diplomatik pasportini ko‘rsatgan, oqibatda ekipaj sardori ayolni reysdan olishga qaror qilgandi. 

Kadenova zudlik bilan ishdan olinganiga qaramasdan, parlament deputatlari vazirlik rahbariyati vakillarining mamlakatdan tashqariga ko‘pdan-ko‘p safarlariga e'tibor qaratishdi. 2018 yil boshidan buyon Qirg‘iziston mehnat va ijtimoiy rivojlanish vaziri va uning ikki o‘rinbosari xorijga jami 26 marta safar qilishgan. Yakunda vazirlik rahbariyatining barcha vakillari lavozimini yo‘qotdi.

24 sentabr kuni Qirg‘izistonning Seuldagi elchisi Qilichbek Sulton Bishkekda matbuot anjumani o‘tkazib, vazir o‘rinbosari bilan bog‘liq voqea tafsilotlarini ma'lum qildi. U Qirg‘iziston prezidenti ma'muriyatidan qo‘ng‘iroq qilishib, mazkur voqea haqida gapirmaslikni talab qilishganini aytgan. Shuningdek, Qilichbek Sulton Tashqi ishlar vazirligi rahbariyati va Qirg‘izistonning Malayziyadagi elchixonasi xodimlari 2015-2016 yillarda qator qonunbuzilishlarga yo‘l qo‘yishganini ma'lum qilgan.

Qilichbek Sulton
Foto: 24.kg

Qirg‘iziston TIV Qilichbek Sulton yana bir bor davlat xizmatchilarining o‘zini tutish tartibini nazorat qiluvchi qonunchilik me'yorlarini va diplomatik axloq me'yorlarini buzganini ta'kidladi. Vazirlik shuningdek, elchining o‘zi xizmat vazifasida qonunchilikni buzgani haqida ma'lumotlar borligini, ular tekshirib chiqilib tegishli organlarga topshirilishini bildirdi.

Qirg‘iziston Xavfsizlik kengashi o‘tkazgan tekshiruvlarda TIV kadrlar siyosati o‘ta zaif ekani va doimiy ravishda ma'lumotlar sizib chiqishi kuzatilgani aniqlangan.

Mavzuga oid