Jamiyat | 12:22 / 15.10.2018
16785
5 daqiqa o‘qiladi

Jizzax viloyatida jamoat transportidan foydalanish yo‘lovchilarga qulaylik tug‘diryaptimi yoki aksincha?

Jizzax shahar aholisi jamoat transportidan foydalanishda ko‘plab muammolarga duch kelayotgani bor gap. Shahar markazida 14 yo‘nalishda 185 ta avtobus qatnovi belgilab berilgan. Hamyurtlarimizning haqli e'tirozlariga sabab bo‘layotgan muammolardan biri, bir necha mahallalarga (jumladan, “Qipchoq”, “Turon”, “Jillig‘ulli”, “Bog‘ishamol”) avtobus qatnovi yo‘lga qo‘yilmagan. Bu vaziyatda esa “Damas” haydovchilari va “uchar taksi”lar yo‘lkira haqini oshirib olishgan. Bu esa shahar markazidagi maktabgacha ta'lim muassasalari tarbiyalanuvchilari, o‘quvchi va talabalar, ishchi xodimlar, keksalar, nogironlarga noqulaylik tug‘dirmoqda.

Avtobuslar o‘z vaqtida belgilangan grafik asosida qatnamay, hududdagi “Ko‘k bozor” va “Orom” bozorlari atrofida yo‘lovchi poylab, avtoulov saloni liq to‘lmagunicha joyidan qo‘zg‘almaydi. Haydovchilarning qo‘pol muomalasi ko‘nglingizni ranjitsa, har 20-30 metrda to‘xtab yo‘lovchi terishi asabingizni buzadi. Qoida bo‘yicha har bir bekat oralig‘i 500 metrdan iborat bo‘lishi kerak emasmi? Yo‘lkira haqi 800 so‘m. Ammo bir oydirki haydovchilar hech bir asossiz yo‘lkira haqini 1000 so‘m qilib belgilab qo‘yishgan. Bu holatga O‘zbekiston avtomobil transport agentligi Jizzax viloyati boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Abdumurod Bobomullayev shunday izoh berdi.

- Ayni paytda Jizzax shahrida 185 ta avtobus qatnovi yo‘lga qo‘yilgan. Shaharliklarni bu boradagi ehtiyojini qondirish uchun yana 50 ta avtobus zarur. Shu sababli ba'zi bir hududlarni avtobus bilan ta'minlashning iloji yo‘q. Shuningdek, shaharda faoliyat yuritayotgan transport uyushmalarining barchasi xususiy hisoblanadi. Mazkur uyushmalar tomonidan daromadli yo‘nalishlar qamrab olindi. Nisbatan kam foyda beradigan yo‘nalishlarga avtobuslar qo‘yilmadi. Keltirilgan muammolarning asl sababi shunda. Shu bois joriy yilning so‘ngiga qadar 50 dona avtobus xarid qilish qilish uchun Samarqand avtomobil zavodi hisob raqamiga pul o‘tkazilgan. Bekatlarning yo‘qligi va avtobuslarning ma'lum bir grafik asosida qatnamasligini bartaraf etish maqsadida Jizzax viloyati hokimligiga takliflar kiritganmiz. Haydovchilarning mas'uliyatsizligi va keltirilgan kamchiliklarda yurtdoshlarimizning ham qisman aybi bor deb o‘ylayman. Bu vaziyatda mahalla faollari, oqsoqollar va jamoatchilikning ta'siri zarur.

Kunlik rejani bajarishga majburmiz. Gohida o‘zimizga ham pul yetkazolmaymiz. Buning ustiga ulovning remonti bor, shunga majburmiz. Hozir hamma “taksichi”. Noqonuniy taksichilar faoliyatiga barham berilmas ekan ahvol shu taxlit davom etaveradi.

Bu vaziyatga yo‘lovchilar ham fikr bildirishdi. O‘zini Dilfuza Mamadaliyeva deb tanishtirgan yo‘lovchi shunday deydi:

- Qo‘llarida pul bilan avtobuslarga intilayotgan maktab o‘quvchilarining sarsongarchiligiga barham berilsa, farzandlarimiz uchun maxsus avtobuslar qatnovi yo‘lga qo‘yilsa yaxshi bo‘lar edi.

Nodira Pardayeva ismli onaxonning ham gaplarida jon bor.

- Uyushmalar tajribali haydovchilarni emas, ko‘proq yosh yigitlarga ishonib avtoulovni topshiryapti. O‘zingiz o‘ylab ko‘ring, ayrim yoshlar qoni qaynoq. Ba'zi hollarda ularni kimo‘zarga poyga o‘ynashi, qo‘pollik bilan yo‘lovchilarga muomala qilishi kishini ranjitadi. Axir ular yo‘lovchilarning hayotiga mas'ul emasmi? Maqsad faqat pul topish bo‘lmasligi kerak. Sifatli xizmatni yo‘lga qo‘yish uchun, avvalo, madaniyatni o‘zimizdan boshlaylik. Chiptalar sotishni yo‘lga qo‘yish, dispetcher xonalarini tashkil qilish kerakdir balki...

Ba'zi fikr bildiruvchilar ahvol hech qachon o‘zgarmasligini va bunga ancha borligini ochiq aytishdi. Muammolardan ko‘z yumib ketolmaymiz. Maqsadimiz aybdor qidirish emas, balki ko‘pchilik hamyurtlarimiz uchun oddiy holatga aylanib ulgurgan kamchiliklarni bartaraf etish. Haydovchilarning mas'uliyatsizligi, qatnovlardagi kamchiliklarda o‘zimizda ham ayb bor. Loqaydmiz. Bu vaziyatda mahalla faollari, oqsoqollar va jamoatchilikning ta'siri zarur. O‘sha noqonuniy harakatlanayotgan “taksi” egalari ham begona emas, jizzaxliklardir. Masalaga Jizzax viloyatidagi tegishli tashkilot mutasaddilari e'tibor qaratishiga va kamchiliklar ijobiy yechim topishiga umid bog‘laymiz.

Gulchehra Sharipova

Mavzuga oid