Light | 17:40 / 01.12.2018
18712
5 daqiqa o‘qiladi

Istanbulga Turkish Airlines’da parvoz va qiziqarli sayohat

O‘zga yurtga borib, uning tarixi, yashash tarzi, yutuqlari bilan tanishish boshqacha...  

Turkiya safari. 1- kun

“Turk havo yo‘llari”(Turkish Airlines) aviakompaniyasi o‘zbekistonlik bir guruh jurnalistlarni parvoz zavqini tuyib, dunyoning eng nufuzli aviakompaniyalaridan biri bo‘lgan kompaniyaning tizimi, uning buguni va kelajagi bilan tanishishga taklif etdi.  Hamrohlarimiz bilan A330 Airbus’iga o‘tirdik. “Biznes-klass” deya atalmish salonda aviaparvozlar uchun bugungi kun talabi qanday bo‘lishini tushunib olasiz. O‘rindiqlar siz istagan holatga kelishi mumkin, hatto yoniga joylashgan muruvvat yordamida dam olish kreslosiga ham aylanar ekan. Taomlar sifati, styuardlar tomonidan ko‘rsatilayotgan xizmatlar esa a'lo darajada. Qulayliklar og‘ushida Istanbulga qanday borib qolganimizni ham sezmay qolibmiz.

Sayohatimiz ikki qismga bo‘lingan bo‘lib, birinchi kun Istanbulning diqqatga sazovor joylari bilan tanishish bo‘lsa, ikkinchi kunga “Turk havo yo‘llari” kompaniyasidagi uchuvchilar tayyorlash markazi, xizmat ko‘rsatish va ovqatlanish joylariga ekskursiya rejalashtirilgan edi.

Birinchi kun yaxtada Bosfor bo‘g‘ozidan uzoqlashib, dengizga chiqdik. To‘lqinlari mavjlangan dengiz taassurotlari bir jahon. Ertaknamo bo‘g‘ozning barcha ko‘rinishlarini tasvirga olib zavqlanasan kishi.

Asrlar davomida go‘zalligini saqlab qolgan, mashhur Ayo Sofiya bilan tanishish asnosida ko‘hna zamin tamaddunini his qilasiz. Sayyohlar bilan to‘la Ko‘k masjid esa ulug‘vor va fayzli. Yo‘lboshlovchi (“Gid”) qadimdan so‘zlaydi. Tasavvuringizda ming yilliklar ichidagi qadim shahar va arxitektura durdonalari bilan ro‘y bergan suronli yillar gavdalanadi.

“Sulton Ahmad ko‘ftaxonasi” bizga turk milliy taomlari san'at darajasida tayyorlanishini namoyon qildi, desak mubolag‘a bo‘lmas.

Turklar o‘z tarixini hurmat qilishni ularni asrab-avaylashlari bilan isbotlab bergan. 1660 yili  Turxon Sulton tomonidan qurilgan ziravorlar bozori bunga yaqqol misoldir. Shirinlik va ziravorlar bilan dong‘i ketgan bozorni “Misr Chorsusi” deya nomlashgan.  Bu joyda ham butun dunyodan kelgan sayyohlar g‘ujg‘on. Qo‘li-qo‘liga tegmay savdo qilayotgan turk savdogarlari aynan milliy an'analarini saqlab avaylanganining “mevalarini termoqda”.  

2-kun

Matbuot xodimlari uchun “Turk havo yo‘llari” aviakompaniyasi ochiq ekan. Kompaniyaning uchuvchilar tayyorlash markazida dunyoning ko‘p davlatlari uchun mutaxassislar tayyorlanadi. Xodimlar bizning guruhni ochiq yuz bilan kutib olib, barcha jarayonni kuzatish, suratga olishga ruxsat berdi. Hatto, o‘quv samolyoti simulyatorida uchuvchi vazifasini ham bajarib ko‘rdik.

Mutaxassislar tayyorlash jarayoni, favqulodda holatlarda ekipajni qutqarish  mashg‘ulotlar zalida ham bo‘ldik.

Kompaniya vitse-prezidenti Tunjay Emino‘g‘li biz bilan matbuot anjumani ham o‘tkazib, “Turk havo yo‘llari”ning bosib o‘tgan taraqqiyot yo‘li, buguni va kelajagi haqida ma'lumotlar bilan o‘rtoqlashdi.

Vitse-prezident ikki davlat o‘rtasidagi iliq munosabatlar har tomonlama foydali bo‘layotgani, ikki davlat o‘rtasida haftasiga 10 marta aviaqatnov amalga oshirilayotgani kompaniya uchun katta mas'uliyat va muhim ekanligini  ta'kidlab o‘tdi. Kelasi yil aprel oyidan kuniga ikki marta aviaqatnovlar yo‘lga qo‘yilishi haqidagi ma'lumotlarga ega bo‘ldik.

So‘ng, “Turk havo yo‘llari” ovqatlantirish va xizmat ko‘rsatish bo‘limi Do&Co’ga borib,  jarayon bilan tanishdik.

Shunday qilib, dengiz havosidan nafas olib yashnab turgan Istanbul bilan xayrlashgach, yana aeroport, maroqli parvoz va yana qadrdon Toshkentdamiz.  

Yakun

Media-tur davomida, dini, tili bizga yaqin bo‘lgan Turkiya xalqi yashash tarzining ayrim jihatlarinigina ko‘rgan bo‘lsak kerak. Rosti, ularning insonlarga, sayyohlarga nisbatan hurmat bilan muomalada bo‘lishi bilan birgalikda, atrofini o‘rab turgan tabiatga, hayvonot dunyosiga o‘zgacha mehr bilan munosabatda bo‘lishiga havas qildik.

Elmurod Ermatov,
KUN.UZ muxbiri.
Toshkent-Istanbul-Toshkent

 

Mavzuga oid