O‘zbekiston | 08:59 / 16.08.2021
7917
2 daqiqa o‘qiladi

Paxtachida MTB mansabdorlari yarim mlrd so‘mdan ortiq mablag‘ni talon-toroj qilgani aytildi. Vazirlik munosabat bildirdi

Foto: KUN.UZ

Ijtimoiy tarmoqlarda Samarqand viloyati Paxtachi tumanida maktabgacha ta'lim bo‘limi mansabdor shaxslari yarim mlrd so‘mdan ortiq mablag‘ni talon-toroj qilgani aytildi. Maktabgacha ta'lim vazirligi axborot xizmati holatga munosabat bildirdi.

Munosabatda yozilishicha, Paxtachi tumanida maktabgacha ta'lim mansabdorlari budjet mablag‘ini o‘zlashtirgani haqida xabar eski bo‘lib, u ijtimoiy tarmoqlarda 2019 yilda tarqalgan. Mazkur xabar yuzasidan Bosh prokuratura huzuridagi iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti Samarqand viloyat boshqarmasi xodimlari 2019 yil 14 oktyabrdan 22 oktyabrgacha tekshiruv ishlari olib borgan.

Tekshiruvda budjet mablag‘ida kamomadlar yo‘qligi, davlat xaridlari to‘g‘risidagi qonun talablari buzilmagani, xarid qilingan moddiy tovar-boyliklar o‘z o‘rnida ishlatilgani, bo‘lim tomonidan kirim qilinmagan tovarlarga to‘lov o‘tkazilmagani aniqlangan.

Bundan tashqari, ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan xabarda «Sarkor oltin go‘zali» MChJga tumandagi maktabgacha ta'lim tashkilotlariga gaz plitasi yetkazib berish uchun pul o‘tkazilgani haqidagi to‘lov kvitansiyasi rasmi aks etgan. Holat o‘rganilganda unda ko‘rsatilgan bosh hisobchi M.E. 2019 yilda bu tizimda faoliyat ko‘rsatmagani aniqlangan. Qolaversa, maktabgacha ta'lim tashkilotlari to‘g‘ridan to‘g‘ri pul o‘tkaza olmasligi tufayli to‘lov varaqasi soxta yasalgani va hech qanday asosga ega emasligi ma'lum bo‘lgan.

Qayd etilishicha, ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan xabar tasdiqlanmagani uchun o‘sha paytda bu haqdagi xabar ayrim saytlardan o‘chirilgan.

«Veb-saytlar va blogerlarga axborotni tarqatishdan avval tekshirib ko‘rishlarini so‘rab qolamiz», deyiladi munosabatda.

Mavzuga oid