Jahon | 21:30 / 16.11.2018
25081
3 daqiqa o‘qiladi

Kilogrammning fizik etalonidan voz kechildi

Foto: TASS/Maksim Bloxin

Parijda o‘tayotgan O‘lchovlar va og‘irliklar bo‘yicha 26-bosh konferensiya ishtirokchilari Xalqaro birliklar tizimi (SI)ning 7 ta asosiy birligidan 4 tasi – kilogramm, amper, kelvin va molni qayta ta'riflash bo‘yicha qarorni qabul qildi. Bu qaror bilan kilogrammni belgilashda qo‘llangan fizik etalondan voz kechildi. Endilikda SIning barcha birliklari fizik doimiylarga bog‘landi, kilogrammni belgilashda esa Plank doimiysidan foydalaniladi.       

Joriy qaror bir necha yil davom etgan islohotlarga yakun yasadi: 1983 yilda metrning fizik etalonidan voz kechilib, u yorug‘lik tezligining vakuumdagi tezligiga bog‘langandi. 2005 yilda olimlar boshqa birliklarni qayta ta'riflash uchun yana uchta doimiy tanlab olishgan: Plank doimiysi og‘irlik birligi – kilogrammni, elementar elektr zaryadi (elektron zaryadi) tok kuchi birligini, Boltsman doimiysi esa termodinamik haroratni belgilash uchun tanlangan.

Bugungi kungacha kilogramm inson tomonidan yaratilgan buyum – platina va iridiy qotishmasidan tayyorlangan silindrga bog‘lab kelinardi. Bu etalon Fransiyaning Serv shahrida saqlangan. Davlatlar o‘z kilogramm etalonlarini vaqti-vaqti bilan shu etalon bilan solishtirib turishgan. Biroq milliy etalonlarning bosh etalon bilan oxirgi solishtirilishi natijalari ularning og‘irligi bosh etalonga nisbatan 100 yil ichida 50 mikrogrammga o‘zgarganini ko‘rsatgan. Bosh etalonning og‘irligi qanchaga o‘zgargani esa noma'lum, chunki uni solishtiradigan narsaning o‘zi yo‘q. Ko‘plab o‘lchashlarda bunday og‘ish ishonchsiz natijalarga olib kelishi mumkin.  

Endi kilogrammning Plank doimiysiga asoslangan yangi belgilanishi tasdiqlandi. Yangi og‘irlik etalonini ishlab chiqish mumkin bo‘ladigan qurilma Kibbl tarozisi deb ataladi.   

Kilogrammni belgilashning yangi turi evaziga har bir davlat o‘zining etalon qurilmasini istalgan vaqtda mustaqil ishlab chiqishi mumkin.   

Yangi qoidalar 16 noyabrda ma'qullandi, biroq 2019 yil 20 mayda – Butunjahon metrologiya kunida kuchga kiradi.

Mavzuga oid