Jamiyat | 18:57 / 26.10.2018
16970
8 daqiqa o‘qiladi

Saratonga bo‘ysunmagan yigit yoki bir oyoqda ikki ummon aro

Foto: Windspeaker

U basketbol yulduzi bo‘lishni orzu qilardi. Ammo navqiron 19 yoshida unda juda xavfli o‘sma – sarkoma aniqladilar va shifokorlar bir oyog‘ini kesib tashlashdi. Hayotga endigina qadam qo‘yayotgan yigitcha uchun bu dahshatli sinov edi. Lekin u tushkunlikka tushmadi qolgan qisqa umrini kurashga sarfladi.

Terri Foks 1958 yilning 28 iyulida Kanadaning Vinnipeg shahrida dunyoga kelgan. Yoshligidan u basketbolga qiziqar va bu sport turida yaxshigina natijalarga erishayotgandi. Maktabni bitirganidan so‘ng jismoniy tarbiya o‘qituvchisi bo‘lish uchun universitetga hujjat topshirdi. Ammo 1977 yilda Terri o‘ng tizzasida og‘riqlar his qila boshladi. Shifokorlar unda suyak sarkomasi borligini aniqlashdi.

Ma'lumot uchun: O‘xshash jihatlari ko‘p va bir xil toifaga kirsada, sarkoma saratonga nisbatan xavfliroq o‘sma turi bo‘lib, asosan yoshlarda kuzatiladi va juda tez rivojlanadi.

Terrining oyog‘i tizzasidan yuqorisidan kesib tashlandi. Shundan so‘ng yigitning basketbol bilan bog‘liq orzulari armonga aylandi. Oldinda tushkun va mavhum hayot kutardi. Deyarli uch yillik ezginlikdan so‘ng Terri Foks qat'iy qaror qabul qiladi va ko‘pchilik uning yura olishiga ham shubha qilib turgan bir paytda yasama oyog‘i bilan ulkan vatanining u chekkasidan bu chekkasiga qadar – ikki ummon oralig‘idagi masofani yugurib o‘tishga qaror qiladi.

«Umid marafoni» (ingl. Marathon of Hope) deb nomlangan bu aksiyaning maqsadi onkologik kasalliklarga qarshi tadqiqotlar uchun mablag‘ yig‘ish bo‘ldi. Terri har bir kanadalikdan 1 dollardan pul to‘plashni rejalashtiradi va deyarli bir yil astoydil mashq qiladi. U ko‘zlagan maqsadiga yetish, bu masofani zabt etish sog‘lom odam uchun ham jiddiy sinov ekanligini yaxshi anglab turardi.

«Umid marafoni» 1980 yil 12 aprelda boshlandi. O‘z oyog‘ini Atlantika okeani suviga tiqib olgan Terri Foks kelgusi safar Tinch okeanida sho‘ng‘ishni maqsad qilganicha yugurishga tushdi. Dastlab uning bu aksiyasiga deyarli hech kim, ayniqsa muxbirlar e'tibor bermaydi. Ammo yigitcha taqdir taqozosiga ko‘ra kaltaroq yasab qo‘yilgan protez oyoqda oqsoqlanganicha har kuni standart marafon uchun ko‘zlangan marra – 42 kilometrni yugurib boraverdi. «Menda to‘xtash uchun sabab va bahona yo‘q» degan shior ostida harakat qilgan Terri faqat bir marta – Rojdestvo bayramida dam oldi xolos.

Asta-sekin u haqda yozishni boshlashdi, lavhalar tayyorlandi, Terri Foks yugurib o‘tadigan yo‘llarga odamlar to‘planib turadigan bo‘lishdi. Ayrim shaharlarda minglab odamlar yig‘ilar, ko‘plab sport musobaqalari va yirik tadbirlar aynan Terri Foks yetib keladigan paytga qarab, u ochib berishini mo‘ljallab boshlanardi. Uning ortidan yuguruvchilar, Terrini yo‘llarda kuzatib boruvchilar guruhi paydo bo‘ldi.

Foto: Wikipedia

Yo‘lda uni kuzatayotganlar protez va oyoq birikkan joyda qon oqayotganini ko‘rishar va uni to‘xtashga undashardi. Ammo Terri og‘riqlarni pisand qilmadi, har qanday ob-havoda ham harakatlanishda davom etdi.

Kanadaliklar «Umid marafoni»ning asl maqsadini ham unutib qo‘yishmadi. Maxsus ochilgan hisob raqamiga millionlab kishilardan xayriyalar kelib tusha boshladi. Odamlar uning qo‘liga 100 dollardan qistirib, yelkasiga qoqib qo‘yishar, u esa bu pullarni yig‘ib boraverardi. Bir marta 8 ming kishilik aholi yashovchi shaharchadan yugurib o‘tgunicha 14 ming dollar pul yiqqani qayd qilingan. Bir mashshoq unga yagona boyligi – gitarasini sovg‘a qilgan va bu gitara uchun 500 dollar to‘lashlarini bildirgan.

Lekin kasallik yana bosh ko‘tardi va rivojlana bordi. Chidab bo‘lmas og‘riqlar Terriga azob bera boshladi. Ulkan iroda va maqsadga yetishish istagi bilan u yugurishda davom etdi.

143 kunlik marafondan so‘ng, 1980 yilning 1 sentabrida Terri Foks yugurishdan to‘xtashga majbur bo‘ldi. O‘sma hujayralari butun organizm bo‘ylab tarqalib, o‘pkaga ham yetib borgan, endi jismoniy zo‘riqish to‘g‘risida gap bo‘lishi ham mumkin emasdi.

Shunga qaramay 5 373 kilometr masofani, mo‘ljalning yarmini ortda qoldirgan, lekin Tinch okeaniga yetib bora olmagan Terri Foks haqiqiy qahramonga aylanib ulgurgandi.

Foto: Wikipedia

Oradan o‘n oy o‘tib, 23 yoshiga bir oy yetmay Foks vafot etdi. Bu xabar butun Kanadani oyoqqa turg‘izdi va hammaning ko‘zlari yoshga to‘ldi.

1981 yilning fevraliga kelib 24 million dollar to‘plab bo‘lingan va bu Kanadaning o‘sha paytdagi 24 million kishilik aholisiga muvofiq kelardi.

Terri Foks masofani jismonan zabt eta olmagan bo‘lsada, millionlab insonlar qalbida umid o‘yg‘otdi va saratonga qarshi kurash maqsadida juda katta loyiha hamda mablag‘ qoldirib ketdi.

Hozirgi kunda ham Kanada va dunyoning ellikdan ortiq davlatlarida «Terri Foks» nomidagi xayriya aksiyalari hamda marafonlar bo‘lib o‘tadi. Ulardan tushgan pullar onkologik kasalliklariga qarshi maxsus jamg‘armada to‘planadi.

Terri Foks marafoni xayriya maqsadida yakka tartibda bo‘lib o‘tgan eng yirik aksiya sifatida rekordlar kitobiga kirdi.

Oradan 27 yil o‘tib «Terri Foks jamg‘armasi»da 500 million dollardan ortiq mablag‘ yig‘ilgan va bu jamg‘arma onkologik kasalliklarga uchragan minglab bemorlarga yordam uchun sarflanadi. Bu kasallikka uchrab tushkunlikka tushgan odamlarga Terri Foks hayot yo‘li misol qilib ko‘rsatiladi, tuzalish imkoniyati 15 foiz bo‘lgani holda yosh yigitning shu qadar iroda ko‘rsatgani 70-80 foizli imkoniyatga egalarga katta umid bag‘ishlaydi.

«Men mo‘'jizaga ishonaman. Ishonishim shart» degan Terri Foksga bu kunlarni ko‘rish nasib qilmadi.

Terri Foksning bu harakati jamg‘arma yoki marafon doirasida qolib ketmagan. Vatani poytaxti Ottava shahrida unga mustahkam iroda ramzi sifatida haykal o‘rnatilgan, Terri Foks haqida film ishlangan, Kanada hukumati 1983 yilda yangi muzyorar kemani uning nomi bilan atab suvga tushirgan.

Foto: Wikipedia

Mavzuga oid