Jamiyat | 17:21 / 18.10.2025
3234
2 daqiqa o‘qiladi

Xivada «Gilamlar jilosi» xalqaro ko‘rgazmasi ochildi

Festival doirasida turli mamlakatlarga xos gilamlar va qo‘lda to‘qilgan tabiiy bo‘yoqli gilamlar namoyish etiladi.

Foto: Xorazm viloyati hokimligi

Xiva shahrida «Gilamlar jilosi» xalqaro ko‘rgazmasi ochildi, unda O‘zbekistonning barcha viloyatlari, shuningdek, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Turkmaniston va Ozarboyjondan kelgan hunarmandlar va dizaynerlar o‘z mahsulotlarini namoyish etmoqda.

Tadbir Xorazm viloyat xokimligi, «Hunarmand» uyushmasi va Turizm qo‘mitasi hamkorligida tashkil etilgan.

Festivalning maqsadi – ming yillik tarixga ega gilam to‘qish san’atini, milliy naqshlar va bezaklarning ramziy ma’nosini, hamda bugungi zamonaviy dizayn bilan uyg‘unlashuvini keng jamoatchilikka ko‘rsatish.

Festival doirasida turli viloyatlarga xos gilamlar ko‘rgazmasi, qo‘lda to‘qilgan tabiiy bo‘yoqli gilamlar, madaniy dasturlar, kuy-qo‘shiqlar va xalq raqslari, «Gilam – tariximiz va bugunimiz» mavzusida konferensiya, milliy suvenirlar va xalq amaliy san’ati mahsulotlari yarmarkasi o‘tkaziladi.

Xalqaro ko‘rgazma doirasida «O‘zbek gilamdo‘zligi: an’ana va innovatsiya» mavzusida Respublika ilmiy-amaliy anjumani o‘tkazilishi ham ko‘zda tutilgan.

Ko‘rgazma 19 oktyabrda yakunlanadi.

Сардор Юсупов
Tayyorlagan Сардор Юсупов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid