O‘zbekiston | 22:38 / 30.10.2018
36975
5 daqiqa o‘qiladi

Fotojamlanma: Xiva - Jahon merosi durdonasi joylashgan shahar

Xiva shahridagi baland devorlar bilan o‘ralgan Ichan Qal'a tarixiy majmuasi Markaziy Osiyoning Jahon merosi ro‘yxatiga qo‘shilgan birinchi yodgorligidir. KUN.UZ muxbiri O‘zbekiston xususiy sayyohlik tashkilotlari uyushmasi taklifiga binoan "O‘zbekiston temir yo‘llari" AJ tomonidan tashkillashtirilgan media-tur davomida Xivada bo‘lib, ushbu ko‘hna shahar yodgorliklariga oid ma'lumotlar va suratlar bilan bo‘lishdi.

Yuzlab yillar davomida qad ko‘targan qal'a va saroylar, masjid va madrasalar, maqbara va minoralar, karvonsaroylar va hammomlar Ichan-Qal'ani noyob tarixiy shaharchaga aylantirgan.

Xivadagi obidalarning mayolik qoplamasi o‘ziga xos uslubda bo‘lib, ularga asosan to‘q ko‘k rangdan havorang va oq ranggacha bo‘lgan bo‘yoqlarda ishlov berilgan, ba'zi joylarida esa jigarrang bezaklarga ham ko‘zimiz tushadi.

Xivaning me'morchilik yodgorliklarida ko‘pincha uzum barglari va mevasini yodga soluvchi naqshlar tushirilgan. Daraxtga naqsh o‘yish – Xorazm san'at turlaridan biri.

Bu yerda ko‘p joylarda turli naqshlar tushirilgan yog‘och ustunlar va eshiklarni ko‘rish mumkin.

Ko‘p qadimgi uylar xususiy mehmonxonalar va mehmon uylariga aylantirilgan.

Madrasalar esa qayta profillanib, muzey, qisman mehmonxona, art-kafe va restoranlarga taqsimlangan.

Yana bir mashhur ziyoratgoh moviy gumbaz va naqshlar bilan bezatilgan Pahlavon Mahmud maqbarasidir. Uning maqbarasi yonida bir necha xonlar va ularning oilalarining xonaqolari joylashgan.

Navbatdagi me'morchilik namunasi Juma masjididir. Ushbu bino 200 dan ortiq o‘ymakor ustun va minoraga ega.

Masjid yaqinida Islomxo‘ja maqbarasi va minorasi joylashgan. Hozirgi kunda bu minora shaharning eng baland inshooti xisoblanadi.

Xivaning yuqoridan ko‘rinishini tomosha qilish uchun tor qorong‘u yo‘lakdan ko‘tarilish lozim. (Klaustrofobiyadan aziyat chekuvchilar uchun tavsiya etilmaydi).

Minoraning yuqori cho‘qqisidan esa Xivaning misli ko‘rilmagan go‘zalligiga guvoh bo‘lasiz. Bosib o‘tilgan yo‘l shunga arziydi.

Ichan-Qal'a ichida qadimiy Xorazm hunarmandchiligini namunalarini sotib olish mumkin. Xorijiy mamlakatdan tashrif buyurgan sayyohlar milliy hunarmandchilik namunalariga katta qiziqish bildirishadi.

Safar davomida Yaponiyaning Tokio shahridagi konsalting kompaniyalardan birida faoliyat yurituvchi Moye Shibata bilan tanishib qoldik va u KUN.UZ'ga O‘zbekistonga sayohati taassurotlari haqida so‘zlab berdi:

"O‘zbekistonga sayohat qilganimdan juda mamnunman, bu yerning odamlari juda mehmondo‘st va mehribon ekan. Yaponiyadan O‘zbekistonga yolg‘iz o‘zim kelgandim, lekin bu yurtda yolg‘izlikni his qilmadim. Xivadagi tarixiy obidalar hech kimni befarq qoldirmasa kerak, ular biri-biridan chiroyli va ajoyib. Bu yerda gid bilan sayohat qilyapman, tarixiy ma'lumotlar bilan tanishyapman va bularning bari juda qiziq. Shu bilan birga, o‘zbek milliy taomlari ham menga juda manzur bo‘ldi, ayniqsa, somsaning mazasi og‘zimda qoldi, uning mazasini birinchi marta shu yerda tatib ko‘rdim".

Yosh sayyoh hozircha O‘zbekistonning  Toshkent, Buxoro, Samarqand va Xiva shaharlarida bo‘lgani, ularning bari o‘ziga xos va ko‘rkam ekanligini, bu yerda ko‘plab do‘stlar orttirganini ta'kidladi. U endi o‘z tanishlariga ham bu qadimiy yurtga sayohat qilishni tavsiya qilishini qo‘shimcha qildi.

Safar davomida Xivada ko‘plab sayyohlarga duch keldik.

Bugungi kunda xorijiy sayyohlarning O‘zbekistonga bo‘lgan qiziqishi kuchaymoqda, mamlakatning sayyohlik salohiyatini oshirish borasida qator ishlar olib borilmoqda. Yangi transport turlarining joriy qilinishi, barcha obidalar haqida bir necha tilda ma'lumot beruvchi QR-kodlar ham shular jumlasidandir.

Jumladan, Xiva shahrining jozibasini yanada oshirish maqsadida bu yerda yangi vokzal va temir yo‘l kassasi qurib bitkazildi (Bunga qadar faqat Urganchda vokzal bo‘lgan). Yaqin kunlarda uning rasman ochilishi kutilmoqda.

Shuningdek, milliy uslubdagi zamonaviy mehmonxonalar, istirohat bog‘i va gipermarketlar qurilishining yakuniy bosqichi ketmoqda. Bularning bari shaharga tashrif buyuruvchi ichki va tashqi sayyohlar oqimini oshirish yo‘lida xizmat qiladi.

Mavzuga oid