Kim Yong Jun: «To‘liq kuch bilan o‘ynashga tayyor emasdik»
O‘zbekiston – KXDR (2:0) o‘rtoqlik uchrashuvidan keyingi matbuot anjumanining dastlabki qismida mehmonlar murabbiyi Kim Yong Jun ishtirok etib, jurnalistlar savollariga javob qaytardi.
«Shogirdlarim uchrashuvni yomon o‘tkazdi, deya olmayman. Ba'zi xatolarga yo‘l qo‘yganimiz va hujum tashkil qilishdagi kamchiliklar mag‘lubiyatimizga sabab bo‘ldi. Bugungi o‘yindan kerakli xulosalar chiqarishga harakat qilamiz», deya aytib o‘ti Kim Yong Jun anjumanning kirish qismida.
- Koreya biz kutganimizdan ancha kuchsizroq o‘ynadi. Bu jamoa uzoq muddat o‘yin amaliyotisiz qolgani bilan bog‘liqmi yoki futbolchilarning darajasi bilan?
- Balkim shundaydir. Terma jamoamiz joriy yil hisobidan dastlabki o‘rtoqlik o‘yinini o‘tkazdi. Shu sababdan ham birinchi bo‘limda gol o‘tkazib yubordik. Aynan shu gol futbolchilarning ruhiyatiga salbiy ta'sir qildi, natijada ular diqqatni jamlashga qiynalishdi.
- Odatda KXDR termasi hujumda agressiv o‘ynaydi. Bugun bu holat kuzatilmadi. Raqib shunga erisha oldimi yoki bu jamoadagi muammolar natijasimi?
- Biz oxirgi oylarda juda kam o‘yin o‘tkazdik. Bugungi bahs oldidan ham bir necha kungina yig‘inda bo‘ldik, xolos. Qolaversa, jamoaning bir qator a'zolari bir necha kun oldin OFK kubogi doirasidagi o‘yinlarda maydonga tushishdi. Biz tiklanish mashqlarini o‘tkazgan bo‘lsak-da, to‘liq kuch bilan o‘ynashga tayyor emasdik. Bugun biz natija uchun emas, balki taktik jihatlar ustida ishlashga harakat qildik.
- Aynan qanday taktik jihatlarni nazarda tutyapsiz? Bu sxemalar ish berdimi?
- Uchrashuv boshidanoq asosan himoyadan o‘yin tashkil etishga harakat qildik. Natijada o‘yinning dastlabki yigirma daqiqasida raqibga biroz tashabbusni topshirgan holda asosiy e'tiborni gol o‘tkazib yubormaslikka qaratdik. Aynan mana shu jihatdan futbolchilarga taktik ko‘rsatma bergan edik.