O‘zbekiston | 11:40 / 13.12.2018
14057
2 daqiqa o‘qiladi

Urganchda yana tok o‘chib qoldi. Ichimlik suvi ham yo‘q

Xorazm viloyati markazi Urganch shahrida 12 dekabr kuni soat 21:00dan boshlab elektr energiyasi, 13 dekabr soat 5:00dan boshlab esa suv ta'minotida uzilish kuzatilmoqda.

Urganch shahar elektr tarmoqlari korxonasi xodimining Kun.uz muxbiriga bergan ma'lumotiga ko‘ra, «Xorazm» nimstansiyasida yuz bergan avariya natijasida shahar elektr energiyasidan uzilib qolgan. Ayni paytda, nimstansiyada avariya holatini bartaraf qilish ishlari olib borilmoqda.

Tuyamo‘yin-Urganch MSQFB DUK ma'muriyati xabariga ko‘ra, Urganch shahar magistral suv quvurlarida rekonstruksiya ishlari olib borilayotgani munosabati bilan texnik sabablarga ko‘ra Urganch shahri va Urganch tumanida suv ta'minoti to‘xtagan.

Ichimlik suvi ta'minotidagi uzilish 13 dekabr kuni soat 05:00dan tungi 24:00ga qadar davom etadi.

Eslatib o‘tamiz, shu yilning 25-26 noyabr kunlari ham Xorazm viloyatida tok o‘chib qolgandi. 26 noyabr kuni kun davomida Xorazm viloyatining nafaqat tumanlarida, balki viloyat markazi Urganchda ham elektr ta'minoti bo‘lmagani oqibatida savdo va pulli xizmat nuqtalarida terminallar ishlamagan, zaxira generatorlar o‘rnatilmagan aksariyat banklarda to‘lovlar o‘tmagan, butun boshli tekstil fabrikalari, oziq-ovqat ishlab chiqarish sexlari faoliyatini to‘xtatgandi.

Mavzuga oid