09:02 / 02.12.2018
16850

Meksikaning yangi prezidenti o‘z inauguratsiyasi vaqtida avvalgi prezidentlar qilmagan ishni qildi

Foto: Jorge Carballo

Meksika prezidenti lavozimini bajarishga kirishgan Andres Manuel Lopes Obrador o‘z ichiga mahalliy xalqlarning urf-odatlarini olgan inauguratsiya marosimidan o‘tdi.

Inauguratsiya vaqtida meksikaliklar prezidentning ustidan shifobaxsh o‘tlar tutunini aylantirib chiqishgan. Hindular rivoyatlariga ko‘ra, bu yovuz ruhlar va yomon ko‘zlardan saqlaydi. Shundan keyin Lopes Obrador mahalliy xalqlar vakillaridan “hukmdorning muqaddas aso”ni olgan. 

Marosim Mexikodagi markaziy maydon – Sokaloda 70 mingga yaqin odam ko‘z o‘ngida bo‘lib o‘tgan. Yangi prezident milliy saroyning markaziy darvozalaridan chiqib, olomon oldiga borgan. U avvalgi prezidentlar hech qilmagan ishni qilib, erkaklar qo‘lini siqib, ayollar qo‘lini o‘pgan.

Lopes Obrador xalqaro hamkorlikda korrupsiyaga qarshi kurashuvchi davlatlarga ustunlik berishga va'da berdi.

“Pora va korrupsiya uchun jazolaydigan va halol davlatlar bilan hamkorlik qilamiz”, deb aytgan Lopes Obrador inauguratsiyasi vaqtida.

Lopes Obrador, shuningdek, CISEN razvedka xizmati tugatilishini ma'lum qilgan. U bu xizmatni avvalgi rahbariyatning siyosiy dushmanlari ortidan josuslik qilishda gumon qilgan.

“CISEN tugatiladi. Muxolifat va fuqarolar ortidan boshqa ayg‘oqchilik qilinmaydi. Razvedka endi tinchlik va milliy xavfsizlikni saqlash uchun ishlaydi”, deb aytgan yangi prezident, biroq bu ish bilan qaysi tashkilot shug‘ullanishiga oydinlik kiritmagan.

“Men Meksika xalqiga xoinlik qilmaslikka va'da beraman, biz Meksika davlat hayotini tozalaymiz”, deb va'da bergan Lopes Obrador.

Uning aytishicha, hukumatning barcha dasturlarida turli hindu halqlari uchun imtiyozlar ko‘zda tutiladi. “Bu dasturlar qaysi sinf, maydon, partiya, tashkilotga tegishli  bo‘lishiga qaramasdan, barcha meksikaliklarni, biroq birinchi navbatda nochorlarni qamrab oladi”, deb aytgan yangi prezident.

Lopes Obrador bu lavozimda 2024 yilgacha qoladi, biroq boshqaruvining 2,5 yilidan keyin xalqning unga ishonchi bo‘yicha referendum o‘tkazishga va uning natijalariga ko‘ra prezident sifatidagi keyingi taqdiri bo‘yicha qaror qabul qilishga va'da bergan.

Top