15:52 / 01.01.2019
10095

«Bog‘chalar loyihasi tipovoy emas, takrorlanmas bo‘lishiga erishishimiz kerak» - Agrippina Shin

O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha ta'lim vaziri Agrippina Shin Kun.uz’ga bergan intervyusida 2021 yilgacha barcha bolalar maktaboldi ta'limi bilan qamrab olinishini ta'kidlab o‘tdi.

— Yana bir narsani alohida qayd etib ketmasam bo‘lmaydi. Ayni paytda Toshkent shahri, Farg‘ona viloyati va Qoraqalpog‘iston Respublikasida nishona loyiha sifatida 6 yoshli bolalarni haftada 5 kun 3,5 soatdan bepul o‘qitish yo‘lga qo‘yilmoqda…

— Bu maktabga tayyorlash uchun bo‘lsa kerak?

— Ha. Ko‘pchilik hozir buni unchalik tushunmayapti. Bu o‘zi nega kerak, degan fikrlar ham bo‘lyapti. Ayni paytda 1-sinfga qabul qilingan bolalarning bilim darajasi juda farqlanadi. Kimdir xususiy tayyorlov kurslariga borgan, kimdir qisqa guruhlarga… Hattoki bolalar bog‘chasiga bormagan bolakay esa o‘qishdan ortda qola boshlaydi. Chunki bolada motivatsiya yo‘qoladi, boshqa tengdoshlari darajasiga chiqishdan ko‘ngli soviydi va o‘sha past darajada qolib ketadi. Aksincha, yaxshi tayyorgarlikka ega bo‘lgan bola bolalar bog‘chasiga ham bormagan tengdoshlari ichiga tushib qolsa, u bor bilimini to‘g‘ri sarflay olmasdan, pasayishga ketadi.

Shu nuqtai nazardan, bir yillik, bepul maktaboldi ta'limi bolalarimizning bir xil darajada bilim olishlari imkonini beradi. Ularning barchasi 1-sinfda ta'lim olishga bir xil chog‘langan bo‘ladi.

— Ya'ni, tizim butun mamlakat bo‘ylab qo‘llaniladi?

— Albatta. 2021 yilga borib 6 yoshdan 7 yoshgacha bo‘lgan bolalarning 100 foizi majburiy ta'lim bilan qamrab olinadi. Sizning ko‘zingizdagi savollardan uqib olyapmanki, bolasi kun bo‘yicha bog‘chada bo‘lishini istagan ota-onalar nima qiladi, degan savol bor. Ular qo‘shimcha to‘lov evaziga bolasining kun bo‘yi bog‘chada bo‘lishiga erishishadi.

— Yana bir muammoli masala haqida gaplashsak: Toshkent shahridagi va viloyatlardagi bog‘chalar o‘rtasida katta farq bor. Aytaylik, qishki mavsumda isitish masalasida. Elektr va gaz ta'minoti, deganlaridek. Bularning barchasi mahalliy hokimiyat organlarining gardanida, tushunamiz. Yoki vazirlik ham buni hal qilishda ishtirok etyaptimi?

— Kuz-qish mavsumiga tayyorlashda asosiy funksiyani mahalliy hokimiyat organlari o‘z zimmasiga oladi, albatta. Lekin vazirlik ham qarab o‘tirmaydi. Biz monitoring yuritamiz. Kuzatamiz, nazorat qilamiz. Chunki hukumatimiz tomonidan donorlik yordamlari muntazam ajratilib turibdi. Mavjud infratuzilma chindan ham tashvishlanarli.

Prezidentning 3955-sonli qarorida bir narsaga alohida urg‘u berilgan: unda biz uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi bilan birga ichimlik suvi, isitish, qishga tayyorgarlik ko‘rish masalalarni muhokama qilganmiz va bu ishlarning bir qismini vazirlik o‘z zimmasiga olishi mumkin.

Chiroyli bino turgan bo‘lsa-yu, u to‘laqonli isitilmasa foydali ish koeffitsiyenti past bo‘ladi. Bolalarning to‘g‘ri va sog‘lom rivojlanishlari uchun barcha sharoitlarni hozirlash, jumladan sovuq fasllarda ularni issiq saqlash uchun harakat qilishimiz kerak.

Maktabgacha ta'limni rivojlantirish strategiyasi ishlab chiqilmoqda, u deyarli tayyor bo‘lib qoldi. Biz uzoq muddatli — 5 yilga va qisqa yaqin bir yil uchun rivojlanish konsepsiyasi ham ishlab chiqilgan.

Masalan, 2019 yil uchun maktabgacha ta'limni rivojlantirishning strategik vektori birinchi navbatda ta'lim berishning sifatini oshirishga qaratiladi. Bu yerda biz birinchi navbatda materiallarning metodik, didaktik ishlanmasiga, multimediyali kontentni ishlab chiqish va joriy etishga qattiq e'tibor beramiz. 

Rossiyaning maktabgacha ta'lim sohasidagi yetakchi oliygohlaridan biri bo‘lgan Sankt-Peterburgdagi Gertsen nomidagi universitet bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘ydik. Biz ham bu sohada ilmiy tadqiqot ishlari bilan shug‘ullanamiz, mavjud muammolarni tadqiq etib, uni yechishning ilmiy yo‘llarini axtaramiz.

— 2022 yilgacha maktabgacha ta'lim bilan bolalar 100 foiz qamrab olinadi, deb ayta olasizmi?

— 2022 yilgacha 6-7 yoshlilar 100 foiz qamrab olinadi. Lekin maktabgacha yoshdagi 2,5 milliondan ortiq bolalarning barchasini 100 foiz qamrab olish uchun yaqin o‘n yil vaqt kerak bo‘ladi. Ayni paytda 2,5 million bolaning 920–940 ming nafari qamrab olingan. Aniqrog‘i, biz 2031 yilga borib bu marraga erishishni mo‘ljallayapmiz. Agar ishlarni to‘g‘ri va sifatli yo‘lga qo‘ya olsak, bu natijaga ertaroq ham erishishimiz mumkin.

— Strategiyadagi qiziqarli jihatlar haqida o‘rtoqlasha olasizmi?

— 2019 yildagi maqsadlarimizdan biri biz o‘zimizning innovatsion markazimizni tashkil etmoqchimiz. Bu pedagogik ustaxona va pedagogik kadrlarni tayyorlash uchun ilmiy laboratoriya bo‘ladi. Bu yerda multimediyali kontentlar ham tayyorlanadi.

Bizning qurilishga ham ma'lum bir talablarimiz va e'tirozlarimiz bor. Shuning uchun bizning vazifamiz yangi bog‘chalarning loyihalarini, qurilishini monitoring qilishdan ham iborat bo‘ladi. Hozir hamma yoqda bog‘chalar bir tipli. Biz ularning barchasi takrorlanmas, turli-tuman va o‘ziga xos bo‘lishini istaymiz. Har bir bolaning xotirasida o‘zining jonajon bog‘chasi — bolaligidagi ertaknamo qasri saqlanib qolishi kerak.

Chunki bolalik qaytib kelmaydi, shuning uchun bu davrdan bolalarimizning intellektual qobiliyatlarini o‘stirishda eng ko‘p manfaatni «sug‘urib» olishimiz kerak. Chunki XXI asrning zamonaviy bolasi O‘zbekistonning mitti fuqarosidir, u o‘zining dunyosiga ega. Kattalardan farqli o‘laroq, bu jajji bolakay allaqachon shakllanib bo‘lgan shaxsdir va u o‘z «meni» bilan bizning hududga kirib keladi. Aynan maktabgacha yoshdagi bola kelajakka yaxshi chog‘langan bo‘ladi. Ular jasur, ular dunyoni yaxshiroq qilishga chog‘langan, ular mehribon. U jajji vatanparvar, u o‘zining Vatanini, oilasini, o‘z do‘stlarini sevadi. Shu yoshdagi istalgan boladan «kim bo‘lmoqchisan», deb so‘rasangiz u ikkilanmasdan kim bo‘lishni istayotganini aytadi. Ya'ni, ular boshqa yoshdagilarga xos bo‘lmagan ma'lum bir submadaniyat tashuvchisidir.

To‘liq intervyu (rus tilida):

Video: Mover (tas-ix)

Video: Youtube

Ruslan Ramazanov suhbatlashdi.

Top