Foto: Buxoro shahri markazidagi daraxtlar «kal» qilindi
Ijtimoiy tarmoqda Buxoro shahri markazida, Ark qo‘rg‘oni oldidagi daraxtlarning bir qismi kesilib, bir qismi kallaklangach hosil bo‘lgan xunuk manzara tasvirlari tarqaldi. Daraxtlarning shoxlari kesilgan va ular simsiz simyog‘ochga aylantirib qo‘yilgan.
Ayrim suratlarda manzara yanada qo‘rqinchli ko‘rinish olgan.
Blogerlar, jurnalistlar va ijtimoiy tarmoqning boshqa foydalanuvchilari bu holatni keskin qoralashmoqda. Ular bunday choralar daraxtlarni o‘ldirishini, buning oqibatida shahar yozda chidab bo‘lmas jazirama hududga aylanishini, Buxoroning so‘lim joylaridan biri Toshkentning bir vaqtlar sersoya bo‘lgan Amir Temur xiyoboni singari vayron qilinayotgani haqida yozishmoqda.
«Buxoro bunday johilliklardan eng ko‘p zarar ko‘rayotgan shahar. Hozir shaharda yashillik qolmadi», deydi ulardan biri.
«Bizga musaffo osmonni shunday qilib ko‘rsatishmoqchi», deya kinoya qilingan izohlardan birida.
«Bu sayyohlarni jalb etish uchunmi?», deya savol qo‘yadi ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilaridan biri.
Shu bilan birgalikda vahima ko‘tarmaslik so‘ralgan munosabatlar ham bor.
«Barcha mutaxassisga aylanadi. Avval yoz kelsin, keyin gapiring», deydi shundaylardan biri.
Shuningdek, bunday amaliyot boshqa davlatlarda ham, masalan, Rossiya va Ukrainada ham mavjudligi, lekin u yerdagilar ayyuhannos solishmasligi aytib o‘tilgan.
Buxoro viloyati hokimligi ijtimoiy tarmoqlardagi muhokamalarga munosabat bildirdi. Ma'lum qilinishicha, Buxoroda aslida «daraxtlarga shakl berish ishlari» bajarilmoqda va hozirda ushbu hududni xushmanzara hududga aylantirish choralari ko‘rilmoqda.
«Bu kabi tadbirlar respublikamiz bo‘ylab amalga oshirilmoqda. Bundan ko‘zlangan maqsad ko‘p yillik daraxtlarni yoshartirish, ularga yangi hayot bag‘ishlash.
Buxoro shahrining qadimiy Ark qo‘rg‘oni oldidagi daraxtlar o‘tgan asrning 50-yillarida ekilgan bo‘lib, shundan so‘ng qarovsiz ahvolda qolgan. Natijada daraxt shoxlari har tomonga o‘sib, xunuk manzara kasb etgan edi. Shaharning eng ko‘p turistlar tashrif buyuradigan hududida joylashgan mazkur bog‘ har yili kuz va qish mavsumlarida ko‘plab qushlar uchun boshpana vazifasini bajarardi. Bu esa o‘z navbatida xududda antisanitar holatlarni yuzaga keltirib, mahalliy aholi vakillarining ham haqli e'tiroziga sabab bo‘layotgandi.
Bugungi kunda ushbu dam olish maskani hududiga chim (gazon) ekib, xushmanzara holatga keltirish choralari ko‘rilmoqda. O‘z navbatida quyosh nuri bo‘lmasa, chimni (gazon) o‘stirish mutlaqo imkonsiz ish. Tabiiyki, daraxt shoxlarining shaklga keltirilishi bu jarayonga o‘zining ijobiy ta'sirini o‘tkazadi», deyiladi hokimlikning Kun.uz ga bergan izohida.
Ijtimoiy tarmoqdagi izohlarda yozilishicha, bu yerda hovuz qazib, fontan o‘rnatish, uning atrofida restoran qurish ham rejalashtirilgan.
Mavzuga oid
12:01 / 09.11.2024
Buxoroda 16 yoshli bola o‘nlab shaxslar nomiga kredit olib, onlayn qimorga tikib yubordi. U qamoqqa olingan
12:22 / 08.11.2024
Buxoroda Xitoy ishtirokida sanoat parki barpo etiladi
11:34 / 06.11.2024
Buxoroda 1 mlrd so‘mdan ziyod elektrdan noqonuniy foydalangan tadbirkor aniqlandi
15:04 / 03.11.2024