O‘zbekiston | 23:49 / 20.12.2018
17488
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonlik yosh arxitektor “TURKISTAN ARCHITECT AWARDS” xalqaro tanlovi g‘olibi bo‘ldi

O‘zbekistonlik yosh arxitektor Taxmina Turdialiyeva o‘zining “Yoshlar Saroyi” dizayn loyihasi bilan “TURKISTAN ARCHITECT AWARDS” xalqaro tanlovi g‘olibi bo‘ldi. 

Mazkur loyiha asosidagi inshoot yaqin kelajakda Qozog‘istonning Turkiston shahrida bunyod etilishi rejalashtirilgan. “Yoshlar saroyi” dizayn loyihasining qurilish hajmi 5000 kvadrat metrni tashkil etib, bino dizayni ham zamonaviy, ham milliy tusda loyihalashtirilgan. 

“TURKISTAN ARCHITECT AWARDS” xalqaro tanlov Qozog‘iston hukumati tomonidan 2017 yil Turkiston shahri “Turkiy xalqlar madaniy markazi” deb e'lon qilinganligi munosabati bilan hamda shaharni obodonlashtirish maqsadida e'lon qilingan. Tanlov 15 ta yo‘nalishdan iborat bo‘lib, yakuniy natija sifatida faqat 10 ta loyiha g‘oliblikka munosib deb topildi. 

Taxmina Turdialiyeva Toshkent arxitektura-qurilish institutining iqtidorli talabasi sifatida 2012 yil “O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Davlat stipendiyasi” sovrindori, 2012 yil Respublika dizayn Olimpiadasi g‘olibi bo‘lgan. Shuningdek, shaxmat bo‘yicha xalqaro toifadagi hakam unvoniga egadir. Shu bilan birga, O‘zbekistonda o‘tkazilgan shaxmat bo‘yicha ko‘plab nufuzli musobaqalar dizayn loyihalari muallifidir. U hozirda Xitoyning Shenjyen shahridagi “Cube Design Architects” arxitektura kompaniyasida arxitektor sifatida faoliyat yuritmoqda. 

Mavzuga oid