O‘zbekiston | 17:11 / 17.01.2019
10480
2 daqiqa o‘qiladi

Endi «kirish» yig‘imini virtual terminallar orqali to‘lash mumkin

Foto: KUN.UZ

Markaziy bank Boshqaruvi va Davlat bojxona qo‘mitasi tomonidan tasdiqlangan qaror bilan Xorijiy davlatlar avtotransport vositalarining O‘zbekiston Respublikasi hududiga kirganligi hamda tranzit o‘tishi uchun yig‘imlarni undirish tartibi to‘g‘risidagi nizomga tuzatishlar kiritildi. Bu haqda Norma yozmoqda.

Eslatib o‘tamiz, xorijiy davlatlar avtotransportining mamlakatimiz hududiga kirganligi hamda tranzit o‘tishi uchun yig‘imlar tegishli bojxona postlarida tashkil qilingan tijorat banklarining maxsus kassalariga to‘lanadi.

2019 yilgi yig‘imlarning stavkalari prezidentning 26.12.2018 yildagi PQ–4086-son qarori bilan tasdiqlangan. To‘lovlar naqd pulsiz va naqd shaklda amalga oshirilishi mumkin.  

Nizomga kiritilgan qo‘shimchalar bilan bank kartalari va virtual terminallar (Ye-ROS) orqali amalga oshiriladigan to‘lovlarni tasdiqlash mexanizmi belgilandi.

Ma'lumot uchun: virtual terminallar (Ye-ROS) bank plastik kartasini amalda qo‘llamay (masalan, mobil ilovalar, virtual bank kartalari vositasida) tovarlar, ishlar va xizmatlar uchun elektron to‘lovlarni amalga oshirish imkonini beradi. Ular shunga o‘xshash nazorat-kassa mashinalari va hisob-kitob terminallariga tenglashtiriladi.

To‘lovlar bank kartalari orqali qabul qilinganda to‘lovchiga to‘lov to‘langanligi haqidagi kvitansiya bilan birga elektron slip (kvitansiya)ning bir qismi beriladi, uning boshqa qismi kassada qoladi. 

Avtotransport egasi yig‘imni virtual terminallar yoki boshqa elektron to‘lov vositalari orqali to‘lasa, elektron chek yoki to‘lov amalga oshirilganini tasdiqlovchi boshqa elektron hujjat oladi.

Hujjat 15.01.2019 yildan kuchga kirdi.

Mavzuga oid