Iqtisodiyot | 23:51 / 25.01.2019
45404
6 daqiqa o‘qiladi

Davlat soliq qo‘mitasining QQS bo‘yicha rasmiy axboroti

O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasining Jamoatchilik bilan aloqalar va huquqiy axborot bo‘limi rasmiy axborot tarqatdi.

Qo‘shilgan qiymat solig‘ining “zanjiri”ni shakllantirish orqali qo‘shilgan qiymat solig‘i to‘lovchisi bo‘lgan va bo‘lmagan soliq to‘lovchilar o‘rtasida kooperatsiyani tashkil etish hamda soliq solishning soddalashtirilgan tartibini qo‘llayotgan soliq to‘lovchilar tomonidan ixtiyoriy ravishda qo‘shilgan qiymat solig‘ini to‘lashga o‘tish masalalari yuzasidan tushayotgan savollar va takliflarni inobatga olib, Davlat soliq qo‘mitasi quyidagilarni ma'lum qiladi.

I. Ixtiyoriy ravishda qo‘shilgan qiymat solig‘ini to‘lashga o‘tish

Soliq kodeksining 354-moddasiga asosan, agar yagona soliq to‘lovini to‘lovchilar ushbu Kodeksning 199-moddasiga muvofiq, QQS solinadigan oborotni amalga oshirsa, QQSni ixtiyoriy asosda hisobot davri boshlanishidan kamida bir oy oldin ro‘yxatda turgan davlat soliq inspeksiyasiga yozma bildirish orqali amalga oshirishlari belgilangan.

Shuningdek, Soliq kodeksining 351-moddasida soliq to‘lovchilar yagona soliq to‘lovini to‘lash o‘rniga ixtiyoriy ravishda umumbelgilangan soliqlarni to‘lashga o‘tishi uchun hisobot davri tugaganidan so‘ng o‘n kun ichida davlat soliq xizmati organlariga bu to‘g‘risida yozma bildirish berib, keyingi hisobot davridan boshlab, umumbelgilangan soliqlarni to‘lashi mumkin.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2016 yil 5 oktyabrdagi PF-4848-sonli Farmoniga asosan moliya-xo‘jalik faoliyatini amalga oshirishda birinchi marta huquqbuzarliklar sodir etgan tadbirkorlik sub'yektlari va ularning xodimlari yo‘l qo‘yilgan qonunbuzarliklarni qonun hujjatlarida belgilangan muddatlarda ixtiyoriy ravishda bartaraf etgan va yetkazilgan moddiy zararni qoplagan taqdirda, ma'muriy va jinoiy javobgarlikdan, jarimalar va moliyaviy sanksiyalar qo‘llanilishidan ozod etiladi.

Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 20 dekabrdagi majlis bayoni bilan berilgan topshiriqlar talabidan kelib chiqib, 2019 yil 10 aprelga qadar:

Birinchidan – soliq solishning soddalashtirilgan tartibini qo‘llayotgan soliq to‘lovchilar (yagona soliq to‘lovi va yagona yer solig‘i to‘lovchilari) ixtiyoriy ravishda QQSni to‘lashga o‘tish yuzasidan soliq to‘lovchi hisobga qo‘yilgan joydagi davlat soliq xizmati organiga yozma bildirish taqdim etgan oydan keyingi oyning boshidan ixtiyoriy ravishda QQSni (faqatgina QQSni hisoblab chiqarish va to‘lashning umumbelgilangan tartibida) to‘lashga o‘tishi mumkin.

Bunda QQS to‘lovchilar uchun yagona soliq to‘lovi summasi budjetga to‘lanishi lozim bo‘lgan QQS summasiga, lekin yagona soliq to‘lovi summasining 50 foizidan ko‘p bo‘lmagan miqdorga kamaytirish tartibi saqlanib qolinadi. Ushbu tartib yagona yer solig‘i to‘lovchilariga nisbatan tatbiq etilmaydi.

Ikkinchidan – soliq to‘lovchilar yagona soliq to‘lovini to‘lash o‘rniga ixtiyoriy ravishda umumbelgilangan soliqlarni to‘lashga o‘tishi bo‘yicha ro‘yxatdan o‘tgan davlat soliq xizmati organiga yozma bildirish taqdim etgan oydan keyingi oyning boshidan umumbelgilangan soliqlarni to‘lash tartibiga, shu jumladan, QQSni (faqatgina QQSni hisoblab chiqarish va to‘lashning umumbelgilangan tartibida) to‘lashga o‘tishiga ruxsat beriladi (mol-mulkni ijaraga beruvchi xo‘jalik yurituvchi sub'yektlar bundan mustasno).

II. Qo‘shilgan qiymat solig‘ini hisoblab chiqarish va to‘lashning soddalashtirilgan tartibiga o‘tish

Soliq kodeksining 2261-moddasiga asosan QQSni hisoblab chiqarish va to‘lashning soddalashtirilgan tartibiga o‘tish uchun soliq davri davomida yalpi tushumi 3 mlrd. so‘mdan oshmaydigan yuridik shaxslar soliq bo‘yicha hisobga olish joyidagi davlat soliq xizmati organiga yozma xabarnomani taqdim etishi belgilangan.

Soliq to‘lovchilar QQSni hisobga olish mexanizmining afzalliklarini oxirigacha hisob-kitob qilmasdan, soddalashtirilgan QQS rejimini qo‘llashga intilmoqda. Buning natijasida QQSning “zanjiri” QQS to‘lovchi bo‘lgan mol yetkazib beruvchilar bilan uzilmoqda va ularning iqtisodiy ko‘rsatkichlariga hamda sun'iy narxlarning ko‘tarilishiga olib kelishi kuzatilmoqda.

Shunga ko‘ra, QQSni hisoblab chiqarish va to‘lashning soddalashtirilgan tartibini qo‘llash yuzasidan yozma bildirish taqdim etgan har bir soliq to‘lovchi bilan hududiy davlat soliq xizmat organlari rahbarlari shaxsan suhbat o‘tkazadi, QQSning soddalashtirilgan va umumbelgilangan tartiblaridagi farqlari hamda hisobga olish mexanizmining afzalliklarini tushuntirish orqali QQS standart rejimini tanlashiga e'tibor qaratiladi.

Mavzuga oid