O‘zbekiston terma jamoasining yana bir a'zosi Yaponiya klubiga o‘tdi
O‘zbekiston olimpiya terma jamoasi safida Osiyo chempioni bo‘lgan himoyachi Doston Tursunov Yaponiyaning «Renofa» klubi bilan shartnoma imzoladi. Bu haqda Yamaguchi prefekturasi jamoasining rasmiy saytida xabar berilgan.
Bitim ikki yilga mo‘ljallab imzolangan, ya'ni tomonlar 2020 yil oxiriga qadar hamkorlik qilishga kelishib olishgan.
«Renofa Yamaguchi» Yaponiya ikkinchi divizioni vakili hisoblanadi. Klub yakunlangan mavsumda 22 jamoa orasidan 8-o‘rinni egalladi.
Ma'lumot uchun, 23 yoshli Doston «Neftchi», «Qo‘qon-1912» va «Metallurg» kabi klublar sharafini himoya qilgan. 2018 yilgi mavsumni u farg‘onaliklar tarkibida o‘tkazdi. Tursunov O‘zbekiston terma jamoasining Osiyo Kubogi oldidan Turkiyada o‘tkazilayotgan so‘nggi yig‘iniga jalb etilgan.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston termasining boshqa bir a'zosi Fozil Musayev ham Yaponiya chempionatida ishtirok etadi: u ikki yildan buyon Jyey-ligada «Jubilo Ivata» sharafini himoya qilib kelmoqda. Shuningdek, o‘tgan hafta yarimhimoyachi Ikrom Aliboyev «Lokomotiv»dan Janubiy Koreyaning «Seul» klubiga o‘tgan edi.