Jamiyat | 16:11 / 27.11.2018
8279
3 daqiqa o‘qiladi

Foto: PROlogue xalqaro kinofestivalida «O‘zbek kinosi tarixi»ga sayohat qilindi

“Yoshlar ijod saroyi”da PROlogue xalqaro kinofestivali «O‘zbek kinosi tarixi» nomli fotoko‘rgazmaning ochilishi bilan boshlandi.

Unda taniqli kinematograflar, aktyor va aktrisalar, ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etishdi.

Ekspozitsiya kino ixlosmandlarining barini moziy tomon boshladi.

Sababi ekspozitsiyada o‘zbek kinematografiyasi rivojlanishining 6 davri haqida hikoya qiladigan 70ta fotosurat o‘rin olgan.

Siz ushbu filmlarni ham, unda rol ijro etgan aktyor va aktrisalarni ham yaxshi taniysiz.

Fotoko‘rgazmada «O‘lim minorasi», «Ikkinchi xotin», «Qasam», «Boy ila xizmatchi», «Mahallada duv-duv gap», «Toshkent – non shahri», «Shum bola», «Yettinchi o‘q», «Siz kimsiz?», «Kelinlar qo‘zg‘oloni», «Vatan», «Sabot» va boshqa bir qator badiiy filmlarning suratlarga muhrlangan lahzalari aks etgan.

-  Biz fotoko‘rgazmani ko‘rib, o‘zbek kinosiga tamal toshini qo‘yib ketgan buyuk san'atkorlarni, ustozlarimizni yana bir bor esladik. Bu filmlarning hammasi o‘zbek kinosining oltin fondini tashkil qiladi hamda yoshlar tarbiyasida ham alohida o‘rin tutadi. Bugungi festival faqat san'atkorlarniki emas, butun xalqimizniki, yoshlarniki, tomoshabinlarniki. Chunki festival doirasida juda ko‘p tarbiyaviy ahamiyatga ega  to‘liq va qisqa metrajli filmlar namoyish etiladi, - dedi O‘zbekiston xalq artisti Yodgor Sa'diyev.  

Ko‘rgazma zaliga monitorlar o‘rnatilib, unda fotosuratlar 3D shaklida namoyish etildi.

O‘zbekiston Yoshlar ittifoqi tomonidan o‘tkazilayotgan PROlogue xalqaro kinofestivali doirasidagi yirik loyihalar davom etadi.

Fotoko‘rgazma 29 noyabrga qadar bo‘lib o‘tadi.

Mavzuga oid