Jamiyat | 16:33 / 23.10.2018
13921
3 daqiqa o‘qiladi

Maktabgacha ta'lim vazirligi bolalarning ommaviy zaharlanishiga nima sabab bo‘lganini bildirdi

Toshkent shahrining Mirzo Ulug‘bek tumanidagi 433-sonli MTMning 37 nafar tarbiyalanuvchisi bundan bir necha kun oldin oziq-ovqatdan zaharlanishi oqibatida kasalxonaga yotqizilgandi (8-9 oktabrda 32 kishi, 10 oktabrda 5 kishi). 

Maktabgacha ta'lim vazirligining xabar berishicha, hozirgi vaqtda barcha bolalar kasalxonadan chiqarildi. Bolalardan tahlil namunalari olinib, Davlat sanitariya-epidemiologiya nazorati (DSEN) bakteriologik laboratoriyasiga yuborildi. 

“Ovqat tayyorlash texnologiyasining qo‘pol buzilishi va sanitar qoidalarga rioya qilmaganlik sababli, 2018 yilning 5 oktabrida 433-sonli MTMning oshpazlari tomonidan tayyorlangan «teftellar»da ehtimol Shigella Fleksner 1b serotipi (xalqaro kasalliklari tasnifi bo‘yicha A05.8) ovqatdan zaharlanishni keltirib chiqargan”, - deyiladi DSEN xulosasi bo‘yicha Laboratoriya tahlili natijalarida. 

Ammo aynan Shigella Fleksner oqibatida ovqatdan zaharlanishning dastlabki tashxisi to‘liq tasdiqlanmagan. Tashxis natijalariga ko‘ra, 37 nafar boladan faqat 6 nafarida ushbu mikroorganizm aniqlandi. 

Shuningdek, maxsus sovutgichdagi qopqoqli steril shisha idishlarda saqlanadigan kunlik ovqat namunalari ham tekshirildi. Namuna so‘nggi ovqatlanishdan 72 soat keyin (8 oktabrda) olingan. Uzoq vaqt o‘tganiga qaramay, laboratoriyada bakteriologik tekshiruvlar ovqat namunasidan Shigella Flexnerni topmadi. 

"Epidemiologik tekshirish va laboratoriya tadqiqotlari natijalari muassasaning oshxonasida sanitariya me'yorlari va qoidalariga rioya qilmaslikni ko‘rsatmoqda. 433-sonli MTMda dezinfeksiya va yuvish vositalari zaxirasi yetarli darajada bo‘lishiga qaramay, tekshiruv vaqtida MTM xodimlari tomonidan kunlik foydalanish yetarli darajada emasligi aniqlandi”, - deyiladi Maktabgacha ta'lim vazirligi xabarida. 

Tekshiruv natijalariga ko‘ra, MTMning 15 nafar xodimi, rejali tibbiy ko‘rikdan o‘tmaganligi uchun ishdan bo‘shatildi. Hamshira va barcha oshxona xodimlari ishdan bo‘shatildi, MTM rahbarining lavozimiga mos kelish masalasi ko‘rib chiqilmoqda.

Ta'kidlanishicha, aniqlangan qoidabuzarliklar bo‘yicha materiallar Bosh prokuraturaga berildi.

Mavzuga oid